Video: Sardobadagi toshqin vaqtida uyda qolib ketgan 61 yoshli ayol qutqarilgan

O‘zbekiston 20:34 / 18.05.2020 31950

Kun.uz Milliy gvardiya matbuot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, katta suv toshqini kelib qolgani sababli qattiq qo‘rquvga tushgan ayol uydan chiqolmay qolib, uyning ikkinchi qavatiga chiqib olgan.

«2 may kuni soat taxminan 13:00lar atrofida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari oddiy askar B.Qo‘chqorov va oddiy askar S.Soliyevlar qidiruv va qutqaruv ishlarini olib borish jarayonida uzoqdan ayol kishining yig‘i ovozi eshitilgan.

Harbiy xizmatchilar bu joyga yetib borishganida ayol kishining ovozi xonadonning ikkinchi qavatidan kelayotgani ma'lum bo‘lgan. Harbiy xizmatchilar yuqoriga oyna orqali chiqib, suv toshqini sababli qolib ketgan onaxonni tinchlantirib, uy ichidan xavfsiz joyga olib chiqishgan», – deyiladi Milliy gvardiya matbuot xizmati xabarida.

Ma'lum qilinishicha, 61 yoshli nafaqaxo‘r ayol (beva) ushbu xonadonda yolg‘iz yashab kelgan, ikki o‘g‘li u bilan birga yashamaydi.

Hozirda ayolning sog‘lig‘iga hech qanday xavf yo‘q.

Ma'lum qilinishicha, toshqindan so‘ng Milliy gvardiyaga biriktirilgan hududlardagi har bir xonadon ko‘zdan kechirib chiqilgan va yuqorida aytib o‘tilgan ayoldan tashqari yana 76 nafar fuqaroning hayoti saqlab qolingan.

Eslatib o‘tamiz, «Sardoba» fojiasi oqibatida 6 kishi – ikki ayol, to‘rt erkak halok bo‘ldi. Vafot etganlardan biri Milliy gvardiya serjanti edi. Shuningdek, bedarak yo‘qolgan yana bir xodimni qidirish ishlari davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: