Prezidentning “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Qayd etilishicha, quyidagilar:
2020 yil 17 aprelda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Direktorlar kengashi tomonidan “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasini moliyalashtirish uchun 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan, 25 yil muddatga, 60,0 mln AQSh dollari miqdorida O‘zbekiston Respublikasiga qarz berishni ma'qullagan;
loyihaning umumiy qiymati 112 mln AQSh dollari ekvivalentini, ulardan 52 mln AQSh dollari, shu jumladan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish shaklida – 44,01 mln AQSh dollari O‘zbekiston Respublikasining ulushini tashkil etadi;
loyihani amalga oshirish davri 5 yil etib belgilangan (2020-2024 yillar).
Belgilanishicha:
loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish, shuningdek, OTBning qarzidan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan ijro etuvchi organ etib O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hisoblanadi;
loyihani amalga oshirish davrida OTBning qarzi bo‘yicha foizlar va komissiyalarni to‘lash OTBning qarzi hisobidan amalga oshiriladi;
2025 yildan boshlab OTBning qarzini uzish va foizlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar “Toza hudud” DUKlarining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi zimmasiga loyiha doirasidagi tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni ta'minlash, OTB va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq zarur hisobot hamda hujjatlarni tayyorlash va taqdim etishni o‘z vaqtida tashkillashtirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi.
Prezidentning 2018 yil 16 iyuldagi PQ-3857-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning 42-bandiga muvofiq Davlat ekologiya qo‘mitasi huzurida Loyihalarni boshqarish guruhi tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziriga O‘zbekiston Respublikasi nomidan OTB bilan qarz bitimini va Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan OTB qarzini qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitimni imzolash vakolati beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi va OTB o‘rtasidagi qarz bitimi;
loyiha doirasida OTB hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan OTBning qarz mablag‘larini qayta kreditlash bitimlari va ularga kiritiladigan o‘zgartirishlar yuzasidan o‘rnatilgan tartibda yuridik xulosalar beradi.
Loyihani amalga oshirish doirasida:
OTB qarzi hisobidan o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududida xarid qilinadigan va olib kiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari qo‘shilgan qiymat solig‘i, avtotransport yig‘imlari va bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari);
yuridik shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari – yuridik shaxslar daromadi solig‘idan;
jismoniy shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari – jismoniy shaxslar daromadi solig‘idan ozod qilinadi.
Belgilanishicha:
mazkur bandga muvofiq taqdim etilgan imtiyozlarning amal qilishi loyiha doirasida Davlat ekologiya qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga ham joriy etiladi;
mazkur bandda ko‘rsatilgan imtiyozlarni taqdim etish natijasida bo‘shagan mablag‘lar miqdori O‘zbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.