Sardobada ishlar boshlangan. Aholiga qanday uylar qurilyapti?

O‘zbekiston 13:22 / 19.05.2020 38936

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Sardobaga O‘zbekistonning barcha hududlaridan quruvchi-muhandis mutaxassislar hasharga yetib kelgan. Tumandagi ishlar taqsimoti har bir viloyat o‘rtasida teng bo‘lib olingan. 

Ilhom Komilov

Quruvchi Ilhom Komilovning aytishicha, mutaxassislarning toshqindan katta ziyon ko‘rmagan uylarning texnik holatini ko‘zdan kechirib, ta'mirga kirishmoqda.

– Biz birinchi betonlarning yaroqliligini tekshirdik. Ko‘proq devorga ishlov bo‘lyapti. Ko‘rib turganingizdek,  fundamentga ishlov bo‘ldi. Ichkaridagi suvlarning bari chiqarilib, quruq holatga keltirilib, so‘ngra pol yotqizdik. Xudo xohlasa, reja bo‘yicha bitta binoni uch-to‘rt kunda ta'mirlab, chiqib ketyapmiz, - dedi u. 

Suv toshqini oqibatida jami 4351ta xonadonga zarar yetganligi aniqlandi. Shundan 2570ta xonadon yaroqsiz holatga kelib qolgan. 

Adiz Boboyev

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyevning bildirishicha, yuqorida qayd etilgan uylarni umuman qayta tiklab bo‘lmaydi. 

«1781ta xonadonni biz ko‘rib chiqdik. Bu yerda ushbu uylarni qayta ta'mirlash hisobiga yana qayta tiklash imkoniyati mavjud. Bizda  hisobimiz bo‘yicha jami 34 ta ijtimoiy muassasaga talafot yetgan bo‘lib, buni tuzatishimiz uchun hozirgi kunga 85 mlrd. so‘m mablag‘ kerak bo‘lishi hisoblandi. Hozirda Davlat arxitektura nazorati xodimlari tomonidan zarar yetgan obektlar yana bir bora ko‘rib chiqilyapti. Suv bosgan hududlarimiz mavjud. Mana shu suv bosgan hududlarni yaxshiroq o‘rganishimiz kerak. Ertaga bu buzilish oqibati, yorilish oqibatlari ham kelib chiqishi mumkin. 

O‘rganishlarimizdan so‘ng, Sardoba tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida quriladigan massivda 37ta 5 qavatli uylar qurilishi ma'qul topildi. Demak, bu yerda 1480ta xonadon joylashadi. Mana shu yerda 1-sonli maktab mavjud bo‘lgan, u 1961 yilda qurilgan bo‘lib, qurilganiga 60 yil bo‘lgan va ba'zi bir qismlari avariyali holatga kelib qolgan. Shundan kelib chiqib va 1480ta xonadonni ko‘chib kelishini inobatga olib, bu yerda 660 o‘rinli yangi, zamonaviy tipdagi maktab qurilishni mo‘ljalladik. Bundan tashqari, bu yerda qishloq oilaviy poliklinikasi mavjud bo‘lib, bu 1965 yilda qurilgan. Ushbu bino ham xavfli holatda ekanligi aniqlandi. Uning o‘rniga zamonaviy qishloq oilaviy poliklinikasi qurilish rejasini kiritdik. Shu bilan birga, 1480ta xonadonni inobatga olib, bu yerda yana 275 o‘rinli yangi maktabgacha ta'lim muassasasi qurilishini ham mo‘ljalladik. Demak, ham uy-joylar, ham ijtimoiy soha obektlarini qurish rejaga kiritildi.

Javohir Haydarov

Tuman qurilish bo‘limi boshlig‘i Javohir Haydarovning ma'lumotiga ko‘ra, suv toshqiniga qadar zarar yetgan hududda 52ta ko‘p qavatli uylar bo‘lgan. Shuning bilar Haydarov ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan masalaga oydinlik kiritdi.  

«Ko‘p qavatli uylarni buzib, o‘rnidan 5 qavatli 37ta uy qurish rejalashtirilgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan butun respublikadan bizga yordam va hasharga kelishgan. Hovli joylarga yashaydiganlarning uylari ushbu yordamlar asosida ta'mirlab berilyapti. Ta'mirlashga yaroqsiz uylar bo‘lsa, kompensatsiya puli beriladi. Kompensatsiya puli berilib, ularning uy-joyi o‘zlarida qoladi va zarar qoplanadi. Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagilarga ham kompensatsiya puli berilyapti. Chunki ular mol-mulkini yo‘qotishgan. Ikkinchi qavatdagilarga faqat uy berilyapti. Negaki, ular toshqindan so‘ng, mol-mulkini olib ketishga imkoniyati bo‘lib, bunga sharoit qilib berganmiz. 

Javohir Haydarov ko‘p qavatli uylarda yashaydigan fuqarolar manfaatini himoya qilib, ularga chorva mollarini, qo‘y-echkilarini saqlash uchun chorvachilik komplekslari qurilishi rejalashtirilgani haqida gapirib berdi

«Ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan maydoni yaqinida sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu yerda 15 gektar yerimiz bor. Ushbu yer maydonlarida aholiing bandligini ta'minlash uchun, Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqqa asosan, 8ta loyiha ishlab chiqilgan va tikuvchilik, to‘quvchilik fabrikalari qurilishi bo‘yicha yer maydonlari ajratilgan. Mana shu yerda aholi uchun umumiy ferma tashkil etish ham rejalanmoqda», –  dedi u.

Ayni paytda hukumat uy-joylar, ijtimoiy soha obektlari va infratuzilma obektlari bo‘yicha 1,5 trln. so‘m mablag‘ ajratgan. Ushbu mablag‘larning dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha 85 mlrd. so‘m qismi ijtimoiy soha obektlarigayo‘naltiriladi.

«Bundan tashqari, bizda infratuzilma soha obektlari bor. Ya'ni yo‘l, ichimlik suvi, irrigatsiya tarmoqlari. Biz Avtoyo‘l qo‘mitasi bilan kelishib oldik.  Birinchi navbatda, ko‘priklarni ta'mirlash masalasini qo‘ydik. Xalqaro ahamiyatdagi “A-375” bo‘lgan yo‘lning 22 km. ga talafot yetgan. Mana shuni tez orada ta'mirlab, yo‘lni ochib berish vazifasi zimmamizda turibdi.  Chunki bu judayam muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘llarni, ko‘priklarning hammasini birinchi navbatda quramiz. Ikkinchi navbatda, boshqa yo‘llarimizning buzilgan, suv yuvib ketgan joylarini tuzatib beramiz. Ushbu uy-joylar qurilishi, ijtimoiy soha obektlarini ta'mirlash bilan bog‘liq juda ko‘plab quruvchilar kelgan. Juda ko‘p va og‘ir yuk transportlari ish bajrayapti. Hozir biz yo‘llarni ta'mirlaydigan bo‘lsak, ertaga yana buzilib ketgandan so‘ng yana qaytdan qurishimizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ikki marta xarajat qilinmasligi uchun ikki-uch oydan keyin qurilishlarimiz nihoyasiga yetib qolganda to‘liq hammasini asfaltlashtirish ikkinchi bosqichda amalda oshiriladi. 

Ichimlik suvi masalasiga keladigan bo‘lsak, bu yerda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan bajarilgan edi. Ularga juda ko‘p talafot yetgan. Biz hozirda birinchi bo‘lib mavjud aholi yashaydigan, talafot yetmagan oilalarni ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasini yo‘lga qo‘yapmiz. Bu birinchi navbatda bajariladigan ish. Ikkinchi navbatda, qurilayotgan massivlarga ichimlik suvini olib kelish va ularda yangi kanalizatsiya o‘rnatish masalasini yo‘lga qo‘yishimiz kerak.  Hisob-kitoblarga ko‘ra, kanalizatsiya uchun 58 mlrd.  so‘m mablag‘ talab qilinadi. Umuman, jami ichimlik suvi va kanalizatsiya uchun 163 mlrd. so‘m kerak bo‘ladi», – deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari Boboyev.

Adiz Boboyevning ta'kidlashicha, Sardobadagi bu jarayonlar, bundan oldin Buxorodagi Olot va Qorako‘l tumanlarida yuz bergan talafotlardan bir narsa anglashiladi: O‘zbekistonda sug‘urta bozorini rivojlantirish kerak.

«Negaki, ushbu sug‘urta bozori faqatgina jabr ko‘rganlarga sug‘urta to‘lovini to‘lab berish maqsadida emas, balki mana shunday qurilish ishlarini amalga oshirish jarayonida sug‘urta agentliklari tomonidan nazorat tashkil etishda muhim. Ya'ni agar unga biror talafot yetsa, sug‘urta kompaniyalari to‘lab berishi kerak. Shuning uchun unda ikkilamchi nazorat ham paydo bo‘ladi. Faqatgina Davlat arxitektura nazorati emas, sug‘urta agentligi ham bunga o‘z navbatida kelib, nazorat qilishi talab etiladi», – deya fikrini bildirdi u.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: