9 may kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari, sobiq o‘yinchi va murabbiylar Sirdaryodagi «Sardoba» suv ombori toshqinidan talafot ko‘rgan mahalliy aholi oldiga ko‘mak yuklari bilan borishdi.
Sirdaryoga borganlar qatorida O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, murabbiylar – Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov, Timur Kapadze, milliy jamoalar bo‘limi boshlig‘i Aziz Haydarov, muxlislar klubi yetakchisi Abdurahmon Fozilovni uchratdik.
Aziz Haydarov, Vadim Abramov, Abdurahmon Fozilov 300ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvlari, rezina etiklarni tarqatishdi. Timur Kapadze esa aholiga futbolchi va murabbiylar tomonidan yig‘ilgan pullarni berdi.
Timur xayriya ishlarida milliy jamoa a'zolari, ayniqsa, legionerlarning xizmati katta bo‘lganini ta'kidladi:
«Vaziyatga befarq bo‘lolmadik. Shuning uchun assotsiatsiya xodimlari, futbolchilar va murabbiylarga tashabbus bilan chiqdik.
Odil Ahmedov va Aziz Haydarov bilan kelishib, pul yig‘ishni boshladik. Milliy jamoa a'zolari, murabbiylar, ayniqsa, legionerlar faol qatnashishdi. Yaxshigina mablag‘ yig‘ildi, 300ta oilaga yordam bera oldik. Xudo xohlasa, hammasi tez kunda iziga tushib ketadi».
Milliy jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov hamma qo‘lidan kelganicha yordam berganini aytdi:
«Barcha yordam berish uchun birlashayotgani yoqimli. Bu – kichkinagina xayriya. Ularning holatini tushunish, og‘ir vaziyatda yordam berish juda muhim.
Nima ham deyish mumkin? Achinyapmiz. Futbol boshlansa, muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz».
Muxbir A'zamjon Izzatillayev,
tasvirchi Otaxon Yusupov