Yevropadagi agentliklar koronavirus sababli samolyotlardagi yo‘lovchilar sonini kamaytirishni tavsiya qildi

Jahon 16:50 / 21.05.2020 2124

Majburiy niqob taqish, masofa saqlash va samolyotlardagi yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya – Yevropa aviatsion xavfsizlik agentligi (EASA) va Yevropa kasalliklar profilaktikasi va nazorat markazi (ECDC) koronavirus pandemiyasi davrida parvoz qiladigan laynerlar uchun ana shunday tavsiyalarni berdi. Bu haqda Le Soir gazetasi xabar bermoqda.

Olti yoshgacha bo‘lgan bolalardan tashqari barcha yo‘lovchi va xizmatchilarga niqob taqish tavsiya etilgan. Bundan tashqari, niqoblar har to‘rt soatda almashtirilishi, yo‘lovchilar parvoz vaqti uchun yetarlicha miqdorda niqoblarga ega bo‘lishi lozim.

Parvozning barcha bosqichlarida odamlar orasida 1,5 metr ijtimoiy masofa saqlash tavsiya qilinmoqda. Buning uchun har bir o‘rindiqdan keyingisini yoki har ikkinchi qatordagi o‘rindiqlarni bo‘sh qoldirish taklif etilgan.

Agarda bunday masofalanishning imkoniyati bo‘lmasa, "yo‘lovchi va ekipaj a'zolari muntazam ravishda boshqa himoya choralarini ko‘rishi kerak", deyiladi agentliklarning qo‘shma tavsiyanomasida.

Le Soir gazetasining qayd etishicha, 290ta aviakompaniyani birlashtirgan Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi bunday masofalanish choralariga qarshi chiqib, yo‘lovchilar sonining kamaytirilishi havo kemalarining zararga ishlashiga va chiptalar narxining sezilarli darajada ko‘tarilishiga olib kelishini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: