Davlat fuqarolik xizmatchisi nimalarga haqli emasligi aniq belgilab qo‘yiladi

O‘zbekiston 10:40 / 23.05.2020 6281

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

davlat fuqarolik xizmatining yagonaligi;

xalqqa xizmat qilish;

qonuniylik;

jismoniy va yuridik shaxslar huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi;

professionallik va layoqatlilik;

vijdoniylik va batartiblik;

davlat fuqarolik xizmatiga qadr-qimmat va ko‘rsatgan xizmatlari asosida kirish uchun (meritokratiya) teng imkoniyatlar;

davlat fuqarolik xizmatchilarining ijtimoiy va huquqiy himoyasi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti:

davlat fuqarolik xizmatini yanada takomillashtirish va isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;

davlat fuqarolik xizmati masalalari bo‘yicha vakolatli organni shakllantiradi, uning faoliyati vazifalari, funksiyalari va tashkiliy-huquqiy asoslarini belgilaydi;

davlat fuqarolik xizmati ishlari bo‘yicha vakolatli organning rahbarini lavozimga tayinlaydi va undan ozod qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nomenklaturasiga kiritilgan davlat lavozimlaridan iborat davlat xizmatchilarini lavozimiga tayinlaydi va undan ozod qiladi;

qonun bilan belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi nomenklaturasiga kiritilgan davlat lavozimlaridan iborat davlat xizmatchilari reyestri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan olib boriladi.

Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi fuqaro davlat lavozimiga tayinlangan paytdan boshlab vujudga keladigan huquq, majburiyat va javobgarliklar, shuningdek ularning davlat fuqarolik xizmatini o‘tashi bilan bog‘liq cheklovlar tizimidan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi davlat lavozimiga tayinlangan paytdan boshlab davlat fuqarolik xizmatchisi maqomini oladi va davlat xizmatini tugatganda yo‘qotadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyat sohasidan hamda egallab turgan davlat lavozimidan qat'iy nazar davlat fuqarolik xizmatchisining yagona huquqiy maqomi ta'minlanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi quyidagilarga haqli emas:

o‘zaro yaqin qarindoshlik yoki quda-andachilikda (ota-onalar, ota-onalarning aka-ukalari va opa-singillari, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il, qizlar, er-xotinlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) bevosita lavozim bo‘ysunishida bo‘lgan davlat lavozimini egallashga, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno;

davlat fuqarolik xizmatchisining psixologik portretini tuzishda psixodiagnostik ko‘rikdan o‘tishni rad etishga;

davlat fuqarolik xizmatchilarining bazaviy bilimlarini hamda dunyoqarashini aniqlash bo‘yicha test sinovlarida qatnashishni rad etishga;

haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga, pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyat bundan mustasno;

shaxsan yoki ishonchli vakillar tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga;

tijorat tashkiloti boshqaruvi organi a'zosi bo‘lishga, davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlar bundan mustasno;

davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zi xizmat qiladigan yoki ularning mustaqilligini buzilishiga olib keladigan aloqalar va manfaatlarga ega bo‘lgan davlat organi yoki tashkilotning nazorati ostidagi tashkilotlarda ulushlar, paylar va aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki vakillar orqali sotib olishga;

moddiy-texnika, moliyaviy va axborot ta'minoti vositalaridan, davlatning boshqa mol-mulkidan va xizmat ma'lumotlaridan xizmatdan tashqari foydalanishga;

jismoniy va yuridik shaxslardan xizmat vazifalarini bajarish yoki davlat fuqarolik xizmatchisi mavqeidan foydalanib biror-bir mukofotlarni olishga;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ruxsatisiz xorijiy davlatlar, xalqaro va chet el davlatlari tashkilotlarining mukofotlari, faxriy va maxsus unvonlarni olish, ilmiy unvon va darajalar bundan mustasno;

o‘z xizmat mavqei yoki davlat fuqarolik xizmatchisining maqomi bilan bog‘liq qonunda nazarda tutilmagan imtiyoz va afzalliklardan foydalanish;

siyosiy partiyaga a'zo bo‘lish (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari va uning o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari va ularning o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zolari, shuningdek viloyat, tuman va shahar hokimlari bundan mustasno).

Ko‘proq yangiliklar: