Ko‘p bolali oilalarning huquqiy maqomi aniq belgilanyapti

O‘zbekiston 11:18 / 23.05.2020 8545

Ko‘p bolali oilalarning huquqiy maqomini aniq belgilash, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida ushbu tushunchaning bir xilda qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Hozirda qonun loyihasi quyi palataning Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda. Yaqin kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisiga kiritilishi rejalashtirilmoqda.

Loyiha muhokamasiga bag‘ishlangan Ishchi guruhi yig‘ilishida qo‘mita a'zolari tomonidan qonun loyihasi muhokama etildi.

Loyihada O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga “ko‘p bolali oila” tushunchasi va uning huquqiy maqomini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda. Unga ko‘ra, ota-ona yoki ulardan biri bilan birga yashayotgan to‘rt va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, shuningdek kunduzgi ta'lim shaklida ta'lim olayotgan yigirma ikki yoshga to‘lmagan bolalari bo‘lgan oilalar ko‘p bolali oilalar hisoblanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining
436-moddasi, Mehnat kodeksining 68-moddasi va “Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasi Oila kodeksiga kiritilishi taklif etilayotgan qo‘shimchaga muvofiqlashtirilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotidagi turli xil yondashuvlar bartaraf etilishiga, davlat himoyasiga muhtoj bo‘lgan ko‘p bolali oilalarga ijtimoiy adolat prinsipi asosida imtiyozlar berilishiga, xususan turar joy, yer ajratish, soliq to‘lovlari va boshqa bir qator imtiyozlardan keng foydalanishga huquqiy asos yaratadi hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi, deyiladi parlament saytida. 

Ko‘proq yangiliklar: