Respublika ta'lim markazi faoliyati takomillashtiriladi

O‘zbekiston 09:17 / 16.05.2020 3148

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Respublika ta'lim markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Respublika ta'lim markazining vazifalari, tashkiliy tuzilmasi, xodimlar mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda, ta'lim muassasalariga metodik xizmat ko‘rsatishning mavjud institutsional tizimini yangilash hamda darsliklar va o‘quv-metodik majmualar yaratishning yangi mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Respublika ta'lim markazining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

ilg‘or pedagogik texnologiyalar va innovatsion o‘qitish usullaridan keng foydalangan holda umumiy o‘rta ta'limning o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish hamda tajriba-sinov ishlariga rahbarlik qilish;

fanlarni o‘qitish metodikasi va o‘quvchilarning bilimlarini baholashning zamonaviy uslublarini ishlab chiqish, shuningdek ta'lim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan o‘qitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va bu boradagi ijobiy tajribalarni umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida ommalashtirish;

o‘quv-tarbiya jarayoniga “STEAM” fanlarini (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san'at, Mathematics – matematika) o‘qitish bo‘yicha ilg‘or pedagogik texnologiyalar va boshqa maqbul metodikalarni joriy etish;

umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida umumta'lim fanlarining o‘quv dasturlari va o‘quvchilarning qiziqishlari asosida o‘zgaruvchan (variativ) o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish;

o‘quv-tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy metodikalarini joriy etishda pedagog kadrlarni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, umumiy o‘rta ta'limning davlat ta'lim standarti bajarilishini tizimli tahlil etish;

darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish bo‘yicha muallif va tuzuvchilarni tanlash, yaratilgan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertiza qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish, ularni ta'lim jarayonida qo‘llash bo‘yicha ilmiy xulosalar berish;

darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning asl nusxa maketlarini yaratish va ko‘paytirish;

darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish bilan bog‘liq ilmiy-texnikaviy loyihalarni amalga oshirishga jalb etiladigan mutaxassislarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning faoliyat yuritishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berish;

zamonaviy talab va innovatsion yondashuvlar asosida darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning yangi avlodini tayyorlash hamda nashr etishni tashkil etish;

umumiy o‘rta ta'lim sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;

ta'lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi jahonning yetakchi tashkilotlari va agentliklari bilan hamkorlikda xalqaro elektron ta'lim platformalaridan O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanishni tashkil qilish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlaridagi metodik xizmat bo‘linmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularga metodik jihatdan rahbarlik qilish;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan o‘qitish imkoniyati mavjud bo‘lgan ta'lim shakllarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Markazga shartnoma asosida quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi beriladi:

nodavlat va davlat-xususiy sheriklik asosidagi umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bilan muqobil darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar, virtual o‘quv va laboratoriya vositalarini yaratish, ekspertizadan o‘tkazish hamda tavsiyalar ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilish;

nodavlat va davlat-xususiy sheriklik asosidagi umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bilan ilg‘or ta'lim texnologiyalarini joriy etishda hamkorlik qilish;

respublika va xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etish hamda ta'lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etishda ko‘maklashish;

umumiy o‘rta ta'limni rivojlantirish yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan xalqaro, xorijiy va mahalliy tashkilotlarning ta'limga oid elektron mahsulotlarining mazmuni hamda metodologik jihatidan milliy ta'limga muvofiqligi yuzasidan xulosa berish;

xalqaro ta'lim platformalarida mavjud elektron resurslarni, jumladan umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining pedagog kadrlari uchun o‘quv-metodik resurslar, maktab yoshidagi bolalarga mo‘ljallangan videodarslar, ta'lim bilan bog‘liq o‘yinlar va boshqa mahsulotlarni mahalliylashtirish yo‘nalishida bepul va pullik xizmatlar ko‘rsatish;

respublikadagi nodavlat va davlat-xususiy sheriklik asosidagi umumiy o‘rta ta'lim muassasalari uchun mo‘ljallangan o‘quv reja va dasturlar, darslik hamda o‘quv-metodik resurslarni amaliyotda qo‘llash uchun xulosalar berish;

respublika miqyosida olib borilayotgan xalq ta'limi tizimidagi ilmiy izlanish natijalarining amaliyotda qo‘llanganligi yuzasidan ilmiy xulosalar va ma'lumotnomalar berish.

Ko‘proq yangiliklar: