Buxoro va Xorazmda sog‘ayish ko‘rsatkichi yuqori bo‘ldi, eng ko‘p bemor Toshkent va Samarqandda

O‘zbekiston 01:51 / 17.05.2020 49701

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev o‘zining telegram kanalida koronavirus bo‘yicha yangilangan statistikani e'lon qildi. Unda Xorazm va Buxoro viloyatlari sog‘ayish bo‘yicha yuqori ko‘rsatkich qayd etayotgani ko‘ringan. Buxoroda 440 kishi virus yuqtirib, 433 kishi tuzaldi. Hozirda yana 7 kishi davolanmoqda. Ya'ni, tuzalish ko‘rsatkichi 98 foizga teng.

Xorazmda ham tuzalish bo‘yicha 98 foizlik ko‘rsatkich qayd etilgan. Viloyatda koronavirus yuqtirgan 233 fuqarodan 228 nafari tuzalgan, 5 kishi davolanmoqda. Bugun viloyatda 18 kishi tuzalib, reabilitatsiyaga yuborildi. Ularning 5 nafarigina mahalliy xorazmlik bo‘lgan, qolganlar boshqa viloyatlardan.

Bugun eng ko‘p Toshkent (27 nafar) va Xorazmda (18 nafar) bemorlar tuzaldi. Jumladan, Toshkentda 4 va 11 yoshli bolalar ham tuzalgan. Samarqandda ham bugun 10 kishi virusdan tuzalib, reabilitatsiyaga yuborildi. Ular Oqdaryo (5 nafar), Samarqand shahri (3 nafar) va Toyloq tumanlaridan (2 nafar) bo‘lishgan. Bemorlar orasida 2019 yilda tug‘ilgan chaqaloq ham bor.

Ayni damda hududlar bo‘yicha eng ko‘p bemorlar Toshkent shahri (309 nafar) va Samarqand viloyatida (107) davolanmoqda. Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘ona virusdan holi hudud bo‘lib turibdi. Sirdaryoda ham bemor qolmagan, chunki ularning barchasi Toshkentga olib kelingan.

Ko‘proq yangiliklar: