AQSh koronavirusga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga qo‘shimcha mablag‘ ajratdi

O‘zbekiston 12:49 / 22.05.2020 33381

COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar doirasida AQSh hukumati Taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonga qo‘shimcha 3 million dollar ajratishini e'lon qildi. 

Qo‘shma Shtatlarning mamlakatdagi elchixonasi xabariga ko‘ra, shu tariqa AQSh hukumatining O‘zbekistonda koronavirusga qarshi sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda ko‘rsatgan bevosita yordami 5,92 million dollarni tashkil etmoqda, buning taxminan 3,8 millioni esa USAID hissasiga to‘g‘ri keladi. USAID ushbu qo‘shimcha mablag‘ni koronavirusga qarshi kurash va uni nazorat qilishda laboratoriyalar hamda sog‘liqni saqlash xodimlari imkoniyatini kengaytirishni davom ettirishga sarflaydi.

Bildirilishicha, bu avvalroq e'lon qilingan mablag‘ bilan AQSh hukumati sog‘liqni saqlash hamda diagnostika muassasalarida infeksiya tarqalishining oldini olish uchun maslahatlar va texnik ko‘mak berish orqali O‘zbekistonning COVID-19’ga qarshi olib borayotgan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. 

“USAID’ning O‘zbekistondagi dasturlari keng ko‘lamli test o‘tkazish uchun laboratoriya tizimlarini tayyorlash hamda virus yuqtirib olgan bemorlarga oid holatni yaxshilashga ham yordam bermoqda. 

Bundan tashqari, USAID dasturlari koronavirus tarqalishini to‘xtatishga ko‘maklashish va dezinformatsiya yoyilishining oldini olish maqsadida aholining zaif qatlamlariga aniq va to‘g‘ri ma'lumot yetkazish orqali mahalliy jamoalar bilan munosabatlarda hamkorlik qilmoqda.

COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, USAID mamlakat iqtisodini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni kuchaytirish, salomatlikka jiddiy xavflarni bartaraf etish hamda aholi ehtiyojlarini qondirishda hukumat imkoniyatlarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda ish olib bormoqda”, - deyiladi ma'lumotda.

Ko‘proq yangiliklar: