Intervyu. Jasurbek Yaxshiboyev ro‘za, Arveladze bilan tushunmovchilik va o‘zbekistonlik futbolchilarning belaruslardan ustunligi haqida

Sport 11:10 / 13.05.2020 31916

22 yoshli futbolchi Belarus chempionatining dastlabki 8 turida 6ta gol urdi (3tasi penaltidan) va to‘purarlar bahsida peshqadamlar safida bormoqda. Hozircha u mavsumning kashfiyotlaridan biri bo‘lib turibdi. O‘tgan mavsumda autsayderlar safida borgan «Energetik-BGU» esa joriy chempionatda yuqori pog‘onalar uchun kurashmoqda. Qayd qilish joizki, jamoa tarkibida o‘zbekistonlik yana bir futbolchi Shohruh Umarov ham to‘p tepyapti.

— Jasurbek, nega ba'zilar rus tilini yaxshi tushunmasligingizni aytishadi?

— Rus tilini juda yaxshi tushunaman. Murabbiylarning ko‘rsatmalarini ham yaxshi anglayman, muammo yo‘q. Ammo atrofimda odamlar ko‘p bo‘lsa, biroz hayajonlanaman, gapirishga qiynalaman.

— Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?

— Ko‘chaga ko‘p chiqmayman, uyda o‘tiraman. Ba'zan jamoadoshlarimdan «Play Station»ni olib turaman. Filmlarni yoki futbolni tomosha qilaman. Hozir o‘tmishdagi o‘yinlar namoyish etilmoqda. «Barselona» va «Arsenal» menga yoqadi. O‘z pozitsiyamdagi futbolchilar qanday harakatlanishini kuzataman.

— Siz sof hujumchi emassiz, to‘g‘rimi?

— Ha, Anatoliy Ivanovich Yurevich meni ko‘rikdan o‘tkazib, hujum chizig‘iga yo‘naltirdi. Belarusga kelgunimga qadar o‘ng qanot yarimhimoyachisi edim. Menga fransiyalik Hotam ben Arfa yoqadi, zo‘r dribling egasi. Hozir hujum chizig‘iga o‘tganimdan so‘ng, Messini kuzatyapman. U yarimhimoyachi ham, hujumchi ham emas, erkin ijodkor. To‘p uchun maydon markaziga yuguradi. Mendan ham shu tarzda o‘ynashni talab qilishmoqda – to‘pni qabul qilish uchun ochilishim, orqadan hujum qilishim lozim.

 Chinozda tug‘ilgansiz, u qanday shahar?

— Uni baliqchilar shahri deb atashadi. 5 kilometr uzoqlikda Sirdaryo joylashgan. Chinozda hammaga mashhur baliq bozori bor. Narxi? Kilogrammiga 1,5 dollar atrofida. Baliqlarning turi ko‘p: laqqa, sazan, cho‘rtan, sudak... Uzunligi mendek keladigan laqqalar bor. Bozor yaqinida ko‘plab kafelar bor, baliqni qovurib berishadi. Juda mazali!

 Ramazon ro‘zasini tutdingizmi?

— Ha. Har kuni ro‘za tutamiz. Birinchi haftasi – eng og‘ir bo‘ladi. Keyin o‘rganib ketasiz. Kechqurun esa ko‘p ovqat yeyish mumkinmas. Oshqozon tayyor emas, darhol og‘riq boshlanadi. Oldin suv, ozgina shokolad, shirinliklar. 1,5 soatlardan keyin ovqatlansa bo‘ladi.

 U holda mashg‘ulotlar va o‘yinlar uchun kuchni qayerdan olasiz?

— Ko‘p uxlash kerak, shunda hammasi joyida bo‘ladi – kuch ham, quvvat ham topiladi. Agar odam uyquga to‘ysa, ochlikni sezmaydi. Yaxshi uxlamasa, oshqozon ovqat talab qiladi, chidash ham qiyin bo‘ladi.

 Nimaning evaziga O‘zbekistonda kuchli futbolchilar yetishib chiqmoqda?

— Futbolchilarimizning texnikasi kuchli — bu borada ular belaruslardan yaxshiroq. Ammo jismoniy tarafdan orqada. Yugurish, turtish va kurashishni yaxshi eplolmaymiz. Ya'ni, Yevropada o‘ynash uchun texnika yetarli, biroq, jismoniy kuch yetishmaydi.

 O‘smirlar va yoshlaringiz Osiyo chempionatlarida zafar quchgan.

— Ular jahon chempionatida doimiy ishtirok etmoqda. Kattalar jamoasiga esa har safar ozgina narsa, ba'zan bitta g‘alaba, ba'zan durang yetishmayapti. Umuman olganda iqtidorli bolalar ko‘p. Ammo ularning hammasida ham shug‘ullanish imkoniyati yo‘q. Agar chekka viloyatda tug‘ilgan bo‘lsa, uni Toshkentga olib borishga yoki oddiy butsa sotib olishga hamma oila ham qodir emas. Misol uchun buvim har kuni meni elektrichkada Toshkentga olib borgan. Uning pensiyasiga butsa olganmiz.

 Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Portugaliyaning 5 karra chempioni, serbiyalik Lyubinko Drulovich qo‘l ostida o‘ynadingiz. U haqdagi taassurotlaringiz?

— Zo‘r murabbiy. Bir necha yil oldin Serbiya o‘smirlar milliy jamoasi u bilan Yevropa chempioni bo‘lgan. Inson sifatida ham hurmatga loyiq. Insoniylik xislatlaringiz bo‘lmasa, sizdan yaxshi futbolchi chiqmaydi. Bu bir-biri bilan bog‘liq.

 O‘zbek yulduzlaridan kimlar bilan tanishsiz?

— «Rostov»dagi Shomurodov bizda eng mashhur futbolchi. Xitoyda o‘ynayotgan Ahmedov ham bor. Ammo Shomurodov har o‘yinda gol uryapti, uni ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Har ikkalasi bilan milliy jamoada birga o‘ynaganman. 2018 yili Eron va Urugvayga qarshi bahslarda zaxiradan tushganman.

 O‘sha paytda milliy jamoani argentinalik mashhur murabbiy Ektor Kuper boshqarayotganmidi?

— Yo‘q. Bu o‘yinlar may va iyun oylarida o‘tkazildi. Kuper esa avgustda keldi. Meni yig‘inlarga chaqirdi. Ammo 2019 yil yanvar oyidagi Osiyo Kubogiga olib ketmadi.

 O‘zbek futbolining eng obro‘li vakillari kimlar?

— Mirjalol Qosimov, o‘tgan yili OKMK tarkibida uning qo‘l ostida o‘ynadim. «Rotor»da yordamchi murabbiy bo‘lib ishlayotgan Maksim Shatskix. «Paxtakor» sport direktori Jafar Irismetov. U «Mozir» klubida o‘ynagan? Qoyil, bilmas ekanman. Va albatta mashhur hakam Ravshan Ermatov. Hamma uni hurmat qiladi, hozir u federatsiya rahbari.

 Osiyo Chempionlar Ligasida qaysi yulduzlarga duch kelgansiz?

— Ispaniyalik Xavi, Gabi va Alvaro Negredo. Gollandiyalik Sneyder. Ajoyib futbolchilar! Harakatlari, ochilishi, maydonni ko‘rishi! Qarab turib, ko‘zlarimga ishonmaganman. Xavini uch futbolchi qo‘riqlagan, unga esa ta'sir ham qilmagan.

 «Paxtakor»da BATE klubining sobiq himoyachisi Simich bilan birga o‘ynadingizmi?

— Ha. Marko — zo‘r futbolchi. Hozir «Paxtakor»ning himoya markazida mahalliy yaxshi futbolchilar to‘p tepyapti. Bu nuqtada raqobat kuchli va ba'zan Simich zaxira o‘rindig‘ida qolgan. Menimcha shu tufayli klubni tark etdi.

 Umarov bilan OKMK klubida tanishdingizmi?

— Ha. Toshkentdagi internatda birga o‘qidik. Keyin u «Paxtakor» akademiyasida o‘ynadi. Shohruh ham poytaxtdan emas, u – olmaliqlik. OKMK klubida biz bilan birga belaruslik Vlad Kosminin ham to‘p tepdi. Zo‘r yigit. Har kuni gaplashardik.

 «Energetik» sizni «Paxtakor»dan ijaraga olgan. Toshkentga chaqirishmayaptimi?

— Hozircha yo‘q. Ammo o‘zim Yevropaga ketmoqchiman. Bosh murabbiy Shota Arveladze bilan o‘rtamizda tushunmovchilik bor. Bir marta meni zaxiraga olganida, xafa bo‘lib qo‘lini siqmaganman. Shundan boshlanib ketgan. Zaxirada qola boshladim. O‘yinga tushsam ham 10-15 daqiqa harakat qilardim. Bu vaqt mobaynida nima ham qilish mumkin? To‘pni, o‘yin tempini sezmay qo‘ydim, natijada formamni yo‘qotdim. To‘pni qabul qilganimda, qanday harakat qilishni bilmay qoldim. O‘yinim yomonlashib ketaverdi. Yaxshi o‘ynasam ham keyingi bahsni zaxira o‘rindig‘ida boshlashimni bilardim. Bu esa ma'naviy azob. «Energetik»da esa hammasi boshqacha. Murabbiylar menga ishonch bildirmoqda. Jamoaga kerak ekanimni, foydam tegayotganini his qilyapman. Shuningdek, ishonchni oqlashga harakat qilyapman.

 «Energetik» tarkibida 3ta penaltini aniq amalga oshirdingiz. O‘zbekistonda ham penaltini tez-tez tepganmisiz?

— Bir marta ham tepmaganman. «Energetik»da mavsum boshidayoq penalti tepuvchi qilib tayinlashdi. Bu men uchun yangi chorlov – o‘zimga va boshqalarga bu ko‘nikmaga ega ekanimni isbotlash uchun imkoniyat.

 Chempionatda nechta gol urmoqchisiz?

— Har bir o‘yinda gol yoki uzatma bo‘lishini istayman.

 O‘zbekistonga qachon qaytmoqchisiz?

— Yozda. Chinozda to‘yimni o‘tkazishni rejalashtiryapman. Ammo hozir chegaralar yopiq. Demak kutib turishga to‘g‘ri keladi. To‘y ham kuzga qolsa kerak.

Ko‘proq yangiliklar: