65 ming kishi Rossiyadan O‘zbekistonga qaytish istagini bildirgan - TIV

O‘zbekiston 10:40 / 14.05.2020 34517

Tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, 2020 yil 12 may holatiga ko‘ra, elchixona konsullik bo‘limi tomonidan tuzilgan onlayn-ro‘yxatga vatanga qaytish istagini bildirgan 55 ming kishi kiritilgan. Bu kabi ro‘yxatlar O‘zbekistonning Rossiya hududlaridagi Bosh konsulxonalari tomonidan ham yuritilib, ularda taxminan 10 mingga yaqin fuqaro qayd etilgan. Joriy yil 11-12 may kunlarining o‘zida 14 ming vatandosh O‘zbekistonga qaytishda yordam so‘rab elchixonaga murojaat qilgan.

“Hozirgi vaqtda Elchixona o‘z imkoniyatlari va vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiyadan imkon qadar tez muddatda olib chiqishga barcha kuchlarini safarbar qilgan. Tezkor shtab tuzilgan, 9 ta xodimdan iborat maxsus guruh tashkil etilib, u doimiy ravishda fuqarolar bilan ishlab kelmoqda. 

Ma'lumki, charter reyslariga birinchi navbatda keksa, kasal fuqarolar, homilador va bolali ayollar, shuningdek, ilgari bekor qilingan doimiy reyslarga chiptasi bor fuqarolar joylashtiriladi. Shu sababli elchixona diplomatlari tomonidan tasdiqlovchi hujjatlar so‘ralganda vatandoshlarimizdan vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini va tegishli hujjatlarni taqdim etishlarini so‘raymiz”, - deyiladi ma'lumotda.

So‘nggi kunlarda elchixona va konsullik bo‘limi atrofida charter reyslari orqali O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lgan fuqarolarimiz to‘planishi kuzatilmoqda. Ushbu holat turli kasalliklar, shu jumladan, koronavirus infeksiyasini yuqtirish xavfini orttirishi aytilgan.

Elchixona Rossiyadan uchib ketishni xohlagan fuqarolar ro‘yxatini o‘z konsullik okrugi (Markaziy federal okrug) doirasida olib borayotgani, Rossiyaning boshqa hududlarida bo‘lib turgan vatandoshlar O‘zbekistonning tegishli Bosh konsulxonalariga murojaat qilishlari mumkin ekani bildirilgan.

Elchixona Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning COVID-19 koronavirusi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirlari va Vatanga, o‘z oila va yaqinlari bag‘riga qaytish istagini yaxshi tushunadi. Shu bilan birga, Elchixona Rossiyadagi vatandoshlarimiz to‘qnash kelayotgan moliyaviy qiyinchiliklar haqida ham xabardor bo‘lib, shu kunlarda «Mehr» loyihasi doirasida fuqarolarimizga bir marta beriladigan moddiy yordam to‘lab berishni boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: