Afrika laboratoriyasi: Farmatsevtika kompaniyalari klinik sinovlarni nega shu yerda o‘tkazishadi?

Jahon 22:19 / 04.05.2020 19879

Sovuq urush davri tugagach, ko‘plab salbiy munosabatlarga qarshi o‘laroq, ba'zi qarorlar qabul qilindi. Dastlab Nyurnbergda tibbiyot sohasidagi ilk etika qo‘mitalari tashkil etildi. Undan keyin 1964 yilda Helsinki va 1981 yilda Filippin poytaxti Manilada bayonotlar qabul qilindi. Ushbu axloq qo‘mitalari vaqt o‘tishi bilan boshqa mamlakatlar tomonidan ham tan olindi. Mazkur kengashlar umumiy qabul qilingan tamoyillar asosida faoliyat yuritadi va ushbu tamoyillarga mos bo‘lmagan vaziyat yuzaga kelsa, zaruriy choralari amalga oshiradi. Biroq shunga qaramay zarur laboratoriya va tadqiq imkoniyatlari cheklangan Afrika mamlakatlari hanuz yirik xalqaro farmatsevtika kompaniyalari uchun laboratoriya vazifasini o‘tab kelmoqda. So‘nggi yarim asr davomida ko‘plab dorilarning klinik sinovlari shu yerda o‘tkazilgani ham bu fikrning dalilidir.

Ta'kidlash joizki, yuqumli kasalliklar bo‘yicha olib borilgan sinovlar natijasida yetkazilgan zarar jiddiy kompensatsiyani talab qiladigan darajada edi. Ustiga ustak, bemorlarning ko‘pchiligi terapevtik maqsadlarda ishlatiladigan ushbu dorilar haqida hech qanday ma'lumotga ega bo‘lmasdi. Boshqacha qilib aytganda, Skandinaviya mamlakatlarida odamlar ko‘ngilli bo‘lishga rozi esa-da, qandaydir kutilmagan vaziyat yuzaga kelsa, o‘z huquqlarini talab qila olishardi. Afrikada esa bunday emas – fransuz tili rasmiy davlat tili bo‘lgan mamlakatlarda sinovdan o‘tkazilajak dorilar haqida ingliz tilida ma'lumot berilardi. Eng yomoni, bemor sinov bosqichidagi bunday dorilar o‘zida qo‘llanishini bir imtiyoz sifatida qabul qilardi.

Afrikadan laboratoriya sifatida foydalanishga oid OAVda e'lon qilingan xabarlar, maqolalar va kitoblar ushbu amaliyotga qarshi jiddiy reaksiyalarga sabab bo‘lmoqda. Qit'aning laboratoriya, u yerda yashovchilarning esa «tajriba quyonchasi» emasligi haqidagi e'tirozlar ham har tarafdan aks-sado bermoqda. Endilikda afrikaliklar yevropalik yoki amerikaliklar uchun ishlab chiqarilgan va asosan ularning sog‘ligi yo‘lida qo‘llanishi ko‘zda tutilgan dorilarning ilk bosqichda nega yevropalik va amerikaliklarda sinovdan o‘tkazilmayotgani haqida e'tiroz bildirmoqdalar.

Ma'lumot o‘rnida qayd etish joizki, bugungi kunda Shveytsariyaning eng yaxshi 10ta farmatsevtika kompaniyasi 500 milliard yevro savdo aylanmasi bilan dunyo dori-darmon sanoatining 40 foizidan ko‘prog‘iga egalik qiladi. Dunyo farmatsevtika mahsulotlarining 54 foizi Shimoliy va Janubiy Amerikada (AQSh 47,5 foiz, Lotin Amerikasi 4,4 foiz, Kanada 2,1 foiz), qolgan 23,2 foizi Yevropa mamlakatlarida, 22,5 foizi esa Osiyo-Tinch okeani mintaqasida ishlab chiqariladi. Yaqin Sharq mamlakatlari esa 2 foiz ulushga ega. Afrikadagi 54 mamlakatining umumiy ulushi esa juda past ko‘rsatkichni – atigi 0,5 foizni tashkil etadi. Shu bois afrikaliklar o‘z qit'alarining ishlab chiqaruvchi emas, iste'molchi ekanini, qolaversa, yangi dori ishlab chiqarishda o‘zlarining tajriba vositasi ekanliklarini hazm qila olishmayapti.

So‘nggi paytlarda koronavirusga qarshi kurash doirasida ishlab chiqarilgan yangi dori va vaksinalarning afrikaliklar ustida sinovdan o‘tkazilayotgani haqida uzunquloq gaplar paydo bo‘lmoqda. Bu esa keyingi sinov amaliyotlari ham afrikaliklar ustida hech qanday ogohlantirishsiz o‘tkaziladi, degan fikrning keng yoyilishiga sabab bo‘lmoqda.

Xo‘sh, Afrikaning klinik sinovlar laboratoriyasi, bu yerdagi odamlar esa «tajriba quyonchasi»ga aylantirilishi faqat farmatsevtika sanoati uchungina xosmi? Yo‘q. Bu yerda ochilgan har bir sektorning yetakchi investorida shunga o‘xshash niyat bor. Masalan, tog‘-kon sanoatida ishlaydiganlar uchun ushbu jug‘rofiy maydon go‘yo bir boshlang‘ich maktab vazifasini o‘taydi. Davlat muassasalari ham eng tajribasiz xodimlarini Afrika mamlakatlarida ish bilan ta'minlaydi.

Albatta, bu «surgun yeri»ga hech kim o‘z xohishi bilan kelmasligi aniq. Garchi Afrikaga xizmat vazifasi bilan jo‘natilish salbiy hol bo‘lib tuyulsa-da, aksariyat odamlar qit'aning eng chekka qismiga borganlaridan biroz vaqt o‘tgach, bu yerda yashashdan zavq tuya boshlaydilar. Hatto keyinchalik gullab-yashnagan Yevropa mamlakatlariga qaytganlarida o‘zlarini qandaydir yolg‘izlik domiga tushib qolganday his qilishadi.

Albatta, Afrika laboratoriya ekani haqidagi fikrga hamma ham birday qo‘shilavermaydi. Ehtimol, buni bir bor Afrikaga borgan kishining u yerda doimiy yashash istagiga tushib qolishi, o‘zini tabiiy muhit qo‘ynida his etishi bilan izohlash mumkindir. Yana kim bilsin. 

Ko‘proq yangiliklar: