Video: Xitoy smartfoni plastik va kiyim orqali ko‘rish imkonini berishi aniqlandi

Fan-texnika 12:36 / 19.05.2020 43114

Bu haqda The Verge nashri xabar berdi. 

Yangi smartfonda foydalanuvchilar avval biror joyda e'lon qilinmagan funksiyani aniqlashdi. Qurilmaning 5 Mpli qo‘shimcha kamerasi odam ko‘ziga ko‘rinmaydigan infraqizil nurlanishni ilg‘ay olishi ma'lum bo‘lgan. Bu nurlanish ba'zi buyumlar ichini ko‘rish imkonini beradi. Bu jihat aniqlangach, foydalanuvchilar “ermak qilib”, rentgen nuri kabi ishlovchi ushbu rejimni turli buyumlarda sinay boshlashgan va internetda buning ko‘plab namunalari paydo bo‘la boshlagan.

Gap shundaki, infraqizil nurlanish inson ko‘zi ko‘radigan yorug‘lik nuridan farqli, ba'zi materiallar orqali o‘ta oladi. Shu tamoyil asosida tungi ko‘rish qurilmalari va teplovizorlar ishlaydi.

Ta'kidlash joiz, ko‘plab zamonaviy smartfonlarning flagman modellarida shunday yo‘sinda qo‘llash mumkin bo‘lgan infraqizil sensorlarni uchratish mumkin. 

Smartfon kamerasining bu imkoniyatga ega fotoxrom filtri ishlashini latviyalik bloger Ben Geskin o‘z videosida yaqqol namoyish qildi. U bu funksiyani TV-pristavkada qo‘llab ko‘rgan va aytish kerakki, natija hayratlantirmay qolmaydi. Videoda bloger kamerani usti plastikdan ishlangan qora rangli pristavkaga yo‘naltirganda uning ichidagi detallarni ko‘rish mumkin bo‘lgan.

“OnePlus 8 Pro kamerasi fotoxrom filtri ba'zi plastik buyumlar ichidagilarni ko‘ra oladi. Bu Oculus Quest uchun kontrollyor misolida shunday ko‘rinish oladi”, deb yozgan u boshqa bir videoda.

Boshqa foydalanuvchilar ham korpusi yupqa plastikdan ishlangan buyumlar va gadjetlarning, misol uchun, televizor pultining smartfonda olingan suratlari va videolari bilan bo‘lishishgan. 

Bu orada AndroidPIT portali muxbirlari ushbu filtr yordamida qora rangdagi futbolka ostidagi yozuvni ko‘ra olishgan.

“U kola va vino orqali ham ko‘ra oladi”, deb yozgan yana bir foydalanuvchi. 

“Men bu postni o‘qigandan keyin ushbu rejimda yana nimani suratga olish mumkinligini izlab aqldan ozmoqdaman”, deb hayratini yashira olmagan boshqa bir foydalanuvchi. 

Shundan keyin kamera ba'zi holatlarda kiyim orqali “ko‘ra olishi” ham mumkinligi hisobga olinib, shaxsiy daxlsizlik masalasi ko‘tarilgan. Ta'kidlanishicha, 1990-yillarda Sony kompaniyasi mato orqali ko‘rish imkonini bergan tungi ko‘rish filtriga ega videokameralari sababli mojaro markazida qolib, ushbu qurilmalarini bozordan qaytarib olishiga to‘g‘ri kelgan.

Shu sababli OnePlus kompaniyasi ham o‘zining yangi smartfonida “rentgen” rejimidan voz kechishga qaror qildi. Kompaniyaning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida ma'lum qilishicha, ushbu funksiya smartfonda bir hafta ichida chiqariladigan dastur yordamida o‘chirib qo‘yiladi.  

OnePlus kompaniyasi ushbu smartfonini aprel o‘rtalarida taqdim qilgandi. Ta'kidlanishicha, qurilmaning narxi 899 dollardan boshlanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: