XOQ rahbari Tokiodagi olimpiada bekor qilinishi mumkinligini istisno etmadi

Sport 13:20 / 21.05.2020 2589

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) rahbari Tomas Baxning ma'lum qilishicha, Tokiodagi yozgi olimpiada 2021 yilda o‘tkazilmasa, u butunlay bekor qilinishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe kelasi yozni musobaqalarni o‘tkazishning so‘nggi varianti deb hisoblaydi.

«Men bir necha ming kishini tashkiliy qo‘mitaga jalb qilib, o‘yinlarni doimiy ravishda boshqa muddatga qoldirishning iloji yo‘qligini tushunaman. Shuningdek, har yili xalqaro federatsiyalar uchun musobaqalar taqvimini qayta tuzish ham mumkin emas. Sportchilarga aniqlik kerak», - deya Baxning so‘zlarini keltirgan «Bi-bi-si».

Tokio olimpiadasi 2020 yil 24 iyuldan 9 avgustgacha o‘tkazilishi kerak edi. Ammo aprel oyida koronavirus pandemiyasi tufayli XOQ o‘yinlarni bir yilga kechiktirishga qaror qildi, endi ular 2021 yilning yoziga rejalashtirilgan.

Bax, shuningdek, kelasi yozda olimpiadani o‘tkazish uchun sportchilarga qo‘shimcha xavfsizlik choralari talab qilinishi mumkinligini istisno etmadi. «Sportchilar va Tokiodagi o‘yinlarning boshqa ishtirokchilari uchun karantin talab qilinishi mumkin», - dedi u.

21 may kungi holatga ko‘ra, dunyoda 5 millionga yaqin kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. 300 mingdan ortiq bemor vafot etdi. 

Ko‘proq yangiliklar: