Sebastyan Fettel «Ferrari» jamoasidan ketadi 

Sport 15:18 / 12.05.2020 1796

«Ferrari»  «Formula-1» bo‘yicha to‘rt marta jahon chempioni Sebastyan Fettel bilan shartnomasini uzaytirmasligini ma'lum qildi. Tomonlar yangi shartnoma shartlari boasida kelisha olmadi.

«Biz ham, Sebastyan ham bu qarorni to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Fettel — ajoyib pilot, uning ketishidan afsusdamiz. Jamoada kelishmovchilik yo‘q, shunchaki olg‘a yurishda davom etish kerakligini, yo‘llarimiz esa ayrilishini tushundik», — dedi «Ferrari» rahbari Mattia Binotto.

32 yoshli Fettelning shartnomasi ushbu mavsum yakunlanishi bilan tugaydi. Uning bir yillik maoshi 40 mln yevroni tashkil etadi. Avvalroq F1-Insider portali «Ferrari» Fettelga ikki mavsumga shartnoma taklif qilganini yozgandi. Shu bilan birga, shartnomadagi to‘lov miqdori koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan inqiroz bois hozirgidan ancha kam ko‘rsatilgandi.

Fettel «Formula-1»da 2007 yildan beri qatnashib keladi.  U «Red Bull» jamoasi safida to‘rt marta jahon chempioni bo‘lgan (2010–2013). Nemis poygachisi «Ferrari»ga 2015 yilda o‘tgandi.  

Koronavirus tarqalishi sababli «Formula-1»ning yangi mavsumi hozircha boshlanmadi. Bahrayn, Vetnam, Xitoy, Niderlandiya, Ozarboyjon va Kanada gran-prilari muddati ko‘chirildi, Avstraliya, Monako, Ispaniya va Fransiya bosqichlari bekor qilindi.   

Ko‘proq yangiliklar: