O‘zbekiston | 13:01 / 14.05.2020
37553
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazirda yana ikki maslahatchi bo‘ladi

Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida qator lavozimlar tugatildi va yangi lavozimlar kiritildi.

12 may kuni «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi. 

Qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi tasdiqlandi. Jumladan, quyidagi lavozimlar kiritilgan:

  • Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i;
  • Bosh vazir maslahatchisi — Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i.

Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida quyidagilar tugatildi:

  • Bosh vazirning ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi;
  • Bosh vazirning sanoatni va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi;
  • Mahalla, oila va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniyat, ma'naviyat va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati;
  • Ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati.

Shuningdek, qaror bilan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma'naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyati tashkil etildi.

Qaror bilan Bosh vazirga bir qator yangi vazifalar yuklandi. Bosh vazir, jumladan, IT-texnologiyalar, «elektron hukumat»ni joriy etish, axborot xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, telekommunikatsiyalar, ilm-fan, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirishni ta'minlash faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi.

Bundan oldinroq Davlat soliq qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelgan Behzod Musayev bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid