Samarqandda karantin qoidalari kuchaytirilgan tartibda davom ettiriladi

O‘zbekiston 23:47 / 17.05.2020 35771

Mamlakatda karantin qoidalarini yumshatish choralari ko‘rilayotgan bo‘lishiga qaramay, Samarqand shahri hududida cheklovlar kuchaytirilgan tartibda davom ettiriladi. Bu haqda viloyat maxsus komissiyasi vakillari ishtirokidagi brifingda aytilgan.

18 maydan respublikaning ba'zi hududlarida, xususan Toshkent shahrida 06:00dan 22:00gacha shaxsiy avtomobildan foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu «sariq» hududlarga tegishli holat. Yashil hududlar uchun esa cheklovlar oldinroq yumshatilgandi.

Ayni damda «qizil» hudud bo‘lib turgan Samarqand shahrida esa karantin cheklovlari kuchaytirilgan tartibda davom ettiriladi. Shu munosabat bilan viloyat IIB fuqarolarga murojaat bilan chiqdi:

«Bugungi kunda Samarqand shahrida karantin cheklovlari yumshatilmaganligini inobatga olib, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi fuqarolarni ogohlantiradi.

Hurmatli samarqandliklar! Zaruratsiz uydan chiqmang!

Ehtiyojlar uchun bozor, do‘kon yoki dorixonalarga chiqqaningizda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlang! O‘zingizda kasallik belgilarini sezsangiz, zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qiling!

Karantinning barcha cheklovlariga qat'iy rioya qiling! Ko‘chada bemaqsad yurgan fuqarolar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar», deyiladi IIB bayonotida.

Ijtimoiy tarmoqlarda xususan samarqandlik foydalanuvchilar ham ertaga 18 maydan shaxsiy avtomobilda harakatlanish mumkinligini muhokama qilmoqda. Ammo karantin cheklovlari yumshatilmagan Samarqand shahrida faqat stiker va maxsus ruxsatnomasi bor mashinalarning harakatlanishiga ruxsat beriladi. Qolgan vaqtda harakatlangan haydovchilar jarimaga tortiladi.

Shaharda stikersiz va maxsus ruxsatnomasiz mashinalarning harakatlanishiga hozircha ruxsat yo‘q.

Ma'lumot uchun, Samarqandda 261 kishi koronavirus yuqtirgan va ulardan 154 nafari sog‘aygan. Shuningdek, bir kishi virus sabab halok bo‘lgan. Ayni damda Samarqandda 107 kishi davolanmoqda. Oldinroq viloyatdagi «kasallik o‘choqlari» haqida ma'lumot berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: