«Mashina urib ketgach, endi yura olmasligimni aytishgandi». Murodjon Ahmadaliyev og‘ir o‘tgan bolaligi haqida

Sport 16:00 / 19.05.2020 25591

Ingliz nashri – badlefthook.com sayti O‘zbekiston milliy jamoasi a'zosi, professional boksda ikki yo‘nalish chempioni Murodjon Ahmadaliyev haqida katta maqola tayyorladi. Mazkur maqola o‘zbek tiliga tarjima qilingan holda taqdim etiladi.

Murodjon Ahmadaliyev

Ikkita singan oyoq, boksning sirli usullari va Murodjon Ahmadaliyevning chempionlik yo‘li haqida

«Menga endi hech qachon yura olmasligimni, endi boks tusha olmasligimni aytishgandi», - deydi Murodjon Ahmadaliyev tarjimoni Alik Frolov orqali. «MJ» bolaligi, qiyinchiliklar haqida gapirayotganida uning ovozidan his-hayajon sezilib turardi.

O‘tgan yilning aprel oyida DAZN va Matchroom Boxing bilan shartnoma imzolanganidan so‘ng bokschining faoliyatida portlash yuzaga keldi. Joel Dias qo‘l ostidagi 25 yoshli sportchi professional boksdagi sakkizta jangdayoq ikkita chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi. Janglarning so‘ngida u yanvar oyida Daniyel Romanni mag‘lub etdi.

Ushbu muvaffaqiyatlar o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q. Murodjon bungacha qattiq mehnat qildi. 9 yoshida u «uy bolasi» sifatida otasiga, oilasiga yordamlashardi. Ota-ona, ikkita opasi bilan O‘zbekistonning Namangan viloyatida yashaydigan Murodjnning maqsadlari yuqori edi.

«Bizda deyarli hech narsa yo‘q edi», - deydi Kaka. «Kaka» - uning laqabi. Murodjon yoshligida futbolni, jumladan braziliyalik pleymeykerning o‘yinlarini yaxshi ko‘rardi va uning futbolkasini kiyib yurardi.

«Yozda parkda ishlaganman, kunlik maosh qariyb 2 dollarni tashkil etardi»

«Qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishga tayyor edim. Vaqtida yozda parkda ishlaganman. U yerga tashrif buyuruvchilar suratga tushishardi. Mening ishim kim suratga olsa, ularni tezda ishlab, egalariga topshirishdan iborat edi. Parkda menga raqobatchilar ham bor edi, shuning uchun mendan bu ishni qilishda tezkorlik talab etilardi.

Murodjon suratlarni tayyorlash uchun uch mil (4 kilometrdan ortiqroq - izoh mual.) yugurardi, qaytishda yana shuncha masofani bosib o‘tardi. Raqobatchilarda alternativ transport vositasi bo‘lsada, u tezroq harakat qilardi.

«Xodimlar meni yaxshi ko‘rishardi, shuning uchun har yozda parkdagi eng yaxshi ishlardan birini berishardi», - deydi Murodjon.

Maosh kuniga qariyb ikki dollarni tashkil etar, Murodjon esa yangi krossovka sotib olish uchun bir hafta davomida pullarni yig‘ib borardi.

Bu vaqtda sportchi futbolni sevardi. Lekin, uning yaqin do‘sti boksga qatnashni boshlaganidan so‘ng «MJ» ham u bilan birga yangi sport turiga mehr qo‘ya boshladi. Kichkina, ozg‘in, yetarli vazn toifasiga ega bo‘lmagan Murodjon musobaqalarda qatnashishi uchun 11 yoshga to‘lishi kerak edi. Ana shundan so‘ng u rasman turnirlarda qatnashish imkoniga ega bo‘lardi.

«Mashina urib ketganida ham, boksga qayta olishimga ishonardim»

Kunlardan bir kuni yo‘lda Murodjonni mashina urib ketadi va qahramonimizning oyog‘i sinadi.

«Menejyerning jahli chiqdi. U tez yordam chaqirdi va meni kasalxonaga olib borishdi. Men ishimni yo‘qota olmasdim. U yerga borganimda shifokorlar jarohatimni gapirib berishdi va tuzalib ketishim uchun sakkiz oy kerak edi.

Men o‘sha payt ilojsiz edim, lekin yana boksga, eng asosiysi ishimga qayta olishimga ishonardim», - deydi u.

Oradan sakkiz oy o‘tdi va oila a'zolari hamda shifokorlarning qarshiligiga qaramay, Murodjon boks zaliga qaytdi.

«Men kechki payt soat 5 gacha ishlab, sekin boks zaliga ketardim. Oyim ishga ketayotganimda menga non va choy berib yuborardilar. Men esa ularni mashg‘ulotlarga ham kuchim yetishi uchun ishdan so‘ng yerdim. Uyga soat 7 da kirib borardim. Bunday holat yarim yil, ya'ni uydagilar bundan xabardor bo‘lib qolishgunicha davom etdi. Bundan ularning jahli chiqdi. Lekin boks zalidagi murabbiyim bilan gaplashganidan so‘ng, ular menda iste'dod borligini tushunib yetishdi.

Foto: Matchroom Boxing

Men jarohatlardan qutuldim. Ammo, ikki yildan so‘ng oyoq harakatlaridagi muammoga duch keldim. Men bunday holatda raqibimdan tezkorroq harakat qila olmasligimni tushunib yetdim, shuning uchun zarbalarga chap berib qolish evaziga ustunlik qilish mumkinligini o‘rgandim. O‘ylaymanki, bu menga professional sifatida yordam berdi».

Boksdan ketish maslahati va muvaffaqiyatli yurish

Jarohat bir necha yildan so‘ng Ahmadaliyevga yana xalal bera boshladi. Unga 15 yoshida ikkinchi marotiba boksni tashlash maslahati berildi. Lekin u tibbiyot xodimlarining gaplariga e'tibor bermasdi.

«Bunday omadsizliklar menga yordam berdi. Men doim kichkina va kuchsiz bo‘lganim uchun, menda imkoniyat berilavermasdi. Lekin men taslim bo‘lmasdim va o‘zimga to‘liq ishonardim.

Singan burun, singan umurtqa va singan musht Ahmadaliyevning porlab chiqishi uchun tayanch bo‘ldi. Uni hech qanday og‘riq to‘xtatib qola olmasdi.

Foto: Matchroom Boxing

Tez orada Murodjon havaskor boksda muvaffaqiyatlarga erisha boshladi: u 2012 yili yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida kumush medal qo‘lga kiritdi, keyin esa kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining kumush medali, Rio Olimpiadasining bronzasi... O‘zbek sportchilarning yangi avlodi bo‘lgan Ahmadaliyev muvaffaqiyatni jamoadagi birdamlik bilan bog‘laydi.

«Barchasi havasdan boshlangandi», - deydi u O‘zbekiston bokschilari haqida gapirar ekan. «Ular havaskor boksdagi muvaffaqiyatlardan so‘ng O‘zbekistonda mashhurlikka erishishdi. Abbos Atoyev, Rustam Saidov, Elshod Rasulov va boshqalar. Men ularga intilardim.  Bizda shuningdek, Sobiq Ittifoq maktabini ko‘rgan yuqori saviyadagi murabbiylar bor edi».

U shuningdek milliy jamoadagi do‘stlarini ham hurmat qilishini ta'kidladi. «Biz juda yaxshi do‘stlar edik. Bu juda muhim. Isroil Madrimov va Bahodir Jalolov. Jamoada bizni muvaffaqiyat sari yetaklayotgan sog‘lom raqobat bor edi.

«MJ» professional boksga tezda moslashdi. Sakkizta jangdayoq ikkita chempionlik kamarini qo‘lga kiritib, Leon Spinksni rekordini takrorlash ajoyib natija bo‘ldi. Ammo, bu tarix endi boshlanayotganini ko‘rsatadi.

«Eng yaxshilari men uchun hali oldinda. Menga DAZN va Matchroom Boxing tomonidan ishonch bildirildi va men ham ularga ishonaman».

Maqsad va orzulari

Chempion IBF yo‘nalishidagi da'vogar Riosuke Ivasa bilan jang qilishi kerak. Ammo, u WBO yo‘nalishi chempioni Emmanuel Navarrete bilan ham to‘qnash kelish istagida.

«Bu ajoyib bo‘lardi, chunki bizning uslublarimiz o‘xshash. Biz bunga yetib kelmoqdamiz. Men Roman ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng katta tajriba to‘pladim va mehnat qilishda davom etyapman».

Hozircha 126 yoki 130 funt divizioniga ko‘tarilish haqida gap-so‘zlar yo‘q. Lekin, Ahmadaliyev o‘z kumiri Menni Pakyao yo‘lidan borishga ahd qilgan.

«Avvaliga 122 funtda mutlaq chempion bo‘lmoqchiman. Keyin ko‘ramiz. Men hozir ushbu vaznda o‘zimni yaxshi his qilyapman. Kelajakda balki boshqa vaznga o‘tarman. Hozir menga ishonmaganlarga qarab, «Men senga aytgandimku!» deyman», - so‘zlaydi Ahmadaliyev g‘urur bilan.

Yakunda esa shunday deb qo‘shimcha qiladi: «Men ko‘p gapirishni yoqtirmayman. Oldinda turgan yillar davomida kim eng zo‘ri ekanligini ring ko‘rsatadi».

O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: