Sardoba suv ombori qaysi tipga oid inshoot hisoblanadi? Vazir o‘rinbosari ma'lumot berdi

O‘zbekiston 22:36 / 18.05.2020 31335

Vohidjon Ahmadjonovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, xalqaro tajribada suv omborlari konstruksiyasi har xil bo‘lishi kuzatiladi: ular betondan yoki tuproqdan qilingan bo‘lishi mumkin, ayrim holatda toshdan qilinadi. 

«Har bitta suv ombor qurilayotgan joyning relefidan kelib chiqib, uni konstruksiyasi tanlanadi. To‘g‘onning qanday tipda bo‘lishi, uni qanday qurilishi, texnologiyasi o‘sha joyning relef, geologiyasiga qarab tanlanadi. Relef yassi bo‘lgan joylarda, asosan, tuproq-tosh aralash to‘g‘onlar quriladi. Misol uchun, bizda beton to‘g‘onlar ham bor. Bunga Andijon suv ombori misol bo‘la oladi. Uning relefi shunga mos, ya'ni katta tog‘oldi hududida barpo etilgan. Ikki tog‘ning o‘rtasini dara deymiz. O‘shaning oldinni yopsak, juda katta suv ombori hosil bo‘ladi. Bunda ko‘pincha temir beton yoki temirli konstruksiyadan foydalaniladi. 

Qanday konstruksiyadan foydalanishingizdan qat'iy nazar, birinchi navbatda, ishlar qurilish me'yorlari asosida amal oshiriladi. Qurilish me'yorlarisiz, uni xohlaganingizcha qura olmaymiz. Shunga asosan hisob-kitoblar qilinadi. Loyiha tuziladi, loyiha ekspertizadan o‘tkaziladi, tasdiqlanadi. Shundan so‘ng qurilish ishlari boshlanadi», – dedi Ahmadjonov.

Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarining aytishicha, Sardobadagi suv ombori qurilishi 2010 yilda boshlangan bo‘lib, 2017 yilgacha davom etgan. 

«Har bir qurilishda ham o‘zining texnogen jarayoni bor. Misol uchun, to‘g‘onning 32 metrgacha bo‘lgan qismi bor. To‘g‘onning eng baland joyi hisoblanadi. Bunda har bir qatlam qilinayotganda santimetrma-santimetr tuproq yotqiziladi. Xohlagan tuprog‘ingizni olib kelavermaysiz. Alohida fraksiyaga, alohida tarkibga javob beradigan tuproq bo‘ladi. Bunga alohida joy tanlanadi. O‘sha joyni geologlar aniqlab beradi. Demak, mana shu tuproqning tipiga mos bo‘lgan turi tanlanadi. O‘sha olib kelinadi va yotqizilib, bir necha marta katoklar yordamida zichlanadi. Oddiy tuproqqa nisbatan bu tuproq shu darajada zichlanadiki, uning zichligi oshiriladi. Deylik, xalq tili bilan aytganda, u shunaqa darajaga olib kelinadiki, ketmon bilan yoki belkurak bilan urib uni ko‘chira olmaysiz. Shunaqa darajada zichlanadi. Shundan so‘ng asta-sekin uning texnologiya bilan yotqizib beriladi. 

Ko‘plar savol berishi mumkin bu yetti yil qurildimi, deb. Ikki yilda ham qurish mumkin, agar texnologiya bo‘lmasa. Aynan mana shu mavjud texnologiyalar uni bosqichma-bosqich asta-sekin, qatlamma-qatlam ko‘tarish talab etiladi. Shuning uchun ham juda katta texnika, juda katta mutaxassislar bo‘ladi va doimiy texnologiya asosida qurib boriladi. 

Umuman, uning nazorati to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘p chiqyapti: «Armatura qo‘ymagan, beton quyilmagan», deb. Bunaqa tipdagi suv omborlarda temir beton, armatura konstruksiyasi to‘g‘onning o‘zining dambasiga ishlatilmaydi. Mana suv chiqarish inshooti bor. O‘sha joyda to‘liq betondan qilinadi. Loyihachilar tomonidan hisob-kitob qilinadi: qaysi joy temirdan bo‘lishi kerak, qaysi joy betondan bo‘lishi kerak, qaysi joy tuproqdan, toshdan bo‘lishi kerak. Sardoba suv ombori asosiy to‘g‘onning o‘zi zichlangan maxsus tuproqdan bo‘lgan. Uning yuza qismi qismiga to‘liq xarsang toshlar to‘kilgan bo‘lgan. Demak, toshli va tuproqli suv ombor bu. 

Yuqorida aytib o‘tdik, eng mashhuri, kattasi Tojikistondagi Nurek suv ombori ham tuproq va toshdan qilingan. Balandligi 300 metr. Dunyodagi eng baland to‘g‘on hisoblanadi. Bu ham shu tipdagi suv ombori hisoblanadi», - deya fikrini yakunladi u.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: