Birjada forvard shartnomalari asosida 217,3 mlrd so‘mlik shakar sotildi

O‘zbekiston 09:21 / 15.05.2020 1712

Respublika tovar-xomashyo birjasida forvard savdolari o‘tkazila boshlagan paytdan boshlab, ya'ni 2020 yilning 30 martidan bugungi kunga qadar forvard shartnomalari asosida 217,3 mlrd so‘mlik shakar sotildi.

Birja savdolariga forvard shartnomalari bo‘yicha 46,2 ming tonna shakar qo‘yilib, ulardan 41,1 ming tonnasi yoki qariyb 90 foizi sotildi. O‘tkazilgan forvard savdolarining yakunlariga ko‘ra, shakar deyarli boshlang‘ich narxda, ya'ni mahsulotning bir tonnasi o‘rtacha 5,2 mln so‘mdan sotildi.

Forvard savdolarida sotuvchi sifatida “Xorazm shakar” AJ va “Angren shakar” AJ shakar ishlab chiqaruvchilari hamda 21 ta xaridor korxonalar ishtirok etishdi. Sotilgan shakar hajmining aksariyat qismi, ya'ni 61 foizi – Toshkent shahri va Toshkent viloyati, 26 foizi – Qashqadaryo viloyati va 10 foizi – Farg‘ona viloyati xaridorlarining ulushlariga to‘g‘ri keldi.

Shakar bo‘yicha o‘tkazilgan an'anaviy birja savdolarida shakllangan o‘rtacha narxlar shakarning bir tonnasi uchun 5,3 mln so‘mni tashkil etdi.

Forvard shartnomasi – muddatli shartnoma bo‘lib, unga ko‘ra sotilayotgan tovar uchun narx shartnoma tuzilgan kunda belgilanadi, tovarni yetkazib berilishi esa belgilangan muddatda kelajakda amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: