Meksikadagi “Formula-1” avtodromi koronavirusga chalinganlar uchun shifoxonaga aylantiriladi

Jahon 22:00 / 04.05.2020 1835

Aka-uka Rodriges nomidagi avtodromning shifoxonaga aylantirilishi haqida Meksikaning ijtimoiy sug‘urta instituti rahbari Soe Robledo ma'lum qildi.

Uning ta'kidlashicha, poyga vaqtida yuqori martabali mehmonlar va jamoalar rahbarlari o‘tqaziladigan joy ham o‘zgarishlarga uchraydi.

“Bu yerda bemorlar uchun 8 modul joylashtiriladi. Har bir modul 24 o‘ringa mo‘ljallanadi. Shuningdek, biz 26 o‘rinli intensiv davolash bo‘limini tashkil etamiz”, deb aytgan Robledo.

“Formula-1”ning yangi mavsumi koronavirus sababli hanuzgacha boshlanmadi. Poygalar tashkilotchilari Bahrayn, Vetnam, Xitoy, Niderlandiya, Ozarboyjon va Kanada bosqichlarini keyinga ko‘chirdilar va Avstraliya, Monako, Ispaniya va Fransiya bosqichlarini bekor qildilar.

Poyganing ijrochi direktori Cheyz Keri chempionat 5 iyulda Avstriyada boshlanishini ma'lum qilgan. 19 iyulda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Britaniya bosqichi tomoshabinlarsiz o‘tadi. 2 avgustga belgilangan Vengriya bosqichi esa 3 haftaga qoldiriladi. Meksika gran-prisi o‘tkazilishi esa rasmiy jadvalga ko‘ra 1 noyabrga belgilangan.

“Formula-1”ning oxirgi chempionatini britaniyalik Lyuis Xemilton yutgandi. U bunga 6-marta erisha oldi. 

Ko‘proq yangiliklar: