Kun.uz muxbiri film rejissyori Jahongir Ahmedov bilan «Ilhaq» va uning atrofidagi fikrlar hamda o‘zbek kinosiga oid boshqa mavzular yuzasidan suhbatlashdi.
— Xalq uchun va turli tanlovlar uchun suratga olinadigan mualliflik kinolari bo‘ladi. Birinchisi tushunarli. Ikkinchi yo‘nalishda ijodkor ko‘proq o‘zi o‘ylagan falsafani, fikrlarni kinoda aks ettiradi. “Ilhaq”ni ko‘proq xalq uchun olingan kino deb tasavvur qildim.
— Haqsiz. Jurnalistlar tomonidan rejissyorlarga deyarli berilmaydigan savol bilan murojaat qilyapsiz. Oxirgi paytda o‘zbek kinosida filmlar shunday toifalarga ajralib qoldi – kassabop (tomoshabinbop) film yoki mualliflik filmlari. Mualliflik filmlari oddiy tomoshabinga uzoqroq, ularga tushunarsizroq, festivallarda qatnashish uchun falsafiy g‘oyalarni o‘rtaga tashlovchi filmlar bo‘ladi. Xos davralar uchun yaratiladi.
Ammo mening xayolimda doim bir fikr bor – film uchun yaxshi va yomon degan kategoriya bo‘lishi kerak. Yaxshi filmni tomoshabin ham tushunishi kerak. Uni festivallarda ham namoyish eta olish kerak. Ikkiga ajragan toifadagi filmlarga qarshi emasman, lekin men “Ilhaq”da o‘z oldimga qo‘ygan vazifa oltin o‘rtalikni topa olish edi. Ramzlarga qo‘yilgan yuklamalarni tomoshabin ham “o‘qiy olishi” kerak. Misol uchun, filmdagi belbog‘ ramzi. Bu nafaqat Zulfiya opaning qadriyati yoki falsafasi, balki butun millatimizning falsafasi, millatning umuminsoniy qadriyatlarga munosabatini aks ettirgan ramz, deb hisoblayman. Mana shu milliy ramz kinoni tahlil qiluvchi xos davralar uchun ham, eng oddiy tomoshabin uchun ham tushunarli, ham ta'sirli. Ramzlar faqatgina fikr, falsafa uchun xizmat qilsa, bunday ramzlarga ijodkor sifatida qarshiman. Ramzlar filmning g‘oyasini ochish bilan birga tomoshabinga o‘zining emotsional ta'sirini o‘tkazib, uni larzaga sola olishi kerak. Belbog‘ning film yakunida kelinlar tomonidan bog‘lanishi, belbog‘ kulminatsiyasini mutaxassislar ham, tomoshabinlar ham e'tirof etishyapti. “Ilhaq”ni mualliflik filmi va tomoshabop filmlar o‘rtasidagi oltin o‘rtalikni topishga urinish deb baholash mumkin.
— Hozir beradigan savolim san'at sohasi vakillari orasida yuz yillardan buyon bahsli. Yaxshi kino xalqning fikri, xalqqa ergashib yaratilishi kerakmi yoki xalq uning ortidan ergashishi kerakmi? Bu borada Jahongir Ahmedovning fikri qanday?
— Bu borada rejissyor sifatida mening haqiqatim shunday – film tomoshabinni o‘z ortidan ergashtira olishi kerak. Lekin avvalo film ijodkorlari xalqning ortidan ergashgan bo‘lishi kerak. Ya'ni biz xalqning ichida bo‘lishimiz, xalqning dardini anglay olishimiz kerak. Yuragimiz o‘zbekcha urib turgan bo‘lishi kerak. Tilimiz o‘zbekcha gapirishi mumkin, tashqi ko‘rinishimiz o‘zbekona bo‘lishi mumkin, boshda do‘ppi bo‘lishi mumkin, lekin, ming afsuski, yuragimiz o‘zbekcha urmasligi mumkin. Ijodkorning yuragi o‘zbekcha urib turgan bo‘lsa, uning filmi haqiqiy ma'noda xalqni o‘z ortidan ergashtira oladi. Bu mening haqiqatim. Har qanday ulug‘ falsafa, g‘oyaning yuragi o‘zbekcha dukillamasa, u xalqni o‘z ketidan ergashtira olmaydi. Har qanday filmda ham birinchi o‘rinda milliylikni markazga qo‘yib olish kerak.
— «G‘arbda kinolar orqali avval insonning ongiga, keyin yuragiga ta'sir qilinadi. Bizda esa avval yurakka, keyin ongga kiriladi», – degan edi kino rejissyor Shuhrat Abbosov.
— G‘arb tomoshabini har qanday hissiyotni avval ongi, keyin yuragi bilan qabul qiladi. Biz o‘zgachamiz. Avval yuragimiz bilan qabul qilamiz, yuragimiz bundan ta'sirlansa, ongga qadar yetib boradi. Aslida ikki ta'sir vositasi ham muhim. Inson tamaddunidagi ma'naviy immunitetni badiiy asarlar beradi. Berishga majbur. Ko‘zga ko‘rinmaydigan ma'naviy viruslar bor, ularga qarshi tura oladigan immunitet vazifasini badiiy ijod o‘z zimmasiga olishi kerak.
— Yaxshi kinolar yaralishida yaxshi adabiyotning o‘rni juda katta. Bugungi kino san'ati bilan adabiyotning bir-biriga mutanosibligi borasida fikringiz qanday?
— Bugun biz oilani ajratib qo‘yib, ulardan farzand kutayotganga o‘xshaymiz. Ular ayro holda.
— Demak, kino va adabiyot bir-biridan uzilib qolgan, demoqchisiz?
– Albatta. Ma'lum bir muddat uzildi. Hozir qandaydir aloqalar tiklangani rost. Adabiyot kino, teatr san'ati bilan bir tan-u bir jon bo‘lib ishlamas ekan, yetuk asarlarni kutishning o‘zi mantiqsiz.
— Muammo qayerda – yaxshi asarlar yozilmayotganidami yoki bog‘liqlik rishtalari uzilganidami?
— Xalq haligacha “O‘tkan kunlar”, “Shum bola” asarlarini qalbida asraydi. Klassik asarlarning asosida kuchli badiiy asar turibdi. “O‘tkan kunlar” o‘zbek romanchiligi asoschisi Qodiriy qalamiga mansub. Bu bugungi kinoga yetmayotgan eng asosiy jihatlardan biri.
Bu yerda har ikki muammo ham – yaxshi asarlar yaratilmayotgani ham, unga murojaat qilinmayotgani ham bor. Yaxshi asar yozilsagina rejissyor unga e'tibor qaratadi-da, degan xulosani ham berish mumkin. Rejissyor yozuvchilar bilan hamkorlik qilishni boshlasa, shunday kinolar vujudga keladi-da, degan fikr ham bor. Yirik kinoijodkorlar yozuvchilarning davrasida bo‘lishgan. Yoki yozuvchilar kinoijodkorlar ichida bo‘lishgan.
— Mavjud manbalar va ulardan foydalanib yaxshi kino qilina olinmayotgani-chi?
— Kino va adabiyot o‘rtasidagi uzilishga nima sabab bo‘lganini bilmayman. Hozir o‘zim va men mansub bo‘lgan avlod haqida gapiryapman. Katta avlod kinoijodkorlarining adabiyot bilan hamkorligi davom etgan. Misol uchun, “Ilhaq” filmi. Uning uchun badiiy asos ustoz yozuvchilardan Alinazar Begimnazarovning “Besh jangchining onasi” degan asarlari hisoblanadi. Qahramonlar xarakteri, g‘oyaviylik, avvalo badiiy asosda shakllangan bo‘lishi kerak. “Ilhaq”ning qay ma'nodagi muvaffaqiyatini “Besh jangchining onasi” asari bilan bog‘layman. Kinoni badiiy asos bilan bog‘lash qanchalik muhimligini o‘z tanasida his qilib ko‘rgan rejissyor sifatida gapiryapman. O‘zim maqsad qilgan narsa – hozir shakllanayotgan yosh ijodkorlarning hikoyalaridan tortib, romanlarigacha o‘qib chiqishim shart deb hisoblayman.
— Qozoqlar To‘maris obrazini kino qilishdi. Kino orqali xalq qahramonni o‘ziniki deb qabul qila boshlaydi. Ya'ni biz bor manbalarimiz bilan ham ishlamasak, ularni yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin...
— Bizning regionda joylashgan 3-4 millat To‘marisning qandaydir asoslar bilan o‘ziga tegishligini his qiladi. Chunki, bilamiz, u davrda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman degan millatlar hali bo‘lmagan. Shu jihatdan, qozoq qardoshlarimizga bizning qahramonimizni qaytarib ber, deb bosh ko‘tarishimiz adolatsizlik bo‘lishi ham mumkin. Bu bir tomoni. Ikkinchi tomonda, ularning To‘maris obrazini film qilgani biz bu qahramonni boshqa tilga olmasligimiz kerak, degani emas. O‘z film va spektakllarimizni qilishda davom etishimiz kerak. To‘maris haqida film, albatta, bo‘ladi. Bu borada ishlab yurgan rejissyorlardan xabarim bor. U bizning xalqimizga xizmat qiladigan film bo‘ladi.
Sizning fikringizga to‘xtaladigan bo‘lsak, bor manbalar, bor qahramonlardan ham kino olamida yetarli darajada foydalanilmadi. Bu mavzular film qilinmagani, ularga murojaat qilinmagani faqatgina kinochilarga bog‘liq edimi – yo‘q. Bu kabi savollardan go‘yo bu mavzular har doim ochiq edi, lekin kinochilar ko‘rib-ko‘rmaslikka olardi, degan ma'no anglashiladi. Bunday emas. Bu qahramonlar haqida film yaratish uchun ma'lum muddat kerak bo‘lmadi. Bunga talab ham bo‘lmadi. Ijodkorlardan bu so‘ralmadi. Va buni yaratmoqchi bo‘lgan ijodkorlarga imkon ham yaratilmadi. Tarixiy filmlarni suratga olish jadal boshlanganiga 3 yil bo‘ldi. 3 yil ichida yangi tarixiy filmlar tarjima qilindi. “Islomxo‘ja”, “Elparvar”, “Avloniy” “Qo‘qon shamoli”, “Termiziy”, “Said va Saida” filmlari bilan mana shu tajriba yo‘lga qo‘yildi.
Yosh avlodda tarixiy filmlarni suratga olish bo‘yicha tajriba bormidi? Yo‘q edi.
— 1996 yilda Amir Temur haqida film suratga olindi, undan keyin katta uzilish bo‘ldi.
— 1996 yilda olingan film atrofida bo‘lgan gap-so‘zlarni ham bilasiz. Bizning avlod mutaxassis sifatida shakllangan davrda tajriba orttirishimiz mumkin bo‘lgan biron maydon bo‘ldimi? Biron maktab bo‘ldimiki, tarixiy filmlarni suratga olish tajribasi bizga singdirilsa?!
— O‘rtada suratga olingan yengil–yelpi filmlar maktab bo‘lgulik emas-da...
— Maktab bo‘lgulik emas edi. Birdan bunday imkoniyatlarning berilishi ijodkorlarni sergak torttirib, jiddiy mavzularga e'tiborlarini burib berdi. Yengil mavzularga o‘ralashib qolgan, aslida salohiyati yuqoriroq bo‘lgan ijodkorlarni bu botqoqdan tortib olmadimi? Ijodkorlar shu yerdan chiqib keldi. Ust-boshini artdi, yuzini tozaladi va jiddiy mavzularga qo‘l ura boshladi. Har bir tarixiy film juda katta tadqiqot. Rejissyor faktlarni o‘rganadi, olimlar bilan uchrashadi. Filmlar birin-ketin xalqqa taqdim etila boshlandi. Birinchi bosqichda Islomxo‘ja degan tarixiy shaxs, islohotchi borligini eslatdik. Film ishlanishidan oldin Islomxo‘ja haqidagi ma'lumotlar hatto vikipediyaga ham joylashtirilmagan edi. Joylashtirilgan bo‘lsa ham, uni qidirib topib o‘qishga talab katta emasdi. Xalq bilmagan qahramonlarni diqqat markaziga olib chiqish birinchi natija bo‘ldi. “Avloniy” filmi chiqqandan keyin bir guruh yoshlar Avloniyning qabri qayerdaligini qidirib topib ziyorat qilishgani, uning kitoblarini targ‘ib qilishganining o‘zi meni hayajonga soldi. Bu ilk tajribalar.
“Islomxo‘ja” filmida bosh grimm ustasining yordamchisi bo‘lib kelgan qiz – grimm ustasining kamida 10ta yordamchisi bo‘ladi, “Ilhaq” filmida bosh grimm ustasi bo‘lib ishladi. “Elparvar” filmida dekoratorlar guruhida ilk bor katta kinoda ijodini boshlagan rassom yigit “Ilhaq” filmida bosh rassom sifatida ish boshladi. Va buni talab darajasida uddaladi. Grimm ustasi, postanovkachi rassom, liboslar dizayneri – hammasi yoshlar. Eng kattasi menman – 37 yosh. 80 foiz jamoa 30 yosh atrofida. Ular mahalliy mutaxassislarimiz. Maa shu jarayonda o‘z mutaxassislarimizni toblab olyapmiz. Mahalliy mutaxassislarni shakllantirib olyapmiz. Amir Temur haqidagi filmni Hollivuddan Spilpergni chaqirtirib suratga oldirishimiz mumkin. Bu faqatgina o‘sha filmning muvaffaqiyatini ta'minlab berishi mumkin xolos. Lekin butun o‘zbek kinosining muvaffaqiyatini ta'minlay olmaydi. Bu tajribadan ham voz kechish kerak emas, chet eldan rejissyor taklif etish ham bo‘lishi kerak. Lekin o‘zimiz shu filmlarni qilib ko‘rayotganimiz, o‘zimiz shu yutuqlarga erishayotganimiz o‘zimizniki bo‘lgan mutaxassislarni shakllantirib beryapti. Nafaqat kadr ortidagi mutaxassislar, balki kadr ichidagi aktyor-aktrisalar uchun ham o‘z nafini beryapti. “Ilhaq” filmida bosh rol ijrochilarining 80 foizdan ortig‘i tomoshabinlarga notanish bo‘lgan chehralar, lekin 10-15 yildan beri teatrda professional faoliyat yuritib kelayotgan aktyor-aktrisalar. Bugun berilayotgan imkoniyatdan foydalanib ishlanayotgan film “Oskar”ni olishi, Kann festivalida g‘olib bo‘lishini kutish mantiqsiz. Mana shunga olib boradigan yo‘lni bosib o‘tyapmiz.
— Har qanday kino turli qoliplar asosida baholab ko‘riladi. Baholashning yana bir turi borki, kinoga ketgan mablag‘ o‘sha mamlakat aholisi soniga bo‘lib ko‘riladi. “Ilhaq” uchun ketgan mablag‘ning aholi uchun tushadigan ulushi qancha?
– Filmlarning budjeti haqida ochiq-oydin, shaffof gapirishni boshladik. Bu ham ijobiy natija. “Ilhaq” filmini aholi jon boshiga hisoblaganda, har bir soliq to‘lovchiga 300 so‘mdan to‘g‘ri kelar ekan. “Ilhaq”ni tomosha qilgan odam bu film uchun 300 so‘m to‘ladi, deb hisoblasak bo‘ladi. Soliq to‘lovchilarning mablag‘ini oqladik. “Ilhaq” filmining respublika bo‘yicha milliy premerasini barcha kinoteatrlarda bir kunda namoyish etishni kutgan edik. Kinoga ketgan davlat pulini, kerak bo‘lsa foydasi bilan qaytarish mumkinligini isbotlashni istagan edik. Karantin tufayli telenamoyishga majbur bo‘ldik. Har qanday sharoitda ham xalq bu filmni kutayotgan edi, uni ko‘rsatmaslik adolatsizlik bo‘lardi. Xalqning olgan hayajonidan kelib chiqib aytish mumkinki, kinoteatrlarga tushib ham, kerak bo‘lsa, bir necha marotaba tomosha qilgan bo‘lishardi. Sharoit tufayli filmni moddiy jihatdan oqlashga imkon bo‘lmadi. Lekin rejissyor sifatida ayta olamanki, ma'naviy jihatdan film o‘zini oqladi.
— “Ilhaq” haqida ko‘p gapirilmoqda, tahlillar qilinyapti. Ularni qanchalik kuzatdingiz? Tahlillar ichida “Ilhaq” o‘zining haqiqiy bahosini ola bildi, deb o‘ylaysizmi?
– Tanqid va tahlil. Kinoga nisbatan ko‘proq tahlil so‘zini ishlatishimiz kerak. Kinoning ilmi bu tahlil. Bu sohada hali ham ilmiy izlanishlar davom etyapti. Bundan 100 yil keyin ham to‘xtamaydi. Izlanishlar kinotanqid va kinotahlilda sezilishi kerak. Kinoda ham hamma narsa kashf qilib bo‘lingan, lekin ilm to‘xtamasligi kerak. Bizdagi kinotahlillarda esa ko‘proq kinoga aloqasi bo‘lmagan davrlar, shaxslar haqida to‘xtalishadi. Yoki qaysidir filmni eslashadi, o‘zlari sevgan film bilan qiyoslashadi. Yoki o‘zlari ko‘rmoqchi bo‘lgan film haqida yozishadi.
Rejissyor sifatida ularning orzusidagi film haqidagi emas, balki men suratga olgan film haqidagi tahlilni o‘qigim keladi. Bir tahlilni o‘qidim. Unda muallif filmda “menga yoqqan” va “menga yoqmagan” jihatlar deb ta'kidlaydi. Ya'ni muallif o‘z shaxsiy didini butun o‘zbek kinosiga mezon va me'yor sifatida taklif qiladi. Bu noto‘g‘ri. Qanchalik chuqur tahlil bo‘lmasin, hech qachon individual did mezon bo‘lmasligi kerak. Jamiyatda fikrlar xilma-xilligini istasak, har ikki tomon bir-birining fikriga toqatli bo‘lishiga o‘rganishimiz kerak. Filmni yoqtirmaslikka, uni tanqid qilishga qanchalik haqqing bo‘lsa, kimningdir bu filmni sevishga, bu filmni yaxshi deyishga haqqi bor. Ikki tomonni ham hurmat qilishga o‘rgansakkina, shunda kinoga ilm sifatida kirib kelishi mumkin bo‘lgan tahlillar paydo bo‘ladi.
— “Ilhaq” o‘z haqiqiy bahosini topa olgan tahlillarni ham uchratdingizmi?
— Kinoga nisbatan adolatsiz munosabatni bot-bot takrorlab yurgan tahlilchilar ham yo‘q emas. Kinoning kamchilik va yutuqlarini adolatli tahlil qilayotgan mutaxassislar ham bo‘y ko‘rsatishyapti. Kino – sintez san'ati. Ko‘pgina tahlillar rejissyor kinoni oladi, bastakor musiqa bastalaydi, aktyor rol ijro etadi degan tushunchada aylanadi. Kino son-sanoqsiz san'at turlarini birlashtiradi. Tahlil barchasini nazardan o‘tkaza olishi kerak. Kino san'ati bugun professional kinoshunoslarning yangi avlodiga muhtoj. Fikr bildirmoqchi bo‘lganlarning munosabatlari ham o‘rganiladi. Lekin kinoning ertasi uchun professional tahlillar o‘ta muhim. Shaxsan men professional darajada qilingan tahlillarni to‘playman. Ular tayyor shpargalka. Tahlilni shifokorga o‘xshataman. Uning vazifasi bemorni davolash, o‘ldirish emas.
Kino tanqid, tahlil, professional kinoshunoslarsiz rivojlanmaydi. Kinotahlilning kino san'atning rivojlanishidagi o‘rni adabiyotnikidan kam emas. Tashxis kino san'atining yanada sog‘lom, yanada tetik bo‘lishiga xizmat qilishi kerak. Tanqid garmdori singari achchiq bo‘lishi kerak. Garmdori esa ishtahani ochadi.
— “Ilhaq”ning muammosi nimada deb o‘ylaysiz?
— Kino sifatidami?
— Kino sifatida.
— “Ilhaq”ning muammosi o‘zimizda bo‘lsa kerak. Yoshlar uchun Osiyo chempionatida yoshlarimiz ishtirok etishdi. Juda yaxshi o‘yin ko‘rsatib, hal qiluvchi o‘yinda mag‘lubiyatga uchrashdi. Mana shu mag‘lubiyatda men o‘zimni aybladim. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda seni vatan kutyapti, yutqazishga haqqing yo‘q, milliy g‘ururning tiklanishi senga bog‘liq degan postlarni men ham qo‘ygan edim. Otang boshini ko‘tarib yurishi uchun sen bugun g‘alaba qozonishing kerak, degan postlarni o‘qidim. Mana shu balandparvoz chaqiriqlar, menimcha, yigitlarga xalaqit berdi, ortiqcha bosim yukladi. Ular maydonda o‘z o‘yinini erkin namoyish eta olmadi. Raqib avvalgi o‘yindagi raqibdan bir pog‘ona kuchsiz. Lekin yigitlarimizning xayolida g‘alaba qozonishdan ko‘ra, yutqazib qo‘ymaslik hissi ustunlik qildi. G‘alaba qozonish shijoatidan ko‘ra yutqazib qo‘ymaslik ehtiyotkorligi ustun keldi. Bugungi kinoda ham ana shunday ruhiyat xalal beryapti. G‘alaba qilish shijoatidan ko‘ra, yutqazib qo‘ymaslik ehtiyotkorligi bosimi ostida qolyapmiz. Mana shu bosim xalal bergani rost. “1917” filmi, “Oddiy askar Raynni qutqarish” filmi haqida gapirishadi. Lekin shu filmlar suratga olinguncha o‘sha mamlakat kinosanoati bosib o‘tgan yo‘lni hisobga olishmayapti-ku. Ularning tajribasini hisobga olmayapsizlar. Butun jamiyat qaysi bosqichlardan o‘tdi?!
Ma'naviy, ijodiy inqilobga faqatgina xos soha vakillari yetib kelmaydi, jamiyat yetib keladi. Bugunning ijodkorlari bugungi jamiyatning aksi. O‘zbek kinosiga chegirmalar, amnistiya kerak degan da'vodan uzoqman. Bunga balki haqqim ham yo‘qdir. Chunki xalq yaxshi filmlarni yetarlicha, hatto ortig‘i bilan kutdi. Shuning uchun ijodkorlar ham to‘xtanglar, avval tajriba to‘plab olaylik, keyin yaxshi filmlarni qilamiz, degan da'voni qilmayapti. Hollivudga tajriba orttirish uchun bizni yuboringlar, desak, bugun “Islomxo‘ja” ham, “Ilhaq” ham bo‘lmasdi. Bularni katta maqsad yo‘lidagi karvonning manzillari sifatida qabul qilishimiz kerak. 2017 yilda tarixiy filmlarni suratga olish jadal boshlandi. Bir yil ichida davlat rahbarining 2ta qarori e'lon qilindi. Biz prezident e'tiboriga otashin, minnatdorlik nutqlari orqali javob berishga o‘rganganmiz. Bu imkoniyatlarga natija bilan munosabat bildirishni o‘rganishimiz kerak.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.