Davlat dasturlari amalga oshirilishi Vazirlar Mahkamasi va Oliy Majlis tomonidan monitoring qilinadi

O‘zbekiston 08:48 / 22.05.2020 1767

Hujjat Prezidentning 28.01.2019 yildagi «Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas'uliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5644-son Farmoni hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning bajarilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
 
Norma’ning yozishicha, vazirliklar va idoralar rahbarlariga Davlat dasturi bajarilishining borishi yuzasidan hisobotlarni shakllantirish uchun zarur ma'lumotlarning o‘z vaqtida va sifatli tayyorlanishi uchun shaxsiy mas'uliyat yuklanadi.
 
Har yili Davlat dasturi tasdiqlanganidan keyin uning har bir bandi Vazirlar Mahkamasining tegishli tarkibiy bo‘linmalariga biriktiriladi. Davlat dasturi ijrosini tahlil qilish va monitoring olib borish uchun idoralararo guruhlar tashkil etiladi.
 
Davlat dasturi ijrosi uchun mas'ullar va hamijrochilar tomonidan hisobotlar taqdim etiladi, ularni tahlil qilish va monitoring natijalari nizomda belgilangan davrlarda har bir oy bo‘yicha jamlab boriladi. Hisobotlar Vazirlar Mahkamasida huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
 
Hisobotlarni tayyorlashda qabul qilingan NHH, erishilgan eng muhim ko‘rsatkichlar, xususan, jalb etilgan investitsiyalar hajmi, yaratilgan ish o‘rinlari soni, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, jamoatchilik ishtiroki, davlat dasturi ijrosining hududlarni kompleks rivojlantirishga ta'siri e'tiborga olinadi.
 
Tayyorlangan hisobotlar Oliy Majlis palatalarida muhokama qilinadi. Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan monitoring o‘tkazish, tahlil qilish, Oliy Majlisga taqdim etish sxemasi Nizomga ilovada keltirilgan.
 
Hujjat 19.05.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: