Toshkentda dushanbadan boshlab 06:00–22:00 oralig‘ida avtomobillar harakatiga ruxsat beriladi

O‘zbekiston 19:21 / 17.05.2020 116801

Qoidaga binoan, avtotransport vositalari salonida jami 4 nafardan ortiq kishi bo‘lmasligi kerak.

Ayni paytda poytaxt Toshkent shahrining barcha tumanlari «sariq» toifaga kiritilgan.

«Yashil» hududlarda avtomobillar harakatiga cheklovlar avvalroq bekor qilingan edi.

«Qizil» toifadagi tuman va shaharlarda esa 30 apreldan e'tiboran o‘rnatilgan tartib amal qilishda davom etadi: fuqarolar 07:00dan – 10:00gacha va 17:00dan – 20:00gacha ish joyiga borib-kelish, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun transport vositalaridan foydalanishlari mumkin.

18 maydan boshlab, ayrim ichki yo‘nalishlardagi aviareyslar va yo‘lovchi poyezdlari harakati ham tiklanadi. Bunda yo‘lovchilar oldindan koronavirusga test topshirishi va boshqa qator talablarga rioya etishi zarur.

15 maydan boshlab, hududlarning toifasiga qarab jami 20ga yaqin faoliyat turlariga ruxsat berilgan.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlari soni asosan karantindagi fuqarolar hisobiga ortib borayotgani aytilmoqda. «Bemorlar soni ortayotgani karantin cheklovlari yumshatilishi bilan bog‘liq emas», – deb ma'lum qilgan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi shtab a'zosi Habibulla Oqilov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 may kungi yig‘ilishda karantin tartibi amal qilishda davom etayotganini ta'kidlab, aholi va rahbarlarni hushyorlikka chaqirgan edi

Mamlakatda karantin tartibi 1 iyungacha uzaytirilgan.

Ma'lumot uchun, hozirda O‘zbekiston shifoxonalarida 489 nafar bemor Covid-19`dan davolanmoqda.

Koronavirus yuqtirib olgani aniqlangan 2746 kishining 81 foizi – 2245 nafari tuzaldi, 12 kishi vafot etdi.

Ko‘proq yangiliklar: