«Skver»dagi avtoturargoh o‘rnini egallagan investor kim?

O‘zbekiston 13:47 / 19.05.2020 89346

Ma'lum qilinishicha, mazkur qurilish Toshkent shahar hokimining 2019 yil 28 martdagi 467-sonli qarori asosida, 25 mln. AQSh dollaridan kam bo‘lmagan investitsiya kiritish sharti bilan, kompaniyaga ajratib berilgan.  

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayevning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha,  bu yerda 1-2-3-qavatlari savdo do‘konlari, yuqori qavatlari ofislardan iborat 9 qavatli bino qurilishi rejalashtirilgan. 

«IMP NEW PAY» nomi bilan 2016 yil 19 avgustda Chexiya Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan kompaniya haqida ochiq ma'lumotlar bazasida  bir qancha qiziq faktlar taqdim etilgan. Unga muvofiq, kompaniya ta'sischilari o‘zbekistonlik Isroil Yunusov hamda germaniyalik Pol Braytenbah hisoblanadi

Yashash manzili Toshkent shahridagi Karvon berk ko‘chasi, 10 uy etib belgilangan kompaniya ta'sischilaridan biri Isroil Yunusov «IMP NEW PAY» ning 95 foiz aksiyasiga egalik qiladi. Germaniya fuqarosi esa 5 foiz aksiyani boshqaradi. Shuningdek, kompaniyaning ustav kapitali 1000 chex kronasini (taxminan 39 dollar) tashkil etadi. 

Ochiq ma'lumotlar bazasida yuridik manzili Chexiyaning Karlovi Vari shahrida ko‘rsatilgan kompaniya direktori sifatida Murat Madenov ismi yozilgan. Chexiyada uy-joy xaridi va sotuvi bilan shug‘ullanuvchi saytlarda shunday ismli shaxs makler ekani ko‘rsatiladi

Booking.com sayti ma'lumotiga ko‘ra, Murat Madenov ismli shaxs Karlovi Vari shahrida istiqomat qiladi va uylarni ijaraga ham topshiradi. U Chexiyada 13 yildan buyon doimiy yashashi, ushbu biznes bilan 6 yildan beri shug‘ullanishi haqida ma'lumot yozib qoldirgan. 

Chexiya Respublikasi qonunlariga ko‘ra, Yevropa ittifoqi fuqarosi yoki Chexiya rezidenti maqomida bo‘lmagan shaxs mamlakatdan ko‘chmas mulk sotib olishi mumkin emas. Ko‘rsatilgan maqomga ega bo‘lmagan shaxslar Chexiyadan uy xarid qilish uchun vizaga ega bo‘lishi va 7 yil davomida mamlakatda yashagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, chex fuqarosi bilan turmush qurgan holatda ham uy-joy sotib olish mumkin. 

Yevropa Ittifoqiga a'zo Chexiya Respublikasida ko‘chmas mulk xarid qilishning boshqa usuli ham mavjud. Buning uchun ushbu davlatda mas'uliyati cheklangan jamiyat tashkil etib, YeI fuqarosi yoki ushbu mamlakatda uzoq vaqt bo‘lish huquqiga ega shaxsni kompaniya direktori etib, tayinlash lozim. 

Surishtiruv davomida kompaniya ta'sischisi Isroil Yunusov O‘zbekiston professional boks federatsiyasi raisi ekani ma'lum bo‘ldi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Isroil Tolibjonovich Toshkent ishbilarmonlik markazida qurilish olib borayotgan Real House brendi ostidagi Lotus Gaz Invest mas'uliyati cheklangan jamiyatning ta'sischilaridan biri va ustav fonddagi ulushi 56,7 foizni tashkil etadi.

Kompaniyaning boshqa ta'sischisi (43,30 foiz ulushga ega) Papirus Print MChJ ustav fondining 76 foiz ulushi Yunusov Ibrohim Tolibjonovichga tegishli. 

Lotus Gaz Invest hamda Papirus Print kompaniyalarining asosiy amalga oshirayotgan ish faoliyati turi turar joy binolarni qurishdan iborat. Ayni paytda Real House brendi ostida ish olib borayotgan kompaniya direktori Yusupaliyev Ulug‘bek Abdullayevich bo‘lib, shu ismli shaxs 2014 yili 25 avgust kuni «Shuhrat»  medali bilan mukofotlangan. Ammo u paytda Ulug‘bek Yusupaliyev Davlat soliq qo‘mitasi Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida hujjatlarda qayd etilgan

Xulosa qilib aytish mumkinki, shahar markazidagi qaynoq nuqtani nol qiymatda yirik investitsiya jalb etish sharti bilan xorijiy kompaniyaga topshirilgan. Ammo o‘sha kompaniya ta'sischilaridan biri O‘zbekistonda muvaffaqiyatli qurilish ishlarini olib borayotgan tadbirkorlardan biri bo‘lib, uning xorijdagi kompaniyasi ustav fondi 39 dollarni tashkil etgan. 

So‘nggi paytlarda cho‘ntagida xemiri yo‘q xorijiy kompaniyalarga investitsion majburiyatlar bilan yer va mulklarni berish amaliyoti ko‘p uchramoqda. Ortida aslida o‘zbekistonlik shaxslar  turgan kompaniyalar esa investitsion majburiyatlarni mahalliy banklardan kredit olish evaziga to‘ldiradi. Kredit resurslarini olish uchun taqdim etilgan aynan yer yo mulkni garovga qo‘yadi. 

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: