Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning Moskvadagi bosh konsuli - charter reyslar, firibgarlar va Samaradagi holat haqida
Koronavirus pandemiyasi Rossiyadagi millionlab o‘zbekistonliklar hayotiga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. Qiyin ahvolda qolgan vatandoshlarimizdan tahririyatimizga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, Kun.uz O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi bosh konsuli Mehriddin Xayriddinov bilan bog‘landi.

O‘zbekistonga charter reyslardan joy olish ro‘yxati kim tomonidan va qay tartibda tuzilmoqda?
– Rossiyada juda ko‘p o‘zbekistonliklar yashab, mehnat faoliyatini olib boradi. 16 martdan buyon ulardan bo‘layotgan murojaatlarni qabul qilish uchun telegram-bot yo‘lga qo‘yilgan. Botdagi havola orqali fuqaroning o‘zi ism-familiya, pasport va boshqa ma'lumotlarini qoldiradi, bot bu ma'lumotlarni avtomatik tarzda ro‘yxatga kiritib boradi.
Odamlar bir necha marotaba ro‘yxatga yozilish holatlari ham bor. Buni tozalashga ham ancha vaqt ketyapti. Shuning uchun ro‘yxatga kirishni istagan fuqarolardan iltimos qilgan bo‘lardim, 10-20 martalab ro‘yxatdan o‘tishmasin.
Charter reyslar masalasini kim hal qiladi?
– Charter reyslar faqatgina Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan yo‘lga qo‘yiladi. Qachon charter qo‘yish masalasi O‘zbekistondagi statsionar karantin o‘rinlarining soni va boshqa omillarni ko‘rib chiqqan holatda belgilanadi.
«Elchixonalar ro‘yxat taqdim etadi, xolos»

– Elchixonalar faqat ro‘yxatni taqdim etadi. 50 mingdan oshiq odam kiritilgan ro‘yxat bor. 60 mingga yaqinlashmoqda. Reys muddati ma'lum bo‘lgandan keyin birinchi navbatda o‘ta og‘ir kasallar, homilador ayollar, keksalar, yosh bolalilar tanlab olinadi. Ro‘yxat ichidan qaysi biri og‘irroq, qaysi biri yengilroq holatda ekaniga qarab tanlab olinadi. Ularni tanlashning o‘zi ham mas'uliyat, chunki bunday toifaga kiruvchi odamlar ham ko‘p.
Fuqarolar shunday paytda bag‘rikenglik namoyon qilishsa, matonatli bo‘lishsa, yanada maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Bemor yoki homiladorlik uchun soxta hujjatlar tayyorlovchi tovlamachilar paydo bo‘lgan
– Bunday iltimoslar juda ham ko‘p. Odamlarni tanlab olish – katta mas'uliyat. 4 ming nafar homilador bo‘lganda, birinchi reysda 250 kishi ketsa, qaysi biri ketadi, buni hal etish – mas'uliyat. Kimni ro‘yxatga tezroq kiritish shu odamning salomatligi bilan bog‘liq. Ro‘yxatga kiritadigan odam buni his qiladi, o‘zidan o‘tkazadi. Keyingi ro‘yxatdagilar navbatdagi reysgacha sog‘ bo‘lsin, degan narsa xayolidan o‘tadi.
Og‘ir kasallar, nogironlar olinadi, degan e'londan keyin, telegram-botda hamma birdaniga «kasal» bo‘lib qoldi. Kasal bo‘lsa, hujjatini ko‘rsatadi, uning rost-yolg‘onligi tekshiriladi.
Buning ham yo‘lini qiladiganlar chiqib qolgan. Bundan tovlamachilar ham foydalanib qolishyapti. Homiladorlik, kasallik bo‘yicha soxta hujjat tayyorlash holatlari ham bor. Ularning hammasini rentgendan o‘tkazib, haqiqatdan shunday ekanini tekshirish imkoniyatimiz yo‘q.
Elchixonaning telefon raqami nima uchun doim band?
– Bizda ichki telefonlar bor. Shtab nomerlaridan tashqari konsullik nomerlari ham bor. U yerga ham shahardan telefon qilishadi, ham ichki qo‘ng‘iroqlar uchun foydalaniladi.
Telefonda deyarli bir xil savollar beriladi: qachon charter reys bo‘ladi, qachon ketamiz, ro‘yxatda bormanmi-yo‘qmi?.. Elchixonaning saytida, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarda barcha ma'lumotlar berib borilyapti.
Veb-sayt: uzembassy.ru
Facebook: @UzEmbassyru
Instagram: @UzEmbassyRussia
Telefon qilib so‘raganda ham shu ma'lumotlar beriladi. Telefon qilib so‘rab, xodimlarning o‘zidan eshitishni istaydiganlar ko‘p.
Ma'lumotini yuborganlarning ro‘yxatda borligi aniq. Saytda va sahifalarda birinchi navbatda qaysi toifadagi odamlar yuborilishi ko‘rsatilgan. Agar shu toifaga kirmasa, navbati kelganda ularga ham aloqaga chiqiladi.
Bunday shikoyatlar borligi rost. Ochig‘ini aytish kerak, hamma xodimlarimiz telefonga javob berish bilan band. Vaziyatni to‘g‘ri tushunish kerak, qiynalgan toifadagi odamlarga o‘z vaqtida javob bersak, foydaliroq bo‘ladi. 10-15 daqiqalab telefonda gaplashib o‘tiradigan odamlar ham bor. 100 nafar odam telefon qilib, 5-6 daqiqadan gapirib o‘tirganda ham 600 daqiqa – 10 soat ketadi.
Bu bizning muammo, to‘g‘ri. Uni hal qilyapmiz. Endilikda, quyidagi ikkita telefon raqami orqali koll-markazda 24 soat javob beriladi. Har bir telefonda 5-6ta kanal bor. Robot nechanchi navbatda turganini aytadi, sal navbat kutish kerak bo‘ladi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Call-markaz telefon raqamlari:
+74992300076
+74992383620
Fuqarolarni bu yerdan olib ketishga eng manfaatdor – o‘zimizning hukumat, prezident va elchixona bo‘ladi. Shuning uchun sal sabr qilish kerak. 12 maydan Rossiyada qurilish obektlarida, sanoat korxonalarida ish boshlandi. Bu yerda ham hozir ishchi kuchi yetmayapti. Ozgina harakat qilib, ishni qidirib topsa bo‘ladi.
O‘zbekistondagi sharoitni tushunib, hissa qo‘shaylik. Bu narsalarning o‘zi bo‘layotgani yo‘q. Vatanparvarligimizni namoyon qilishning ayni payti emasmi hozir? Butun dunyoda bo‘layotgan ofat bu. Hech kim bu narsalarga tayyor bo‘lmagan.
«Qozog‘iston bilan chegaraga chorlash oldinroq boshlangan»
– Rossiya-Qozog‘iston chegarasiga chorlash harakati sal avvalroq boshlangan edi. Ayrim manfaatdor shaxslar turli ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarda chegaraga chorlashni boshladi. Chegaraga borib, 5 kun yotsak, bizga ochib berishadi, ketamiz, degan gap bo‘lgan. Vaholanki, ilgari bu mashinalar har bir yo‘lovchi uchun 5-6 ming olgan bo‘lsa, endi kishi boshiga 20-30 mingdan so‘ragan. Shunga da'vat qilganlarni shaxsan topib, gaplashganman. Tushunib, aytgan gapiga raddiya berganlar bo‘ldi.
Feysbukdagi sahifamizda bunday provokatsiyalarga uchmanglar, deb e'lon ham qildik. Shunga qaramasdan, borishdi.
Chegaraga to‘planganlar faqat bir marta istisno tariqasida o‘tkaziladi
Hozirgi paytda Tashqi ishlar vazirligi, respublika maxsus komissiyasiga bu ma'lumotlar yetkazilgan. Qozog‘iston hukumati bilan muzokaralar olib borilyapti. Elchimiz Orenburg, Samara viloyatlari gubernatori, Rossiya Ichki ishlar vazirligining birinchi o‘rinbosari bilan gaplashdilar. O‘sha yerda bo‘lib turgan fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash, masala yechilgunga qadar joy qilib berish bo‘yicha muloqot olib borildi. Samara gubernatori o‘sha yerdagi fuqarolarimizga palatka qo‘yib beradigan va issiq ovqat bilan ta'minlaydigan bo‘ldi.
Lekin bu «bir martalik shantaj» qilindi, endi chegarani ochib berishadi, degan gap emas. Koronavirus ham o‘tib ketadi, faqat o‘zini o‘ylash kerak emas. Faqatgina huquqni talab qilish emas, qonuniy majburiyatlar haqida ham unutmaslik kerak. Rossiyada bo‘lish talablariga rioya qilish kerak.
Chegaradagi holat bo‘yicha qo‘l qovushtirib o‘tirilgani yo‘q. Ayollar, homiladorlar bor, mashina qilib beramiz, deb aldab olib ketishgan.
Elchixonaning «Mehr» tashabbusi haqida. Unga Rossiyadagi tadbirkor vatandoshlar qo‘shila oladimi?
– Elchixonada alohida hisob raqami ochilgan. Xayriya mablag‘lari o‘tkazish uchun raqamlarning barchasi saytimizda bor. U yerda yordam so‘rash uchun ham, mablag‘ xayriya qilish uchun ham ma'lumotlar ko‘rsatilgan.
Mablag‘ ham cheksiz emas, shuning uchun eng og‘ir toifadagi odamlarga beriladi. Qaysi toifadagi fuqarolarga berilishi ham ko‘rsatilgan.
Uzoq hududlardagi vatandoshlar yordam olish uchun kimga murojaat qiladi?
– Ular sayt orqali murojaat qilishlari mumkin. Bundan maqsad – jarayonni avtomatlashtirish. Bizda ham resurslar cheklangan. Shuning uchun jarayon avtomatlashtirilgan. Bu platformaga boshqa konsulliklar ham ulangan. Qo‘ng‘iroq qilib ham, elektron pochta orqali ham murojaat qilsa bo‘ladi. Saytdan kirish shart, degan talab yo‘q. Faqatgina ko‘rsatilgan toifalardan biriga mansubligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lsa, elchixonaga yoki konsullikka taqdim etishi kerak.
Bekor qilingan doimiy reyslarga olingan chiptalar masalasi
– Fuqaroning qo‘lida boshqa aviakompaniyalarning emas, faqatgina milliy aviakompaniya – Uzbekistan Airways reyslariga chipta bo‘lsa, bekor qilingan reyslarga bo‘lsa ham chipta bir yil mobaynida o‘z kuchida qoladi. Shu chipta bilan o‘sha joydan uchib ketaveradi.
Pandemiya tufayli bu chiptalar bir yil davomida o‘z kuchini saqlab qolishi belgilangan. Bu faqat milliy aviakompaniya chiptalari uchun. Rossiyada qolaman, ishlayman, deganlar bo‘lsa, aviakompaniyaning barcha viloyatlarda vakolatxonalari bor, ularga murojaat qilinsa, chipta uchun to‘langan summani qaytarib olishlari mumkin.
Yo‘q charter reys uchun chipta sotuvchi tovlamachilar ham paydo bo‘lgan
– Hozirgi charter reyslar uchun ham chipta narxi – 11 ming rubl. Ilgari bunday narx bo‘lmagan, sharoitdan kelib chiqqan holda pasaytirib qo‘yilgan. Tovlamachilar ham paydo bo‘lgan. Mavjud bo‘lmagan reyslarga chipta sotib olishni taklif qiladiganlarga aldanib qolmaslik to‘g‘risida ham ogohlantirish berganmiz.
Hatto elchixona nomidan chiqib, shu karta raqamiga pul tashlang, falon sanada reys bo‘ladi, ketasiz, mazmundagi holatlar ham bo‘lgan. Mahalliy huquqni muhofaza qilish holatlariga ham ularni berganmiz.
Kim bo‘lishidan qat'i nazar, bank kartasiga pul o‘tkazinglar, degan gaplarga ishonishmasin. Chiptalar aviakompaniyaning kassalaridagina sotiladi.
«Elchixona yoki konsullik yonida to‘planish – karantin qoidalarini buzish»
– Fuqarolardan iltimos qilmoqchi edim. Ko‘pchilik elchixonaning oldiga kelib, viloyatdagi konsulliklar oldida to‘planib, men ketaman, meni birinchi jo‘natasan, degan murojaatlar kuzatilyapti.
Hamma vaqt eshitishga tayyormiz. Lekin, shuni unutmaslik kerakki, Rossiyada ham hozir pandemiya. Bu davrda o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish talabi bor, ijtimoiy masofalanish bor. Moskvada maxsus ruxsatnoma bilan ko‘chaga chiqiladi. Bu bekorga emas. Koronavirus aniqlangan, qo‘lida «Rospotrebnadzor»ning uy izolyatsiyasida bo‘lish ko‘rsatmasi bo‘lgan fuqarolar ham kelib, boshqalar bilan aralashib yurgan holatlarni ham bildik. Biz bilmagan holatlar qancha?
Barcha ma'lumotlarni onlayn olsa bo‘ladi
– Elchixona xodimlarini haqoratlaganlar bor. Biz bu haqoratlarni eshitishga ham tayyormiz. Shu shart bilan ishlashga kelganmiz. Aloqa raqamlari ko‘rsatib osib qo‘yilgan e'lonlarni yulib tashlash, tosh otish, haqoratlash holatlari bo‘lgan. Bu bo‘yicha hamma videolavhalar bor. Bunaqa qilish bilan baribir hech narsa o‘zgarmaydi. Uyda o‘tirib ham ma'lumot olish mumkin.
Bir joyda to‘planib turishsa, ruxsatnomasi bo‘lmasa, huquqni muhofaza qiluvchi mahalliy idoralarning e'tiborini tortishi tabiiy. Politsiya chaqirish bizning xayolimizga kelgani yo‘q. Ular o‘zining vazifasini bajaryapti. Hamma bir-birini tushunishi kerak. Fuqarolardan shuni iltimos qilgan bo‘lardik.
Tavsiya etamiz
Roman Starovoyt – urushning kursidagi qurboni
Jahon | 22:00 / 08.07.2025
Qozog‘istonda kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olindi
Jahon | 17:57 / 08.07.2025
11 iyuldan IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish bekor qilinadi
O‘zbekiston | 15:45 / 08.07.2025
O‘zbekistonning 5 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zbekiston | 13:18 / 08.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Belarusda Tixanovskaya demokratik kuchlarining vakillari «terrorchilar» deb tan olindi
Jahon | 13:57
-
O‘zbekistonning issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qo‘shadigan hissasi ortadi
O‘zbekiston | 13:53
-
Zaruratdan muvaffaqiyatgacha: Ayol uchun “Me‑time” qanchalik muhim?
Jamiyat | 13:47
-
AQSh Ukrainaga ayrim turdagi qurollarni yetkazib berishni qayta tikladi
Jahon | 13:37
Mavzuga oid

12:14 / 23.06.2025
Iordaniyadan Toshkentga charter reys tashkil etilmoqda

08:40 / 13.05.2025
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti MH17 halokati uchun Rossiyani javobgar deb topdi

17:02 / 12.05.2025
Rossiyada xorijliklarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi o‘zgaradi

14:54 / 12.05.2025