«O‘zbekiston temir yo‘llari» poyezdlar harakati jadvalini e'lon qildi

O‘zbekiston 13:12 / 16.05.2020 46548

Mazkur tartibga binoan, temir yo‘llarda Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Temir yo‘l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi talab etiladi.

Shuningdek, poyezdlarga chiqayotgan yo‘lovchilar uchun muhim shartlaridan biri – Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi tomonidan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan ko‘p bo‘lmagan va tahlil natijasi «manfiy» ekanligi haqidagi ma'lumotnomaga ega bo‘lishlari kerak. Temir yo‘l vokzallari hududiga hamda temir yo‘l transportiga kirganda, barcha yo‘lovchilar bir martalik tibbiy himoya niqoblari va qo‘lqoplarda bo‘lishlari, temir yo‘l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari hamda yo‘naltiruvchi maxsus tasmalar bo‘ylab harakatlanishlari shart. Yo‘lovchilar poyezd vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtiriladi.

Poyezdlarga elektron chiptalar onlayn tarzda sotiladi. Elektron chipta olish imkoniyati bo‘lmagan yo‘lovchilar, o‘rnatilgan tartibda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgandan temir yo‘l vokzal kassalaridan chipta rasmiylashtirishlari mumkin. Chipta olgan yo‘lovchilar tomonidan yo‘lovchilar so‘rovnomasi (marshrut varag‘i) to‘ldiriladi.

2020 yil 18 may kuni soat 07:00 dan Toshkent – Navoiy – Buxoro yo‘nalishida №762-sonli «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd «Toshkent-Markaziy» temir yo‘l vokzalidan jo‘nab, o‘sha kuni soat 16:28 dan Buxoro – Navoiy – Toshkent yo‘nalishida №761-sonli «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd Toshkentga qaytadi.

2020 yil 18 may kuni soat 08:00 dan Toshkent – Qarshi yo‘nalishida №760-sonli «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd «Toshkent-Markaziy» temir yo‘l vokzalidan jo‘nab jo‘naydi va o‘sha kuni soat 17:58 dan Qarshi – Toshkent yo‘nalishida №759-sonli «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd Toshkentga qaytadi.

2020 yil 18 may kuni soat 08:05 dan «Toshkent-Janubiy» vokzalidan Toshkent – Andijon yo‘nalishida №60-sonli poyezd jo‘naydi va o‘sha kuni soat 15:33 dan Andijon – Toshkent yo‘nalishida №59-sonli tezyurar yo‘lovchi poyezd Toshkentga kirib keladi, deb xabar bermoqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ.

Ko‘proq yangiliklar: