Uch viloyatda uch kishi yangi holatlar manbasiga aylandi. Vazirlik karantin bo‘yicha berilgan erkinlikni noto‘g‘ri tushunmaslikni so‘radi

O‘zbekiston 23:54 / 21.05.2020 75338

Bugun ham yangi holatlar uchta hududda - Toshkent, Samarqand va Navoiyda qayd etilgan. Xususan, Toshkentda 12, Navoiyda 5, Samarqandda 3 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Shuningdek, xorijdan kelib, Toshkent shahrida karantinga olinganlar orasida 8ta yangi zararlanish holat qayd etilgan.

Bugun Toshkent shahrida aholi orasida 12ta holat aniqlandi va bu holatlar bir manba bilan bog‘liq. Koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxs oila a'zolari, yaqinlari va hamkasblaridan jami 11 kishiga virus yuqtirgan. Xuddi shu tarzda Navoiy viloyatida bir bemor 4 kishiga va Samarqand viloyatida bir bemor 2 kishiga virus yuqtirgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma'lum qilishicha, hozirda ushbu bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar belgilangan tartibda qat'iy karantinga olingan.

«Shu kunlarda yurtimizda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilayotgani tufayli berilgan erkinlikni noto‘g‘ri tushunib, ba'zi hududlarda aholi zaruratsiz ko‘chalarda  yurishayotgani, karantin qoidalariga amal qilishmayotgani kabi holatlar ko‘zga tashlanmoqda. Bu esa infeksiya yuqtirish xavfini yanada kuchaytirmoqda.

Shuning uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilish, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab yuvish, dezinfeksiya qilish, tibbiy niqob taqib yurishni odatga aylantirish kabi qoidalariga amal qilgan holda infeksiya yuqishidan o‘zimizni ehtiyot qilishimiz zarur», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Bugun faqat Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlardan 35 nafari sog‘aydi. Ayni vaqtda respublika bo‘yicha sog‘ayish ko‘rsatkichi 81 foizni tashkil qilmoqda. Hududlar kesimida bu borada eng yaxshi ko‘rsatkichlar Buxoro (99 foiz) va Xorazmda (99 foiz), eng yomon ko‘rsatkich Navoiy (4 foiz) va Samarqandda (61 foiz).

Ko‘proq yangiliklar: