O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tish maqsadini aniqlash tartibi tasdiqlandi

O‘zbekiston 08:24 / 18.05.2020 4704

Hujjat bilan jismoniy shaxslar tomonidan respublika bojxona chegaralari orqali tovarlarni olib o‘tish maqsadi tovar xususiyati, miqdori va olib o‘tish takroriyligidan kelib chiqqan holda bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan aniqlanishi belgilangan.
 
Norma’ning yozishicha, hujjatga muvofiq:

jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan shaxsiy, oilaviy (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i va farzandlari) ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan hamda tadbirkorlik yoki boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan tovarlar shaxsiy ehtiyojlar uchun tovarlar jumlasiga kiritiladi;

bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan ishlab chiqarish, tadbirkorlik yoki boshqa tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlar tijorat maqsadlari uchun tovarlar jumlasiga kiritiladi.
 
Bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan tovarni olib o‘tish maqsadi to‘g‘risida qaror qabul qilishda quyida keltirilgan mezonlarga asoslaniladi.

1. Chegara bojxona posti orqali tovarlarni olish o‘tishda:

tovar xususiyati – tovarlarning iste'mol xususiyatlari, uning tijorat maqsadida foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan, shaxslarning shaxsiy, oilaviy va maishiy ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallanganligi inobatga olinadi;

bir turdagi (bir nomdagi, bir o‘lchamdagi, bir shakl hamda rangdagi) tovarlarning miqdori. Tovar miqdori tovarlarni olib o‘tayotgan jismoniy shaxs va uning oila a'zolari ehtiyojlaridan ortiq miqdordagi tovarlar tijorat maqsadida foydalanish uchun olib kiritiladigan tovarlar deb e'tirof etiladi;

tovarlarni olib o‘tishning takroriyligi – ayni bir shaxs tomonidan bir turdagi tovarlarning oz miqdorda bo‘lsa-da, bir necha bor olib kirilishiga, agar tovarlarni olib o‘tayotgan shaxs aksini isbotlab bermasa, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun tovarlarni olib kirish deb e'tirof etiladi. Chegara xizmati organlari tomonidan fuqarolik pasportiga qo‘yiladigan belgi respublika chegarasidan o‘tkazish punktidan o‘tish takroriyligini aniqlash uchun asos hisoblanadi;

safarning holatlari – safarning maqsadi va davomiyligi, kelish davlati inobatga olinadi;

huquq-tartibot organlaridan tovarlar va ularni olib o‘tayotgan shaxslar to‘g‘risida kelib tushgan ma'lumotlarning mavjudligi hisobga olinadi.
 
Shuningdek oila tarkibi, shaxsning ko‘rsatib o‘tilgan tovar turlariga ehtiyoji va olib o‘tiladigan tovarlar turlari ham inobatga olinadi.
 
2. Xalqaro pochta va xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali, shu jumladan xorijiy davlatlarning internet-do‘konlarida xarid qilingan tovarlarni olib o‘tishda quyidagilar inobatga olinadi:

XPJ va XKJ oluvchining yoshi uning manziliga jo‘natilgan tovarlarning xususiyatlari bilan muvofiqligi;

bir manzil bo‘yicha yashovchi bir yoki bir necha jismoniy shaxs tomonidan olib o‘tiladigan bir xil turdagi tovarlarni olib o‘tishning takroriyligi;

deklaratsiyada ko‘rsatilgan tovarlarni qabul qiluvchi manzilning jismoniy shaxs haqiqatda ro‘yxatdan o‘tgan joyi bilan farqliligi.
 
Jismoniy shaxslar tomonidan olib o‘tilayotgan bojxona to‘lovlari undirilmaydigan va tadbirkorlik yoki boshqa tijorat faoliyati uchun mo‘ljallanmagan tovarlar respublikaga olib kirishning cheklangan me'yorlaridan ortganda, cheklangan me'yorlardan ortiq qismiga nisbatan bojxona to‘lovi undiriladi.
 
Bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim turdagi tovarlar olib o‘tilganda, ularning miqdori olib kirish me'yorlaridan ortgan taqdirda, ularga nisbatan bojxona qonun hujjatlarida belgilangan bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari olib o‘tilayotgan tovarlarning umumiy miqdoriga nisbatan qo‘llaniladi.

Respublika bojxona hududiga kuzatib borilayotgan va kuzatib borilmayotgan bagajlarda shaxsiy ehtiyojlar uchun bo‘lgan tovarlarning olib kirish cheklangan normalari ilgari foydalanishda bo‘lgan shaxsiy ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan tovarlarni hisobga olmagan holda quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:

eskirish, qirilish, bukilish va boshqa ishlatilganlik belgilari mavjudligi;

birkalar, yorliqlar, ishlab chiqaruvchi o‘rovi yo‘qligi;

tovarlarni odatiy tartibda foydalanish uchun yetarli bo‘lgan darajada bitta yoki boshqa miqdorda, shu jumladan mavsumiyligini, sayohat maqsadini, transport turini, yo‘nalish davomida yoki yetib borish manzilida obektiv zaruratligi va boshqalar.
 
Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlar «yashil» yo‘lak orqali olib o‘tilishining qonuniyligi nazorati bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan tanlov asosida va ushbu Nizomda belgilangan shartlarga rioya etilmagan hollarda amalga oshiriladi.
 
Hujjat 14.08.2020 yildan kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: