Sirdaryoda ko‘p qavatli uylar o‘rtacha 110 kunda quriladi – vazir o‘rinbosari

O‘zbekiston 13:53 / 16.05.2020 6978

“Buyuk Britaniyaning qurilish kompaniyasi arxitektori, urbanist Jon Devis bilan Sirdaryoning suv toshgan hududlarida yangi uylar qurilishi masalasi bo‘yicha gaplashdik. Jon Devis bizga aholi zich hududlarni tanlab u yerda ko‘p qavatli uylar qurish taklifini berdi. Bu yondashuv butun dunyo tajribasi hisoblanadi. Sirdaryoda shu paytgacha mavjud bo‘lgan uylarni ko‘rganimizda, ularning aksariyati o‘tgan asrning 70-yillarida temir-beton usulida qurilgan va shaharsozlik qoidalariga amal qilgan holda loyihalangan. Shu uylarning hammasi saqlanib qoldi. Shunday turdagi ayrim uylar buzilgan. Sababi odamlar ularning konstruksiyasini o‘zgartirishgan va oqibatda talafot yetgan. 

Endigi vazifamiz shundan iboratki, yangi uylarni zamon talablariga moslab quramiz. Ta'mirtalab uylarga gaz yetkaziladi, qishda issiq, yozda salqin bo‘lishi uchun mahalliy ishlab chiqariladigan bazalt qoplamalari bilan qoplanadi, zarurat bo‘lsa, tomlari yangilanadi, ichki qismi ham to‘liq ta'mirlanadi. Zarar yetgan uylar 3 xil loyiha asosida qurilgan va ularning har biri uchun alohida reja ishlab chiqdik. 

Aholining eng zich bo‘lgan 3 ta hududi (Navbahor MFY, Do‘stlik MFY va Shodlik MFY)da ko‘p qavatli uylar qurish mo‘ljallandi. Qurilish 110 kunda amalga oshiriladi. Lekin ketma-ketligi bor. 2- 2,5 oyda bir necha bosqichda quriladi. Shodlik MFYda bir qancha ko‘p qavatli uylar qurilgandi. Uning yonida Haqiqat MFY joylashgan. Ikkita mahalla Oqoltin va Mirzaobod tumanini o‘zaro bog‘lab turadi. Shu sababli bog‘lovchi nuqtada 5 qavatli uylar quriladi. Bu yerda aholining yashash tarzi ham hisobga olindi. Mahalliy aholi atrofdagi yerlarda dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan. Maqsadimiz aholi zich hududlarda uylarni qurib, foydalaniladigan yerlarni saqlab qolish va odamlarga u yerda ishlashlari uchun sharoit yaratishdir. Shodlik MFYda 20 ta ko‘p qavatli, 800 ta xonadondan iborat uylar quramiz. Ularning oldida boshqa ijtimoiy obektlar ham quriladi. Navbahor MFYda ko‘p uylar temir-beton usulida qurilgan uylar yaroqli. Ularning yonidan bo‘sh yer ajratib, 9 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi. Shuningdek, kanalizatsiya va kommunikatsiya tizimi ham olib kelinadi. Do‘stlik MFYda esa 37 ta ko‘p qavatli, 1480 ta xonadondan iborat uylar quriladi. Bu yerda uylar energotejamkor bo‘ladi va tashqi qismi bazalt qoplama bilan qoplanadi. Uylar blok shaklida quriladi. Tayyor qurilgan uylarga aholi joylashtiriladi va keyingi uylarni qurishda davom etaveramiz. Bu inshootlarni samarali bo‘lgan temir-beton usulida quryapmiz”, - dedi vazir o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: