Buyuk depressiyadan keyingi davrdagi eng keskin qulash: AQSh iqtisodiyotida 1-chorak yakunlari ma'lum qilindi

Iqtisodiyot 07:43 / 05.05.2020 18018

AQSh Savdo vazirligi bergan ma'lumotga ko‘ra, martning ikkinchi yarmidan boshlab iqtisodiy faollikning keskin pasaygani, millionlab amerikaliklar ishsizlik nafaqasiga qarab qolgani natijasida mamlakat iqtisodiy ko‘rsatkichlarida pasayish kuzatilgan.

Savdo vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning birinchi kvartalida iqtisodiy faollikning 2/3 qismini tashkil etuvchi iste'mol xarajatlari 7,6 foizga qisqardi. Import hajmi 15,3 foizga kamaydi. Mamlakatdagi kompaniyalarning umumiy aksiyalari qiymati 16,3 mlrd dollarga arzonlashdi. Biznesga investitsiya kiritish hajmi 8,6 foizga qisqardi.

Birinchi kvartalda yalpi ichki mahsulot hajmi 4,8 foizga qisqargan bo‘lsa, ikkinchi kvartalda 40 foizgacha qisqarishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

«Aksariyat shtatlarda pandemiya kayfiyati 1 oydan kamroq kuzatilgani holda zararlar shuncha bo‘lsa, ofat qamrovi kengayib borayotgan keyingi oylarda vaziyat yanada og‘irlashishini aytish mumkin», deydi MUFG banklar tarmog‘ining Nyu-Yorkdagi filiali bosh iqtisodchisi Kris Rupki.

Ekspertlar tahlillariga ko‘ra, hozirgi kunda amerikaliklar boshdan kechirayotgan iqtisodiy tushkunlik 1929-1939 yillardagi Buyuk depressiya davridan beri ilk bor kuzatilmoqda.

Iqtisodchilar ko‘plab mamlakatlar qo‘llayotgan chora – iqtisodiy zonalarni qayta ochish pandemiyagacha bo‘lgan holatga qaytishga yordam berishiga ishonchsizlik bildirishmoqda. Iqtisodiy faollikka qaytishga urinish virus tarqalishining ikkinchi to‘lqinini keltirib chiqarishi, natijada karantin choralarini yanada keskinroq, yanada uzoqroq qo‘llashga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Soha mutaxassislari prognozlariga ko‘ra, karantin rejimi tugagandan so‘ng ham AQShda keskin iqtisodiy o‘sishni kutish noto‘g‘ri. Katta ehtimol bilan mayda biznes sub'yektlari o‘z ish faoliyatini butkul to‘xtatishiga to‘g‘ri keladi.

Aprel oyi yakuniga ko‘ra, ishsizlik nafaqasi so‘rab murojaat qilgan 30 milliondan ortiq amerikalik karantindan keyin ham ancha paytgacha ish topa olmasligi mumkin.

Kongress yuzaga kelayotgan iqtisodiy zararlarni qoplash uchun 3 trln dollar qiymatida fiskal paketni qabul qildi. Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini 0 qiymatga tushirdi. Ammo ba'zi iqtisodchilar bu choralar yetarli bo‘lmasligi mumkinligini ta'kidlamoqda.

«Inqiroz asoratlari uzoq vaqt saqlanib qolishi ehtimoli yuqori. 2020 yilning birinchi kvartalida qayd etilgan va keyingi kvartal uchun prognoz qilinayotgan yo‘qotishlar hajmi 2022 yil yakuniga qadar tiklanmasligi mumkin», deydi ING moliyaviy konglomeratining Nyu-Yorkdagi bosh iqtisodchisi Jyeyms Naytli.

Ko‘proq yangiliklar: