Bir necha kun oldin qariyb 20 yildan beri Buyuk Britaniyada yashayotgan tajribali pedagog Mardon Yusupov bilan suhbatni taqdim etgan edik. Bugun esa ushbu vatandoshimizning to‘ng‘ich farzandi Imron bilan tanishamiz.
14 yoshli Imrondan qiziqishlari, maktabi, O‘zbekistonga ikki marta borganida qanday taassurotlar bilan qaytgani haqida so‘radik.
«Texnologiyaga bog‘liq narsalarga qiziqaman. Masalan, shu kompyuterni o‘zim yasaganman. Hozir yana bitta kompyuter ustida ishlayapman. Bu men uchun juda zavqli», – deydi suhbatdoshimiz barcha qismlarini o‘zi terib chiqqan desktopiga ishora qilib.
Undan buni qanday uddalagani haqida so‘radik.
«YouTube`dan. Asosan videolar ko‘rish orqali. Kompyuter yasagan do‘stlarim bor, ulardan ham yordam so‘radim.
Bu kompyuterimni juda yaxshi ko‘raman, undan g‘ururlanaman ham. Ancha vaqtim shu bilan o‘tadi, internet orqali ko‘p yangi narsalarni o‘rganaman. Biror texnologiyadan faqat foydalanish emas, u qanday ishlashini bilishga qiziqaman. Bular hammasi qanday tuzilganini bilgim keladi», deydi u.
Imron maktabda ham texnologiyalarga aloqador fanlarga ko‘proq e'tibor qaratishini aytdi.
«Ehtimol dasturchi bo‘larman. Balki kompyuter yaratish bilan shug‘ullanarman. Xullas, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib bormoqchiman».
O‘zbekistonga borgani haqida
Imron o‘zbek tilini tushunsa-da, gapirishga qiynaladi. «Bolaligimda inglizchaga tilim kelishishi uchun ota-onam ko‘proq ingliz tilida gapirishga o‘rgatgan. Ular menga o‘zbek tilida gapirib turishadi, lekin men inglizchada javob qaytaraman», – deydi u.
Yosh suhbatdoshimiz O‘zbekistonga ikki marta borgan.
«Birinchi marta borganimda juda yosh bo‘lganman, shuning uchun yaxshi eslay olmayman. Ikkinchi marta borganimda (2019 yilda) qarindoshlarimizni ko‘rib juda xursand bo‘lgandim. U yerdagi akvapark zo‘r edi. Yozda borgandik, havo juda ham issiq edi, bunchalik issiq havo menga uncha yoqmagan. O‘zbek taomlari esa rosa yoqqan. Bizda ham yoz u yerdagidek uzoq davom etishini xohlardim.
To‘yga bordik, bu menda juda yorqin taassurot qoldirgan. To‘ydagi odamlarning kayfiyati a'lo edi. Oldin bunaqasini hech ko‘rmagandim.
Bundan tashqari, tog‘ga – kurortga o‘xshash joyga bordik, manzara chiroyli edi», – deya eslaydi u.
«O‘zimni ko‘proq britaniyalik deb hisoblayman»
– O‘zimni unchalik ham o‘zbek deb o‘ylamayman. Menimcha, ko‘proq britaniyalikman. Angliyada o‘zimni juda yaxshi his qilaman, O‘zbekistonda esa unday emas. Shunday ekan, ochig‘i, o‘zbekman deb qat'iyan aytmagan bo‘lardim, deydi suhbatdoshimiz.
– Inglizlar va o‘zbeklarni taqqoslaganda, ularni nima farqlab turadi?
– Menimcha, angliyaliklar ancha sovuqfe'l. Bu yerda odamlar O‘zbekistondagichalik bir-biriga yaqin emas, ko‘p gaplashishmaydi ham. O‘zbekistonda esa odamlar ancha kirishimli, tez-tez bir-birlarini mehmonga taklif qilib turishadi. Angliyada unday emas.
«Tarixda insonlar yo‘l qo‘ygan ahmoqona xatolarni bilishga qiziqaman»
Hozirgacha erishgan eng katta yutug‘im deb nimani aytgan bo‘larding, deya bergan savolimizga Imron «maktabda a'lo o‘qishimni» deya javob berdi.
«O‘zimni o‘qish-o‘rganishga qiziquvchi inson, deb hisoblayman. Bilim olish menga yoqadi.
O‘zimdan yaxshiroq natijalarga erishayotganlar bilan do‘st bo‘lishga harakat qilaman. Bu ularning darajasiga chiqishimga yordam beradi. Do‘stlarimning ko‘pi mendan yaxshiroq o‘qiydi», dedi u.
Imron sport turlaridan suzish, dzyudo va chim ustida hokkey bilan shug‘ullanib turadi. U kitob o‘qishni ham yaxshi ko‘rishi, tarixni o‘rganishga qiziqishi haqida aytib berdi.
«Sarguzasht, ba'zida detektiv kitoblarni o‘qishni yaxshi ko‘raman. Sherlok Xolms yoqadi. Endi Maknabning kitoblarini mutolaa qilaman. Tanklarni juda yaxshi ko‘raman.
Bu – tarixga oid qo‘rqinchli hikoyalar jamlangan kitoblar to‘plamim. Bu kitoblar mendan biroz yoshroq bolalar uchun mo‘ljallangan, lekin men qayta-qayta o‘qib turaman. Tarixiy voqealar yozilgan. Tarixni o‘rganishga qiziqaman. Tarixda insonlar yo‘l qo‘ygan ahmoqona xatolarni bilish men uchun qiziq».
– Qaysilarini o‘qib tugatgansan?
– Hozir Payg‘ambarlar tarixini o‘qiyapman.
– Rostdanmi? U senga yoqdimi?
– Ha, unda payg‘ambarlar haqida ko‘p ma'lumotlar bor.
– Hozirgacha o‘qiganlaringdan qaysi payg‘ambar tarixi senga ko‘proq yoqdi?
– Odam ato. Kitobda birinchi bo‘lib u haqida yozilgan.
Qur'onning uning hayotida tutgan o‘rni haqida
Imronning Qur'onga munosabati, qaysi suralarni bilishi bilan qiziqdik.
«Haftasiga kamida bir marta Qur'on o‘qishga harakat qilaman. Yaqindan boshlab nafaqat arab tilida, balki ma'nosini yaxshiroq tushunish uchun ingliz tilida ham o‘qiy boshladim. Bir haftada to‘liq bo‘lmasa-da, bilgan suralarimni takroran o‘qib turaman. Qur'ondan Ar-Rohman, Yosin suralarini, qisman Baqara surasini bilaman».
– Ayt-chi, Qur'on hayotingga ta'sir ko‘rsatadimi, ha bo‘lsa qay darajada?
– O‘ylab olay. Menimcha, ha. Qur'onda men bajarishim kerak bo‘lgan amallar yozilgan. Nima harom, nima halol – hammasi aytilgan. Bu kundalik hayotimga katta ta'sir qiladi, masalan Angliyada yashaymiz – bu yerda ko‘chaga chiqib, duch kelgan joyda ovqatlanib bo‘lmaydi. Biron narsa yeyishimdan oldin, u halol ekaniga ishonch hosil qilishim kerak. Qur'on, shubhasiz, hayotimga ta'sir qiladi.
Qur'onda kelgan payg‘ambarlar tarixini o‘qib, undan saboq olishga, o‘rganganlarimni hayotimga tatbiq qilishga harakat qilyapman. Bundan ham yaxshiroq uddalay olaman, deb o‘ylayman.
– Arab tilini kimdan o‘rganyapsan?
– Arab tilini o‘rganmayapman. Arabchada qanday o‘qish-yozishni o‘rganganman. Bir necha yil oldin tajvidni o‘rganish uchun darslarga qatnaganman, lekin hozir saboq olish uchun kursga borayotganim yo‘q.
– O‘qishni asosan ota-onang o‘rgatadimi?
– Odatda ko‘proq kitobdan o‘qib o‘rganaman. Ba'zida ota-onam ham yordam berib turadi. Lekin ko‘pincha o‘zim mustaqil tarzda o‘rganaman.
«Angliyada diniy bag‘rikenglik darajasi yuqori»
Imrondan Angliyada ko‘plab din vakillari yashashi va ular o‘rtasidagi munosabatlar haqida so‘radik.
«O‘zaro hurmat darajasi juda yuqori. Maktabim musulmonlar maktabi bo‘lmasa ham, unda musulmon bolalar klubi bor, u yerda namoz o‘qishimiz mumkin. Xristianlar klubi ham bor, ular ham o‘z taomillariga rioya qilishadi. Bir-birimizni hurmat qilamiz.
Ekskursiya vaqtida o‘qituvchimizdan namoz o‘qib olishni so‘rasam, yo‘q demaydi. Dinlararo hurmat yuqori darajada. Musulmonlarni yoqtirmaydigan ba'zi odamlar ham yo‘q emas, albatta, ammo baxtimga hozircha undaylarni uchratmadim.
Boshqa din vakillarining dunyoqarashini o‘rganish o‘zim uchun ham qiziq. Madaniyatlardagi turfa xillik menimcha yaxshi, chunki men dunyoni kengroq qamrovda ko‘rishni xohlayman», – deydi 14 yoshli britaniyalik suhbatdoshimiz Imron Yusupov.