Ijtimoiy tarmoqda Sardoba falokatida «O‘zbekgidroenergo» rahbarini ayblashdi, tashkilot raddiya berdi

O‘zbekiston 16:38 / 03.05.2020 67417

To‘g‘ri, birinchi navbatda xalqimiz birlashib jabrdiydalarga yordam qo‘lini cho‘zishga shoshilmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar hodisa aybdorlarini qidirishga tushib ketishgan.

Bunda «O‘zgidroenergo» AJ raisi Abdug‘ani Sanginov va uning o‘g‘li, 2018 yildan buyon «To‘palang HPD systems» MChJga direktorlik qilib kelayotgan Islom Abdurahmonov ayniqsa hujumlar ostida qolmoqda.

Feysbukdagi postlardan biridan skrinshot

Sanginov kim o‘zi?

Suratda o‘rtada senator Abdug‘ani Sanginov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi, «O‘zgidroenergo» AJ raisi Abdug‘ani Sanginov gidrotexnik injyener, azaldan gidroenergiya inshootlari qurish bilan shug‘ullanib kelgan.

Masalan, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida 1982 yilda barpo etilishi boshlangan «To‘palang» suv omborining yakuniy bosqichini qurgan, «To‘palang» GES modernizatsiya qilinmoqda, hozir bu yerda «Zarchob» kichik GESlar kaskadi qurilmoqda. Shuningdek, Katta Farg‘ona kanalining Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidan o‘tgan qismida kichik GESlar kaskadi, Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida 5ta mikroGES, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi mikroGES, Toshkent viloyatida Tuyabo‘g‘iz kichik GESi va boshqa bir qator qurilishlar ham A.Sanginov rahbarligi ostida olib borilgan.

«Sardobadagi suv ombor qurilishiga «O‘zbekgidroenergo»ning aloqasi yo‘q», deyishdi biz bilan suhbatda «O‘zgidroenergo» mas'ullaridan biri. Chunki aksiyadorlik jamiyati prezidentning 2017 yil 18 may kungi PQ–2972-sonli qarori bilan tashkil qilingan. Ya'ni, «Sardoba» suv ombori qurilib, ishga tushirilganidan bir kun o‘tgach.

«O‘zbekgidroenergo» AJ gidroelektrostansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshirish bilan shug‘ullanadigan davlat kompaniyasi bo‘ldi. Kompaniya O‘zbekistonda yangi GESlar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiyalash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshiradi. Bu ishlarga tegishli kompaniyalarni yollaydi.

Abdug‘ani Sanginov esa 2017 yil 24 may kuni «O‘zbekgidroenergo» AJ rahbarligiga tayinlangan edi. Ungacha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi «O‘zsuvenergo» birlashmasiga rahbarlik qilib kelgan.

Anglashiladiki, A.Sanginov GES qurish bo‘yicha respublikadagi yetuk mutaxassis hisoblanadi. Aytishlaricha, u bir paytlar Surxondaryoda «TO‘PALANGSUVGESQURILISh» MChJ (hozirgi «TO‘PALANG HPD HOLDING» MChJ) korxonasiga asos solgan. O‘zbekiston oliy ligasida ikki mavsum o‘ynagan «To‘palang» futbol jamoasiga asos solgan.

2020 yil 21 aprel kuni «O‘zgidroenergo» AJ «Sardoba» suv ombori qoshida kichik GES qurilishi e'lon qilindi. GES qurilishi poydevori uchun «TO‘PALANG HPD HOLDING» MChJ tarkibidagi «Topalang HPD irrigation systems» UK ishtirokida birinchi g‘isht qo‘yilgan edi.

«Sardoba» suv ombori qurilishida A.Sanginovga tegishli firma yo tashkilotlar ishtirok etganmi? Ishtirok etgan. «O‘zbekgidroenergo» AJ matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘sha vaqtda subpudratchi sifatida «Rezaksoy suv qurilish» MChJ tomonidan olib borilgan ishlar o‘pirilish sodir bo‘lgan hududda bo‘lmagan.

«O‘zbekgidroenergo» AJ matbuot xizmati o‘z telegram kanalida hodisa yuzasidan internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ayblovlarga nisbatan rasmiy munosabat bildirdi.

«Sardoba» suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi yuzasidan, mamlakatimiz hamda xorijiy OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, «O‘zbekgidroenergo» AJ nufuziga qarshi qaratilgan noto‘g‘ri talqinlar, asossiz va yuzaki yondashuvlarga nisbatan quyidagi rasmiy munosabatimizni ma'lum qilamiz:

Ma'lumki, «Sardoba» suv ombori 2010-2017 yillar mobaynida barpo etilgan. Ushbu qurilishda buyurtmachi sifatida Suv xo‘jaligi vazirligi (sobiq Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi), «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» unitar korxonasi bosh pudratchi sifatida ishtirok etgan.

Bundan tashqari, ushbu obektda 10dan ziyod yordamchi pudratchi tashkilotlar (subpodryadchik) qatorida «Rezaksoy suv qurilish» MChJ (hozirgi nomi – «To‘palang Water Construction» MChJ) ham qurilish jarayonlarida o‘ziga ajratilgan qism bo‘yicha qurilish ishlarini bajargan. Mazkur MChJ tomonidan bajarilgan ishlar tegishli tartibda qabul qilib olingan.

«Sardoba» suv omborida sodir bo‘lgan falokatning tegishli qismida «To‘palang HPD Holding» MChJ tomonidan qurilish ishlari olib borilmaganini hamda Abdurahmonov Islom Abdug‘aniyevich 2010-2017 yillarda «To‘palang HPD Holding» MChJ hamda uning tegishli shirkat tashkilotlarida umuman faoliyat yuritmaganini alohida ta'kidlaymiz.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yildagi 18 maydagi PF-5044 sonli Farmoniga asosan «O‘zbekgidroenergo» AJ tashkil etilgan. Shuni aytish joizki, «O‘zbekgidroenergo» AJ «Sardoba» suv ombori qurilishida mas'ul etib belgilanmagan va ishtirok etmagan.

«Sardoba» suv omborining ekspluatatsiyasiga oid faoliyati «Davsuvxo‘jaliknazorat» davlat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma'lumotlar asossiz ekanligini ma'lum qilamiz», – deyiladi munosabatda.

Ko‘proq yangiliklar: