«Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi

O‘zbekiston 13:05 / 19.05.2020 25766

2020 yil 19 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibidagi dastlabki masala — yangi tahrirdagi “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ikkinchi o‘qishdagi muhokamasi qizg‘in kechdi. Deputatlar 5-6 may kunlari bo‘lib o‘tgan palata majlisida qonun loyihasini moddama-modda, bobma-bob muhokama qilgan edilar. Muhokama davomida bir necha moddalar yuzasidan bir fikrga kelinmaganligi sababli ular ustida ishlarni davom ettirish hamda kelgusi majlisda ana shu moddalar atrofida to‘xtalib o‘tishga kelishgan edi.

Shundan so‘ng mas'ul qo‘mita barcha fraksiyalar, deputatlardan tushgan taklif va mulohazalarni jamlab, mutaxassis va ekspertlar ishtirokida qonun loyihasi ustidagi ishlarni davom ettirdi.

Ta'kidlanishicha, qonun loyihasini takomillashtirish maqsadida mas'ul qo‘mita hamda ishchi guruh tomonidan bir necha bor muhokamalar o‘tkazildi. Tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida loyihaning qoida va normalari maromiga yetkazildi. Norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, loyihadan havolaki tusdagi qator normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi.

Qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida 238 ta normaga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Loyihadan idoraviy ruhdagi bir necha normativ-huquqiy hujjatlarni qisqartirish, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llashga ta'sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish oqibatida 123 ta norma chiqarib tashlandi. Ularning o‘rniga 54 ta yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar kiritildi. Ortiqcha ma'muriy tartib-taomillar va tartibga solishning eskirgan mexanizmlarini bartaraf etish hisobiga kiritilgan 7 ta moddadan butunlay voz kechilib, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi 9 ta yangi modda kiritildi.

Qonun loyihasiga inklyuziv ta'lim tushunchasi ham singdirildi. Bu har bir bolaning ta'lim olishdagi teng huquqliligini ta'minlash har qanday diskriminatsiya va kamsitishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, loyihada amaldagi qonunda, umuman, qonunchilikda ko‘zda tutilmagan yangi qoidalar — yurtimizda yoshidan qat'i nazar, katta yoshdagilar umri davomida bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab borish imkoniyatlari ham qonun bilan mustahkamlanyapti.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuboriladigan bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: