Pandemiya ta’siri: jismoniy shaxslarning bankrotligi zaruratga aylanishi mumkin

Iqtisodiyot 20:59 / 14.05.2020 23458

Karantin cheklovlari davrida tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatining to‘xtatilishi fuqarolarning ishsiz, daromadsiz qolishiga olib keldi. Xususan, mamlakatimizda umumiy ovqatlanish tarmog‘ida 13 ming, savdoda 45 ming, xizmat ko‘rsatishda 19 ming, transportda 7 ming korxona faoliyatini to‘xtatgani oqibatida aholi daromadlari sezilarli kamaygan.

Qiyin iqtisodiy vaziyat fuqarolarning to‘lovga qodir bo‘lmay qolishiga va kreditlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajara olmasligiga sabab bo‘ladi.

Shu sababli, hozirda banklar tomonidan kredit ta’tillari berilmoqda yoki fuqarolarning to‘lovga layoqatliligini oshirish maqsadida turli miqdor va shartlarda mikroqarzlar, zayomlar ham taklif etilmoqda. Biroq bunday shakllardagi choralar ham pandemiyaning uzoq vaqt davom etishi natijasida samarasiz bo‘lishi, fuqarolarning qarzlari yanada ortib ketishi mumkin.

Masalan, Rossiya Federatsiyasida olingan kreditlarning 90 foizdan ortig‘i avvalgilarini to‘lash uchun ishlatiladi.

Buning natijasida iste’mol kreditlari talabni rag‘batlantirmaydi va mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu o‘z navbatida, muddati o‘tgan kreditlar va umidsiz qarzlar ulushining keskin oshishini anglatadi.

Jismoniy shaxslar bankrotligi taomili zarur

Yuqoridagilarning barchasi ijtimoiy bozor iqtisodiyotining shakllanishi va rivojlanishiga yordam beradigan iqtisodiy munosabatlarning yangi qoidalari va standartlarini joriy etish zaruriyatini taqozo etadi.

Shu munosabat bilan, jismoniy shaxslarning bankrotligi institutini joriy qilish muhim ahamiyatga ega.

Ushbu tizim bozor iqtisodiyotida iqtisodiy munosabat ishtirokchilarining o‘z majburiyatlarini bajarmaganliklari va to‘lovga qodir emasliklarining salbiy oqibatlaridan himoya qilish mexanizmi vazifasini bajarishi mumkin.

Jismoniy shaxslar uchun bankrotlik taomilining mohiyati

Jismoniy shaxslarning, ya’ni fuqarolarning bankrotligi sud yoki vakolatli organ tomonidan fuqaroning moliyaviy majburiyatlarni bajarish va kreditorlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishga qodir emasligini tan olishni anglatadi.

Barcha mamlakatlarda bankrotlik to‘g‘risidagi qonunchilik qarzdorning bankrotlik to‘g‘risida ariza topshirish imkoniyatini beradi. Jismoniy shaxslarning bankrot deb topish soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilib, yuridik shaxslarning bankrotligi taomilidan farq qiladi. Fuqarolarga nisbatan bankrotlik taomillarini qo‘llash natijasida esa bankrot deb topilgan fuqaro qondirilmagan kreditorlarning talablarini bajarishdan ozod etiladi.

Shuningdek, fuqarolarni bankrot deb topish ularni mulk va fuqarolik huquqlarining cheklanishiga olib keladi. Shunga qaramay, ushbu institutni insonparvar deb hisoblash mumkin. Sababi – ko‘plab davlatlarda bankrotlik bo‘yicha undiruv qarzdorning shaxsiy buyumlari, bankrot oilaning hayotini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan mol-mulklarga qaratilmaydi (xorijiy tajriba haqida quyiroqda so‘z yuritiladi).

Jismoniy shaxslarning bankrotligi nafaqat iqtisodiy munosabatlarda, balki davlatlarning ijtimoiy va madaniy hayotida ham muhim ahamiyatga ega. Jumladan, qarzdorlarga nisbatan ma’naviy bosim o‘tkazish kreditorlar va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir qiladi.

Ekspertlarning hisobotlariga ko‘ra, Meksika va AQShda dehqonlarning o‘z joniga qasd qilish holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar fuqarolar bankrotligi institutining rivojlanishiga sabab bo‘lgan.

Jahon banki hisobotida iste’molchilar bankrotligining asosiy maqsadi uzoq muddatli halol qarzdorning iqtisodiy tiklanishiga erishishdan iborat deb baholangan.

Amaldagi qonunlarimiz nima deydi?

O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 24 apreldagi 474-II-sonli «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonuni 1-moddasida ushbu Qonunning maqsadi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarning bankrotligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligi belgilangan.

Shunga ko‘ra, X bob yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning bankrotligi tartibini belgilaydi.

Biroq amaldagi qonunchilikda bankrotlik sub’yektlari sifatida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkor nazarda tutilgan bo‘lib, iqtisodiy munosabatlarning boshqa sub’yekti bo‘lgan jismoniy shaxslarning, ya’ni fuqarolarning bankrotligi masalasi mavjud emas.

Bu – fuqarolar kutilmaganda yuzaga keladigan salbiy holatlardan, jumladan, ishdan mahrum bo‘lish yoki ish haqining pasayishi, jarohatlanish, jiddiy kasallik, inflatsiya, devalvatsiya, haddan tashqari baland bank foizlari va oilaviy budjetga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa holatlardan huquqiy himoya qilinmaganini anglatadi.

Ba’zi hollarda banklar qarz oluvchilarga muayyan qisman imtiyozlar berishadi. Masalan, qarz oluvchining oilasida vafot etgan va to‘lovga qodir bo‘lmagan ota-onalar va yosh bolalar bo‘lsa, jarimaning butun yoki bir qismi, kechiktirilgan to‘lov va asosiy qarzning bir qismini chiqarib tashlash kabilar. Ammo banklar tomonidan amalga oshirilgan qarzni qayta tuzish qisqa vaqtda kreditlarga xizmat ko‘rsatish shartlarini yaxshilaydi. Imtiyozli davr tugaganidan keyin ko‘pgina qarz oluvchilar oldingi daromadlari yo‘qligi sababli yana qarzini to‘lay olmaydi va ko‘rilgan choralar qarz oluvchi - jismoniy shaxsning muammolarini hal qilmaydi.

Xorij tajribasi

Jismoniy shaxslarning bankrotligi instituti bir qancha xorijiy mamlakatlar qonunchiligida ko‘zda tutilgan.

Xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, jismoniy shaxslar bankrotligi tushunchasi xorijiy davlatlar qonunchiligida turli xil ta’riflarga ega. Jismoniy shaxslarning to‘lovga qodir emasligi (insolvency of natural persons), aksionerli bo‘lmagan bankrotlik (non-incorporated bankruptcy), shaxsiy bankrotlik (personal bankruptcy) va iste’molchilarning bankrotligi (consumer bankruptcy) ta’riflari shular jumlasidan.

Jismoniy shaxslarning bankrotligi to‘g‘risidagi xalqaro qonunchilikda ikkita modelni ko‘rib chiqish lozim: anglo-sakson va kontinental, ayrim mamlakatlar qonunlarida esa ikkala modelning xususiyatlari birlashtirilgan.

AQSh qonunchiligida «Iste’molchilar bankrotligi» tushunchasi fuqarolarning to‘lovga layoqatsizligini anglatadi.

Ta’kidlash kerakki, bu – amerikaliklar uchun odatiy hol hisoblanadi: barcha bankrotlik ishlarining 85 foizi jismoniy shaxslarning bankrotligi holatidir.

Bankrotlik huquqi amerikaliklarning konstitutsiyaviy huquqlaridan biri bo‘lib, yuridik shaxslar va hukumat bilan munosabatlarda ularning iqtisodiy manfaatlarini himoya qiladi. Mazkur qarz summasi fuqaroning daromadiga qarab 100 mingdan 350 ming dollargacha miqdorni tashkil qiladi.

Bankrotlik kodeksiga (Bankruptcy Code) muvofiq, bankrotlik ishlari bo‘yicha sudlar (Bankruptcy Court) federal boshqaruvchini tayinlab, qarzdorga nisbatan tugatish, qayta tashkil etish va qayta tuzish taomillarini belgilaydi. AQSh qonunchiligida o‘z aktivlarini yashirgan, yolg‘on ko‘rsatmalar va guvohlik bergan qarzdorlar uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Fransiyada bankrotlik 1984 yil 1 martdagi 84-148-sonli Qonun bilan tartibga solinadi. «Jismoniy shaxslarning bankrotligi» atamasi to‘lovlarni to‘xtatish (cessation des paiemens ) degan ma’noni anglatadi va qarzdorlikni to‘lash uchun bo‘sh pul mablag‘lari bo‘lmagan qarzdorning holati tushuniladi. Qarzning umumiy miqdoriga nisbatan chegara belgilanmagan. Bankrotlikka oid ish yurituv prokuratura tomonidan to‘lovlarni qisqartirish va sog‘lomlashtirish bosqichlarida amalga oshiriladi.

Fransiyada qarzdorga nisbatan qat’iy cheklovlar o‘rnatilgan. Jumladan, banklar tomonidan qora ro‘yxat tuzilib boriladi va bu sobiq qarzdor 8 yildan so‘nggina yangi kredit olishga harakat qilishi mumkinligini anglatadi.

Bankrotlik holati uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi: qoida tariqasida 5 yoki undan ortiq yil muddatga qarz olish, chegarani kesib o‘tish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qarzdorga cheklovlar qo‘yiladi.

Bankrotlik taomillari bo‘yicha tayinlangan sud boshqaruvchisi tomonidan undiruv qarzdorning barcha mol-mulkiga qaratiladi.

Kanadada «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonunga asosan, o‘zini bankrot deb e’lon qilish uchun fuqaro kreditorlar oldida kamida 1000 AQSh dollari miqdorida qarzga ega bo‘lishi va o‘z majburiyatlarini bajara olmasligi kerak.

Bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bankrotlik bo‘yicha xizmatga (Superintendent of Bankruptcy) beriladi. Mazkur xizmat tomonidan iste’molchilar bankrotligi va iste’molchilarni moliyaviy sog‘lomlashtirish taomillari amalga oshirish uchun bankrotlik bo‘yicha boshqaruvchi (Trustee) tayinlanadi.

Mebel va maishiy texnikalar, qiymati 6 500 dollardan ko‘p bo‘lmagan transport vositalari, ushbu miqdorgacha bo‘lgan kitoblar va uskunalarga undiruv qaratilmaydi.

Buyuk Britaniyada jismoniy shaxslarning bankrotligi 2000 yilda qabul qilingan «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonun (Insolvency Act 2000) bilan tartibga solinadi.

Unga ko‘ra, agar shaxs o‘zining 750 funt sterling miqdoridagi qarzlarini qoplash uchun mablag‘ga ega bo‘lmasa yoki qarzni muddati tugashi bilan ularni to‘lashga qodir bo‘lmasa, u to‘lovga layoqatsiz deb hisoblanadi.

Bankrot deb topish Savdo va sanoat departamentinig bankrotlikka oid ishlar bo‘yicha xizmati tomonidan bankrotlikka oid ish yurituv va kelishuv bitimlaridan iborat bosqichlarda amalga oshiriladi. Bankrotlik taomillarini qo‘llash yuzasidan bankrotlik bo‘yicha komissar (official receiver) tayinlanadi.

Buyuk Britaniyada ham qarzdorga nisbatan jiddiy cheklovlar qo‘yilgan. Xususan, qarzdor advokatlar assotsiatsiyasining a’zosi, ko‘chmas mulk agenti, bankrotlik bo‘yicha ishonchli shaxs, birja vakili yoki tijorat menejyeri bo‘lishi mumkin emas.

Shuningdek, bankrotlik holati uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi: qoida tariqasida 5 yoki undan ortiq yil muddatga qarz olish, chegarani kesib o‘tish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda unga cheklovlar qo‘yiladi.

Bankrotlikka oid undiruv uskunalar, kitoblar, transport vositalari, shaxsiy foydalanish uchun zarur bo‘lgan narsalarga qaratilmaydi.

Germaniyada «To‘lovga layoqatsiz deb topish to‘g‘risida»gi Qonunga (Insolvenzordnung) ko‘ra, bankrot deb topish to‘g‘risida mahalliy sudlarga ariza bilan murojaat qilish uchun qarzdorning umumiy qarzi 1000 yevroni tashkil etishi va ushbu qarzlar yuzasidan o‘z majburiyatini bajara olmasligi lozim.

Mahalliy sudlar tomonidan bankrotlikka oid tasarruf etish, tugatish, qayta tashkil etish, kelishuv bitimi kabi taomillar qo‘llanilib, bankrotlik bo‘yicha boshqaruvchi tayinlanadi.

Undiruv qarzdorning barcha mulklariga qaratiladi.

Rossiya Federatsiyasida fuqarolarning to‘lovga layoqatsizligi (bankrotligi) institutini joriy etish masalasi 10 yillar davomida muhokama qilingan. Shundan so‘ng, Rossiya Federatsiyasining 2015 yil 29 iyundagi 154-FZ-sonli qonuni bilan «Bankrotlik to‘g‘risida»gi qonunga jismoniy shaxslarning bankrotligi joriy etilishi bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Rossiya Federatsiyasining 2002 yil 26 oktyabrdagi 127-FZ-sonli «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Federal qonunning 213.3-moddasida fuqaroni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan hakamlik sudiga fuqaro (qarzdor), kreditor (qarz beruvchi) yoki vakolatli organ (Federal soliq xizmati) murojaat qilishi mumkinligi belgilangan.

Fuqaroni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza, agar fuqaroga qo‘yiladigan talablar besh yuz ming rubldan kam bo‘lmasa va ko‘rsatilgan talablar bajarilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab uch oy ichida bajarilmagan bo‘lsa va ushbu Federal qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, hakamlik sudi tomonidan qabul qilinadi.

Shuningdek, Qonunning 213.4-moddasida qarzdor hakamlik sudiga ariza bilan murojaat qilishining majburiy va ixtiyoriy holatlari ham belgilangan. Jumladan, agar fuqaro bitta kreditor yoki bir nechta kreditorlarning talablarini qondirish fuqaroning pul majburiyatlarini va (yoki) boshqa kreditorlarga majburiy to‘lovlarni to‘liq to‘lash majburiyatini bajarishiga imkon bermasa va ushbu majburiyatlar va majburiyatlar yig‘indisi kamida besh yuz ming rublni tashkil etgan bo‘lsa, bu haqda u bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab o‘ttiz ish kunidan kechiktirmay uni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan hakamlik sudiga murojaat qilishi shart.

Shuningdek, agar fuqaro pul majburiyatlarini va (yoki) majburiy to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lash majburiyatini bajara olmasligini aniq ko‘rsatadigan holatlar mavjud bo‘lib, bu to‘lov qobiliyatining yo‘qligi va (yoki) mol-mulkning yetishmasligi belgilariga javob bersa, hakamlik sudiga uni bankrot deb e’lon qilish to‘g‘risida ariza berish huquqiga ega.

Ixtiyoriy holat agar tegishli shartlar mavjud bo‘lsa, fuqaro ushbu majburiy holatlarning boshlanishini kutmasdan ariza berish huquqiga ega ekanini anglatadi. Ya’ni, fuqaro qarz miqdori ko‘rsatilgan summadan kam, masalan, 200 000 yoki 300 000 rubl bo‘lgan hollarda ham bankrot deb topish to‘g‘risida ariza berishi mumkin.

Qonunda jismoniy shaxslarning bankrotligi bosqichlari va tartibi aniq belgilangan. Unga ko‘ra, agar sud qarzni qayta tuzmasdan turib mol-mulkni sotish to‘g‘risida darhol qaror qabul qilsa, fuqaroni bankrot deb topishning eng kam muddati to‘qqiz oyni tashkil etadi.

Fuqaroni bankrot deb topish hujjatlar to‘plash, arizani rasmiylashtirish, arizani topshirish, sud qarorini ijro etish (qarzni qayta tuzish, bankrot mol-mulkni sotish, kelishuv), bankrot deb topish kabi bosqichlardan iborat bo‘ladi.

Xulosa

Qonunchiligimizda fuqarolarning bankrotligi bo‘yicha ish yuritishning joriy etilishi va ularning to‘lovga layoqatsizligi masalasi hal qilinishi fuqarolarning ijtimoiy holatiga va umuman mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Jismoniy shaxslar uchun bankrotlik taomillarini amalga oshirish banklar va boshqa moliya institutlarining balanslarini tozalashga, sud xarajatlarini tejashga, muammoli kreditlar ulushini kamaytirishga yordam beradi.

Albatta, jismoniy shaxslarning bankrotligi instituti iqtisodiyotimizning hozirgi rivojlanishi va aholining ushbu jarayonni to‘g‘ri anglash va qo‘llash uchun tayyorligini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.

A.Safarova,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi.

Ko‘proq yangiliklar: