Aviachiptalar narxi va keyingi charter reyslar - Transport vazirligi mutasaddisi bilan suhbat

O‘zbekiston 20:15 / 14.05.2020 32158

Kun.uz muxbiri shu savollarga javob olish maqsadida vazirlik matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov bilan onlayn suhbat tashkil qildi.

— Ayni vaqtda Rossiyada bo‘lib turgan fuqarolar charter reyslar uchun aviachiptalarni qayerdan va qay tartibda olishi kerak?

— Brifing davomida 11-24 may kunlari charter reyslar tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi. Rossiyadan O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lgan fuqarolarimizning murojaatlari nisbatan ko‘proq. Ular charter reyslar uchun avvalo Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonalari va konsullik idoralariga qo‘ng‘iroq qilib yoki ijtimoiy tarmoqda ochilgan rasmiy sahifalarida ro‘yxatdan o‘tgan holda yozilishlari mumkin. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng kelib tushgan murojaatlar asosida har bir reys uchun bortga qo‘yiladigan yo‘lovchilar ro‘yxati konsullik va elchixonalar tomonidan shakllantiriladi. Aviaparvozga 4 soat qolganda chiptalarni aeroportlardagi «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyasi kassalaridan sotib olishlari mumkin.

— Brifingda avichiptalarni eng minimal narxlarda sotiladi, degan edingiz. Eng kam summa deganda, qancha mablag‘ tushuniladi? Ayrim joylarda aviachiptalar narxi ko‘tarilib ketayotgani bo‘yicha ham gaplar tarqalmoqda. Bular qanchalik haqiqatga yaqin?

Navro‘z Ashurmatov

— Charter reyslar uchun sotuvga qo‘yilgan chiptalar narxi minimal tarifdan yuqori bo‘lmasligi belgilangan. Har bir yo‘nalish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Frankfurt-Toshkent yo‘nalishidagi charter reys narxi 400 AQSh dollari, Moskva-Toshkent yo‘nalishi narxi 147 AQSh dollari, Istanbul-Toshkent yo‘nalishi 285 AQSh dollari, Sankt-Peterburg – Toshkent yo‘nalishi 178 AQSh dollari, Dehli-Toshkent yo‘nalishi 224 AQSh dollari, Rostov-Toshkent yo‘nalishi 160 AQSh, Qozon-Toshkent yo‘nalishi 148 AQSh dollari, London-Toshkent yo‘nalishi 440 AQSh dollari, Novosibirsk-Toshkent yo‘nalishi 186 AQSh dollari, Sharja-Toshkent yo‘nalishi 221 AQSh dollari deb belgilangan.

— Agar aviachiptalarning belgilangan narxi oshirilsa, fuqarolar qayerga murojaat qilishi kerak?

— Chiptalar narxi oshirilayotgani bo‘yicha holatlar yuz berayotgan bo‘lsa, «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyasining call-markaziga (+99871) 140-02-02 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib murojaat etishlari mumkin. Fuqarolar aviachipta sotib olishga qurbi yetmayotganligi bo‘yicha ham ko‘p murojaatlar kelib tushmoqda. Agar shunday fuqarolar konsullik va elchixonalarda charter reyslar uchun ro‘yxatdan o‘tgan va tasdiqlangan bo‘lsa, ammo chipta xarid qilishga mablag‘i bo‘lmasa, O‘zbekiston turib fuqarolarning qarindoshlari chipta pulini to‘lashlari mumkin, ya'ni chiptalarni Toshkentdan sotib olish imkoniyati ham bor.

— Moddiy jihatdan qiynalayotgan fuqarolar masalalari individual tarzda o‘rganib chiqilib, ijtimoiy yordam berilishi mumkinligi haqida aytgandingiz. Demak, bunday turdagi yordam ham saqlanib qoladimi?

— Konsullik va elchixonalarda ro‘yxat shakllantirilganligi haqida xabar berdik. Birinchi navbatda reyslarga bemor, yosh bolali, homilador ayollar va keksa yoshdagi va bekor qilingan reyslarga chipta xarid qilgan fuqarolar qo‘yilishi belgilangan. Haqiqatda muhtoj bo‘lgan fuqarolar murojaat qilsa, masala individual tarzda o‘rganib chiqiladi. Ijobiy yechim topish ko‘rib chiqiladi.

— Belgilangan charter reyslar amalga oshirib bo‘linganidan keyin ham O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lganlarga qo‘shimcha reyslar tashkil qilinadimi? Bu oraliq muddat uzoq bo‘lib ketmaydimi?

— 24 maydan keyin charter reyslar tashkil qilinsa, bu haqida qo‘shimcha axborot beriladi. O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lgan fuqarolarning aksariyat qismi Rossiya shaharlaridan. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan axborotga ko‘ra, bugun soat 20.45 holatiga ko‘ra (suhbat 13 may kuni yozib olingan), elchixona va konsulliklar tomonidan tuzilgan onlayn ro‘yxatga 55 ming nafar fuqaro kiritilgan. 12 mayning o‘zida 4000 nafardan ortiq fuqarolar O‘zbekistonga qaytish uchun elchixonaga murojaat qilgan. Fuqarolar to‘g‘ri tushunishlarini xohlardik: 55 ming nafar fuqaroni birdaniga olib kelish imkoni yo‘q. Vaziyatga qarab qo‘shimcha reyslar tashkil qilinsa, bu haqida axborot beriladi. Elchixona, konsulliklar oldiga yoki aeroportlarga to‘planib koronavirusni yuqtirib olish xavfini oshirib yubormasliklarini so‘rab qolgan bo‘lardik.

Shuningdek, 15 may kuni ham Toshkent-Kuala Lumpur-Singapur-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha charter reyslar tashkil qilinadi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: