Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Istanbulda vakolatxonasi ochiladi

O‘zbekiston 09:29 / 21.05.2020 2647

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida vakolatxonasini ochish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Turkiya Respublikasi Istanbul shahrida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonasini ochish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta ko‘rib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 725-son qaroriga asosan, vakolatxonani tashkil etish, jihozlash va saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishini, keyinchalik ushbu mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan qoplab berilishi ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Turkiya Respublikasidagi vakolatxonasi moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishi uchun alohida hisob-raqam ochish masalasini hal qiladi;

bir hafta muddatda vakolatxonaning tashkiliy tuzilmasi hamda shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;

vakolatxonaning tegishli lavozimlariga mutaxassislarni ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 martdagi PQ-4627-sonli qarori, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi 713-sonli qarori bilan ochilishi belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari O‘zbekiston Respublikasining tegishli davlatlardagi Bosh konsulxonalari binosida ijara to‘lovisiz joylashtiriladi;

bunda binoni saqlash xarajatlari (kommunal va ekspluatatsiya to‘lovlari) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining mablag‘lari hisobidan keyinchalik mablag‘larni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda huquqlari va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi ta'minlanadi;

vakolatxona xodimlari o‘z faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifa va vakolatlarni belgilangan tartibda amalga oshirishlari uchun tegishli davlatlar hududida diplomatik maqomga ega xodimlar sifatida akkreditatsiyadan o‘tishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: