Hasad – ko‘plab gunohlar manbai. Rahimberdi domla Rahmonov bilan suhbat
Insoniyat yer yuzida istiqomat qilishni boshlagach sodir etilgan ilk gunoh hasaddan bo‘ldi. Qobil ukasi Hobilni o‘ldirdi. Bugungi kunda ham hasaddan azob chekayotganlar yoki hasad illati bilan kasallanganlar oramizda kam emas. Xo‘ja Alambardor masjidi imom xatibi Rahimberdi domla Rahmonov bilan suhbatimiz shu mavzuda kechdi.
Hasad nima? U qanday paydo bo‘ladi?
Hasad – ma'naviy illat. Insoniyat tarixida ilk qotillikka hasad sabab bo‘lgan. Lekin undan ham oldin Odam alayhissalomga jannatda hasad bo‘ldi. Shayton Odamga hasad qildi. Alloh taolo Odamni mukarram yaratganligini e'lon qilib, butun farishtalarni unga sajda qilishlikka targ‘ib qildi. Lekin yolg‘iz shayton o‘zini yaratilishdagi unsurda ulug‘ ekanligi, ya'ni «men olovdan yaratilgan bo‘lsam, Odam tuproqdan yaratilgan bo‘lsa», deb hasad qilib unga sajda qilmadi. Bu hasad natijasida shayton mal'un bo‘ldi. Allohning la'natiga giriftor bo‘ldi.
Odam alayhissalom yer yuziga tushgach, aka ukasiga hasad qildi va ukasining qotili bo‘ldi. Bashariyat tarixida ilk qotillik sodir bo‘ldi. Keyingi davrlarga qaraydigan bo‘lsak, insoniyat eng ko‘p hasaddan ozor ko‘rgan va ko‘rib kelmoqda.

Rahimberdi Rahmonov
Hasad – hamma gunohlarning onasi
Hasadgo‘y odam o‘zi hasad qilgan odamning g‘iybatini qiladi, yolg‘on guvohlik beradi, chaqimchilik qiladi, odamni la'natlaydi. Hasad odamni janjal qilishga, qo‘l ko‘tarishga, hattoki u qotil darajasiga eltadi.
Mana shu gunohlar: yolg‘on, chaqimchilik, bo‘hton – hammasini o‘rgansak, zamirida hasad yotibdi.
Alloh taolo Qur'oni karimda hasadni shunchalar katta gunoh ekanini ta'kidlab, undan saqlanish lozimligini eslatgan. Alloh taolo hasadgo‘yning hasadidan panoh so‘rashga buyurgan. Odatda biz tuhmat, yolg‘on, yer-osmon balolaridan qutqargin, deb duo qilamiz. Lekin Alloh Qur'onda, Falaq surasining oxirgi oyatida o‘rgatyaptiki, hasadchining hasadidan ham panoh so‘rash kerak ekan. Hasadgo‘y shunchalik yomon inson ekanki, undan panoh so‘raladigan odam ekan.
Gohida farzand, shogirdimizda boshqalarga nisbatan hasad paydo bo‘lganini payqaymiz. Shuning uchun ota-onalar farzandlarini bolaligidan boshlab boshqalardan qizg‘anishga emas, aksincha ilinishga o‘rgatishi kerak.
Hasadning shakllanishiga atrof-muhit ham sababchi bo‘lib qoladi. Tevarak-atrofda unga nisbatan ta'siri kuchliroq bo‘lganlarning fe'l-atvori hasadga sabab bo‘lib qoladi. Hasadgo‘y ota-onaning farzandi ham shunday bo‘ladi.
Hasad tarbiyasizlikdir
Hasad so‘zining ma'nosi shilishdir. Insonni butun ne'matlar, yaxshiliklardan yo‘q qilib, shilib tashlash tushuniladi. Hasadgo‘yning fikr-u niyati shu. Bir odamga berilgan ortiqcha fazilatni ko‘rolmaslik, ne'matni o‘sha insondan yo‘q bo‘lishini umid qilish, xohlash – bu hasad.
Buning ziddi havas bo‘ladi. Bir odamda o‘zidan ortiq ne'matni ko‘rdimi, o‘shanga havas qilib o‘shanday inson bo‘lishga intilish havasdir. Farzandlarimizni bir yigitga o‘xshatib niyat qilyapmiz: qani endi o‘g‘lim shunday olim, tadbirkor bo‘lsa, degan havasni qilsak, bu ulug‘ fazilatdir. Lekin bu yigit nega unday bo‘ldi-yu, mening farzandim undaymas, deyilsa bu illat bo‘ladi.
Hasad qanday davolanadi?
Hasadni davolash choralari bor. Bu, albatta, yaxshilar bilan ko‘p suhbatda bo‘lish. Hasadning og‘ir illat ekani va natijada qilgan savoblaridan mahrum bo‘lishini anglashi kerak. Hasadning ulkan gunoh ekanligini bilishi lozim.
Qo‘liga kitob olib o‘sha ish xatarli ekanini, Qur'oni karimda hasad haqida aytilganlarni o‘qib, yaxshilar suhbati bilan hasaddan qutulish imkoniyatlari bor.
Iymonli qalbda ikki narsa jam bo‘lmaydi
Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilarki, mo‘minning qalbida ikki narsa jam bo‘lmaydi. Biri iymon, ikkinchisi hasad. Yoki u bo‘ladi, yoki bunisi.
Iymonli odam hasad qilmaydi yoki hasadgo‘y odam iymonli bo‘lmaydi.
Qanday qilib Allohga iymon keltirgan, yaxshilik-yomonlik Allohdan ekaniga, bandaning taqdiri Allohdan bitilganiga iymon keltirib, yana shu odamning fazilatini ko‘rolmaslik mumkin? U odamga Alloh berdi-ku. Bu Allohning qahrini keltirish emasmi?
Masalan, ikkala farzandimizga ikki narsa berdik. Endi bir bolamiz ikkinchisiga berganimizdan noroziligini aytsa, ota-ona qanday munosabatda bo‘ladi? Farzand o‘ziga yoki aka-ukasiga berilganidan noroziligini izhor qilsa, ota-onani ranjitmaydimi?
Hasadgo‘ylik iymonga zid ish
Banda bir fazilatga ega bo‘ldi, ikkinchisi undan-da ziyoda fazilatga ega bo‘ldi. Alloh uning taqdiriga shu fazilatni yozdi, ilm, martaba, boylikni berdi. Hammasini Alloh berdi. Shunday ekan, hasadgo‘ylik taqdirga qarshi chiqish emasmi? Allohga qarshi isyon, qo‘zg‘olon emasmi?
Agar aqlan o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, hasadgo‘ylik iymonga zid ishdir. Bu – taqdirga iymon keltirmaslikdir. Axir biz iymon keltirganmiz-ku. Bandaning harakati, intilishi bir sabab, xolos. Lekin banda ming harakat qilmasin taqdiriga ilm bitilmagan bo‘lsa, olim bo‘lmaydi. Kecha-kunduz mehnat qilsin, taqdiriga mol-u davlat bitilmagan bo‘lsa, boy bo‘lmaydi. Kimga qanday daraja, fazilat bergan bo‘lsa, bu Allohning marhamati. Endi bandadagi o‘sha fazilat uchun ko‘ngilda hasad bo‘lishi Allohning taqdiriga isyon qilish bo‘ladi.
Ikki toifa insonga havas qilsa bo‘ladi
Payg‘ambarimiz alayhissalom hasad faqat 2 narsada bo‘ladi, deganlar. Bu ma'naviy ma'noda, ya'ni o‘sha insondek bo‘lishga intilish ma'nosida. Birinchisi – Alloh bir insonga boylik berdi, bu boylikni saxovat, yaxshilik, ezgulik yo‘liga sarf etyapti. Topgan boyligini yomonlik, fahshga emas, yaxshilikka sarf etyapti.
Ikkinchisi, Alloh taolo bir insonga ilm berdi. U ilm-ma'rifati bilan odamlarga xizmat qilyapti. Bir olimning ortidan qancha odam ergashadi, suhbatidan qancha odam naf ko‘radi? Mana shu ikki toifa odamga ergashish, ularga o‘xshashga harakat qilish fazilat bo‘ladi.
Allohdan so‘raylik: farzandlarimiz ham olim, ma'rifatli, boy bo‘lsin, taraqqiy topsin, yurtiga faqat yaxshilik qilsin.
Parvardigor, borliging, buyukliging haqqi ko‘targan qo‘llarimizni quruq qaytarmagin. Bu oylar fazilatli damlar. Ko‘targan qo‘llarimizni duolarimiz, iltijolarimizni ijobat aylagin. Avvalo, yurtimizga tinchlik, mehnatkashlarimizga farovonlik bergin. Ota-onalarimiz, azizlarimiz duolarini ijobat aylagin, saharlik, iftorlikda qilayotgan duolarimizni qabul aylagin! Omin.
Tavsiya etamiz
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
Toshkentda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi
O‘zbekiston | 20:34 / 24.04.2025
Stomatologiya poliklinikalari xususiylashtiriladi
O‘zbekiston | 10:56 / 24.04.2025
Bojxonadagi cheklovlar: fuqaro bojni to‘lay olmasa, nima bo‘ladi?
O‘zbekiston | 22:43 / 23.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Bahorgi attestatsiyadan boshlab ayrim pedagoglarga 70 foizlik ustama to‘lanadi
O‘zbekiston | 15:41
-
O‘zbekistonda Boshqirdiston kompaniyalarini joylashtirish uchun qo‘shma texnopark tashkil etiladi
Iqtisodiyot | 15:10
-
Toshkentda gullar festivali munosabati bilan ayrim ko‘chalarda transport harakati cheklanadi
Jamiyat | 14:59
-
SCMP: Xitoy kompaniyalari ishlab chiqarishni AQShga ko‘chirishni boshladi
Jahon | 14:45
Mavzuga oid

18:38 / 06.05.2020
Halollik – baraka omili. Rahimberdi domla Rahmonov bilan suhbat

23:40 / 21.05.2018
Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasi Masjidlar bo‘limi mudiriga yuklatildi

17:48 / 19.12.2016