«Asaka» bank pandemiyada qanday o‘zgarmoqda? Bank rahbariyati bilan suhbat

Iqtisodiyot 12:41 / 04.05.2020 11614

– Pandemiya davrida butun dunyo boshqa tartib va qoidalar bilan yashashga majbur bo‘ldi. Xususan, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va bank faoliyati ham bundan mustasno emas. Ayni paytda sizning rahbarligingizda «Asaka» bankida ishlar qanday tashkil etgan?

– Shubhasiz, biz birinchi navbatda karantin talablaridan kelib chiqqan holda ishlarni tashkillashtirmoqdamiz. Xodimlar asosan masofadan turib ishlayapti. Bankda bo‘lishi zarur bo‘lgan front-ofis xodimlari esa maxsus kiyim va individual himoya vositalari bilan ta'minlangan. Bosh ofis va Bankning barcha filiallarida barcha xonalar, shuningdek, transport vositalari ham muntazam dezinfeksiya qilinyapti. Kassaga kelib tushgan naqd pullarga kimyoviy ishlov berilgach, saqlash uchun omborga tushirilmoqda.

Bundan tashqari, ta'tilga chiqishiga to‘g‘ri kelgan xodimlarimizni ham unutib qo‘yganimiz yo‘q. Ular uchun onlayn treninglar va bank sohasi qonunchiligi, ichki korporativ madaniyat va odob, xizmat ko‘rsatish standartlari, bugungi kun bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab dolzarb masalalarni keng qamrab olgan vebinarlar tashkillashtirilmoqda. Yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, Bankimiz mijozlari, umuman O‘zbekiston aholisiga onlayn xizmatlarimizdan foydalanishni tavsiya qilyapmiz.

Buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Asaka mobile, Asaka business, My Asaka web mobil ilovalarimiz yordamida bankimiz mijozlari uydan chiqmay turib osonlik bilan turli to‘lovlarni amalga oshirishi, xalqaro pul o‘tkazmalarini olish, omonat yoki overdraftni rasmiylashtirish, plastik kartalarini boshqarishlari mumkin. Shuning bilan birga, Asaka bankining Aloqa markazi kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda. Mutaxassislarimiz kunu-tun mijozlarning turli savollariga javob berib, har bir masalani hal etishga tayyor turishibdi.

Bundan tashqari, Bank Telegram-chati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Agar bankka kelish ehtiyoji tug‘ilgan taqdirda ham barcha havfsizlik choralar ko‘rilgan. Biz uchun har bir mijozimizning sog‘lig‘i o‘ta muhim.

– Koronavirus tufayli yuzaga kelgan qiyin vaziyatda tadbirkorlar va jismoniy shaxslar ham moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu bilan birga, ayrim shaxslarning to‘lov majburiyatlari saqlanmoqda. «Asaka» bank mijozlari uchun bu sharoitda qanday yengilliklar taqdim etildi? 

– Mijozlar qiyin vaziyatda qolishining oldini olish maqsadida kredit ta'tillari e'lon qildik. Buning uchun bankka kelish shart emas. Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimiz orqali mijozlarimiz, jismoniy yoki yuridik shaxs bo‘lishidan qat'iy nazar istagan xizmat turidan masofadan turib foydalanishi mumkinligini eslatib o‘tyapmiz. Buning uchun yuqorida aytib o‘tganimizdek, Asaka mobile, Asaka business, My Asaka web ilovalarimiz bor.

Masalan, yuridik shaxslar Asaka business mobil ilovasi yordamida kompaniya yoki firmalarning hisob raqamlariga osonlik bilan pul o‘tkazish, xodimlarning ish xaqini to‘lash, o‘z hisob raqamlaridagi operatsiyalarni kuzatib borish, korporativ kartalarni to‘ldirish va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish mumkin. Jismoniy shaxslarning muddati tugagan omonatlarining muxlati bir tomonlama tartibda uzaytirildi va foizlar to‘lab borilyapti. Bundan tashqari, biz plastik kartochkalarni on-layn ochish va tabiiyki, uni mijozlarning uyiga yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘ydik.

– Bundan keyin ham, aholi va xususiy sektorning mablag‘ga bo‘lgan ehtiyoji ko‘payishi mumkin. Shuningdek, arzon kreditga bo‘lgan talab oshadi. Bank bunga tayyormi, kredit ajratishda resurslar yetishmovchiligi muammosi bo‘lmaydimi? 

– Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki foizlar bo‘yicha asosiy stavkani 16 foizdan 15 foizga tushirdi. Bu umuman olganda kreditlar foizi biroz pasayishiga xizmat qiladi. Biroq, unutmaslik kerakki, kreditlar bo‘yicha stavkalar hajmi, marjani hisobga olmaganda istagan xizmat turi singari ya'ni ma'lum maxsulot yoki xizmat turining tannarxidan kelib chiqadi. Bundan tashqari, bozor iqtisodiyoti va ochiq raqobat sharoitida bozor konyukturasi maxsulot yoki xizmatning yakuniy narxiga o‘z ta'siri o‘tkazmay qolmaydi.

Ta'kidlash joizki, mamlakatimiz hukumati tomonidan aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z vaqtida zarur choralar ishlab chiqildi. Foiz stavkalarini kompensatsiyalash tizimi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shu sababli arzon kreditlar siyosati haqida gapirishga erta deb o‘ylayman.

Bugungi kunda mijozlarimizning pul oqimlaridagi bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida biz aylanma mablag‘lar uchun revolver kreditlari bilan biznes sub'yektlarini faol qo‘llab-quvvatlayapmiz. Ilgari boshlangan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda davom etyapmiz. Umuman olganda kreditlarga, xususan chakana kreditlarga talab ortishi bank tizimi rivojlangan istagan iqtisodiyot uchun tabiiy hol sanaladi. Asosiysi bu ehtiyoj «sog‘lom» bo‘lishi, ya'ni kreditlar olish osonligi (narxi, hajmi va h.) uchun emas, maqsadli, aniq bir moliyaviy yoki moddiy talablarni qondirish uchun bo‘lishi kerak. Shubhasizki, qarz oluvchining mas'uliyatini oshirish va to‘lov madaniyatini rivojlantirish ham muhim jihatlardan sanaladi. Mana shunday sharoitda kredit resurslari tanqisligi yuzaga kelishi ehtimoli o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

– Inqiroz davrida revolver kreditlari ajratish ko‘zda tutilgan. Bu haqida ma'lumot bersangiz.

– Revolver kreditining prinsipi quyidagilardan iborat: qarz oluvchi bankning kredit limiti doirasida pul mablag‘laridan foydalanadi va kredit so‘ndirilishi bilanoq, to‘ldirilgan summaning limiti qayta tiklanadi. Bunday kreditlash vositasi uni ta'minlaydigan bank uchun ham, qarz oluvchilar uchun ham juda qulaydir, chunki u vaqtincha pul oqimi taqchilligini qoplashga imkon beradi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, «Asaka» bank ushbu turdagi moliyalashtirishni o‘z mijozlariga keng qo‘llamoqda.

– Kelgusi rejada qanday o‘zgarishlar kutish mumkin? Bank mijozlari uchun tavsiya va maslahatlaringiz.

– Koronavirus pandemiyasi, mavjud hayot tarzi va tartibiga boshqacha nazar bilan qarashga majbur qildi. Nazarimda, sezilarli iqtisodiy yo‘qotishlar, ijtimoiy cheklovlar va boshqa salbiy omillarga qaramay, bu inqiroz barcha tizimlarning himoyasizligini ko‘rsatdi. Aynan shu omil yaqin kelajakda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga investitsiya kiritish zarurligini isbotlab berdi. Qisqa vaqt ichida barcha sohalar, shu jumladan bank faoliyati biznes jarayonlarini raqamlashtirishning naqadar muhimligini his qildirganiga guvoh bo‘ldik.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari bilan barcha sohalarda, shu jumladan bank-moliya tizimida tub islohotlar amalga oshirildi. Bankimizda transformatsiya jarayonlar kechayotgan bo‘lib, zamon talablari darajasida ish yuritish, xalqaro munosabatlarni rivojlantirish, kapitallashtirish, resurs bazasi va daromadlilik darajasini oshirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bank protseduralarini soddalashtirish bo‘yicha qator ishlar qilinmoqda. Aholiga chakana bank xizmatlarini ko‘rsatish tizimi jadal rivojlanmoqda, biz filiallar sonini ko‘paytirmasdan ko‘p sonli mijozlar bilan ishlashga imkon beruvchi yangi innovatsion platformalar va tizimlar yaratmoqdamiz.

Kelgusida bizning barcha filiallarimiz mijozlarning yangi ehtiyojlariga bank sohasini global miqyosda raqamlashtirishni hisobga olgan holda funksional ravishda moslashtiriladi. Bank investitsiya va Vatanimiz iqtisodiyotini rivojlantirish jarayonlaridagi faolligini davom ettiradi.

So‘zim yakunida jamoamizda ishlovchi har bir shaxs nomidan Bankning ko‘p yillik faoliyati davomida muvaffaqiyatli odimlashi uchun ishonchli zamin yaratgan sheriklarimizga, aksiyadorlarga, mijozlarga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman!

Chin qalbimdan avvalo salomatlik, professional faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, sizga hamda yaqinlaringizga xotirjamlik va farovonlik tilayman.

Muborak Ramazon oyi bilan tabriklayman.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: