Orzu va ro‘yo orasidagi loyiha: Ilon Mask qanday qilib dunyoni sifatli internet bilan ta'minlamoqchi?

Fan-texnika 10:18 / 30.04.2020 42790
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Starlink loyihasi. Mask 12 mingta sun'iy yo‘ldosh bilan Yerni «o‘rab olmoqchi»

Har zamonda tizilib yurganini osmonda ko‘rayotganingiz -  Ilon Maskning Starlink dasturini amalga oshirish uchun olib chiqilgan sun'iy yo‘ldoshlardir. Ularni Falcon 9 raketa-tashuvchisi 7 marta muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirib, turli balandlikda joylashtirib chiqdi.

Dengiz sathidan 212-550 km balandlikda joylashgan Starlink sun'iy yo‘ldoshlari odatdagi sun'iy yo‘ldoshlardan ancha past joylashgani sabab ularni tez-tez ko‘rish mumkin. Qizig‘i, ular 386 km balandlikkacha raketada olib chiqiladi va 550 km balandlikka sun'iy yo‘ldoshlar mustaqil tarzda chiqadi. Qanday deysizmi? Ularga o‘rnatilgan quyosh batareyalari yordamida. Har bir sun'iy yo‘ldoshning og‘irligi 260 kg atrofida.

Starlink loyihasi doirasida orbitaga 12 mingdan 30 mingtagacha sun'iy yo‘ldosh olib chiqish mo‘ljallangan. Ular uch qavat bo‘lib Yerni o‘rab oladi va shu tariqa butun dunyoga sifatli internet yetkazib berishni ta'minlaydigan provayder uchun «sun'iy yo‘ldoshlar armiyasi» paydo bo‘ladi.

Bir kompaniya orbitaga 12-30 ming dona sun'iy yo‘ldosh olib chiqishni reja qilgani va allaqachon ularning 420 donasini joylashtirib bo‘lgani qanchalik jiddiy ko‘rsatkich ekani haqida ikki og‘iz. Union of Concerned Scientiss xalqaro ilmiy-tekshirish tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda orbitada turli davlatlar va internet provayderlarga tegishli 2 mingta atrofida sun'iy yo‘ldosh bor.

Ya'ni, Ilon Mask Starlink loyihasini amalga oshirish uchun orbitaga hozirda mavjud bo‘lgan sun'iy yo‘ldoshlar sonidan kamida 6 baravar ko‘proq Starlink sun'iy yo‘ldoshini olib chiqishni maqsad qilgan. Hozirgacha olib chiqilgan 420ta sun'iy yo‘ldosh ham osmondagilarning 20 foizi degani.

2019 yil 31 mart holatiga ko‘ra, orbitada 2 062ta sun'iy yo‘ldosh aniqlangan. Ulardan 901tasi AQShga, 299tasi Xitoyga, 153tasi Rossiyaga, yana 709tasi esa qolgan barcha davlatlarga tegishli. Ko‘rib turganingizdek, hozir Ilon Maskning o‘zida butun boshli Rossiya va Xitoynikidan ko‘proq sun'iy yo‘ldosh bor. 2018 yil 22 fevraldan boshlangan Starlink sun'iy yo‘ldoshlarini olib chiqish ishlari 7 mayda davom ettiriladi. Bu gal ham doimgidek 60ta Starlink orbitaga olib chiqiladi.

Foto: EPA

Starlink mavjud internet xizmatlarini sindira oladimi?

Starlink qanday loyiha degan savolni ko‘pchilik berayotgani aniq. Bu Yer yuzining barcha nuqtasiga sifatli internet yetkazib berish bo‘yicha katta loyiha. Uning dastlabki qiymati 10-12 milliard dollarga baholangan. Ba'zi manbalarda esa loyihaning 40 milliard dollarga teng ekani aytilgan.

Hozir dunyoda ikki xil internetdan keng foydalaniladi: kabelli va mobil internet. Kabelli internet asosan shaharlarda ishlaydi. Mobil internet qamrovi esa biroz kengroq, ammo u ham shahardan uzoq joylarda ko‘ngildagidek ishlamaydi. Siz qishloqlarda yashasangiz va internet tezligi yomon bo‘lsa, ajablanmang, bu muammo dunyoning hamma yerida topiladi.

Starlink dunyoning yarmi shaharlardan tashqarida yashashini inobatga olib, sayyoraga teng taqsimlanadigan sifatli internet provayder yaratishni maqsad qilgan. Provayderlar osmonda bo‘lgani uchun siz tog‘da ham, olis qishloqlarda ham, dengizda ham – xullas Starlink sun'iy yo‘ldoshlari ko‘rinadigan har qanday yerda sifatli internetdan foydalanishingiz mumkin bo‘ladi.

Ammo Starlink taklif etayotgan internet mobil va kabelli internetni sindirishi qiyin bo‘ladi. Chunki uning narxi arzon bo‘lmaydi. Har biri falon million dollarga tushadigan sun'iy yo‘ldoshlarning minglab nusxasini osmonga joylashtirish, ularni uchirish uchun xarajatlar, bu uchun jalb qilingan investorlarning ulushi – hammasi Starlink provayderi taklif etayotgan ultrazamonaviy internet narxiga qo‘shiladi.

Starlink internetini to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon orqali qabul qila olmaysiz. Bu uchun o‘ziga xos terminallarni sotib olishingiz kerak bo‘ladi. Bunday uskunalar 100-300 dollar atrofida turishi taxmin qilindi. Starlink interneti uchun bir oylik o‘rtacha to‘lov esa 50 dollar bo‘lishi aytilgan. Masalan, O‘zbekiston sharoiti uchun bu juda qimmat. Avval terminal sotib ol, u orqali internetni tarqat va keyin gadjetlar yordamida ularni tut... Xullas, juda murakkab jarayon. Odamlarni bunday ko‘p bosqichli internetga o‘rgatish qiyin bo‘ladi. Ayniqsa shaharlarda shundog‘am nolib bo‘lmaydigan darajada internet ishlayotgan bir vaqtda.

Ammo bu internet kemalar, yaxtalar, samolyotlar uchun qulay bo‘lishi mumkin. Bilasiz, samolyotlar va kemalar aynan kosmik internetdan foydalanib harakatlanadi. Bunday internet provayderlar allaqachon mavjud va Starlink`ning dastlabki raqobatchilari sifatida aynan ularni keltirish mumkin. Odamlarning uyigacha kirib borish uchun esa Mask raketalarni uchirishdan tashqari yana ko‘p mehnat qilishi kerak.

Bu bo‘ladigan ishmi?

Foto: AP Photo/Jae C. Hong

Starlink loyihasi haqida 2015 yilda e'lon qilingandi. O‘shanda bu aql bovar qilmas loyiha ekani aytilgan, vaqt o‘tgan sari unga ishonmay boshlashdi. Ammo 2018 yil ilk parvoz amalga oshirilib, sinov muvaffaqiyatli chiqqach, barchaning ko‘z o‘ngida o‘sha aql bovar qilmas loyiha amalga osha boshladi.

Starlink taqdiriga shubha bilan qaraganlar Ilon Maskning oldin ham bir nechta loyihasi orzuligicha qolib ketganini eslatishadi. Masalan, katta shaharlarda mashinalar harakatlanishi uchun maxsus tunnellar loyihasi. U ko‘pchilikning e'tiborini tortganiga qaramay, loyihaligicha qolib ketdi. Yoki bo‘lmasa hamon orzuligicha qolayotgan Marsga uchish rejasi. Shu bois, Starlink’ni ham xuddi oldingi amalga oshmagan rejalar kabi piar uchun qilinayotgan ish deb hisoblay boshlashdi.

Dunyoda internet foydalanuvchilari qancha?

Dunyoning eng katta boylari bejiz internet bozoriga o‘zini urmayapti. Ular zamonaviy dunyoda eng katta pul aynan shu sohada aylanishini tushunib yetishgan. Dunyoning eng mashhur boylari ham bevosita internet biznesi bilan bog‘liq ekani ham bejiz emas. Bill Geyts, Mark Tsukerberg, Jyeff Bezos, Jek Ma kabi mashhur milliarderlar nomi bevosita internet bilan bog‘liq.

Pul qayerda ko‘p bo‘ladi? Talab katta bo‘lgan yerda. Internet esa talab hech qachon pasaymaydigan ishonchli sohaga aylandi. Internetsiz dunyo kamida hozirgidek bo‘lmaydi. Injyenerdan chiqqan, «Tesla» avtokarlarini sotib milliarderga aylangan Ilon Mask ham shu sabab internet biznesiga kirishga qaror qildi. Mayda-chuyda qilmadi-da, birato‘la butun dunyoni sifatli internet bilan ta'minlashni va'da qildi-qo‘ydi.

Bugun dunyoda 4,39 milliard internet foydalanuvchisi ro‘yxatga olingan. Bu juda katta auditoriya ekanini tasavvur qilish qiyin emas. Bu katta bozorga kirganlar esa o‘z salohiyati darajasida faoliyat olib borsa, kasod bo‘lmaydi. Masalan, O‘zbekistonda 15 milliondan ko‘proq odam internetdan foydalanadi.

Loyiha qanchalik ishonchli?

Biz foydalanayotgan internet texnologiyalari Yerda joylashgan va tabiiyki ularda nosozlik paydo bo‘lsa, tuzatib turadigan doimiy xodimlar ishlaydi. Agar Starlink’da nosozlik paydo bo‘lsachi? Kimdir orbitaga chiqib tuzatib tushadimi yoki koinotda doimiy usta uchib yuradimi? Sun'iy yo‘ldoshlar 10-12 yilda ishdan chiqishini inobatga olsak, ularni almashtirish ham milliardlab dollar xarajat talab qiladi.

Kosmik chiqindi ko‘paymaydimi?

Har bir odam qachondir nimadadir ayblangan. Hech bo‘lmasa yoshligida shirinlikni ko‘proq yeb qo‘yganlikda. Mansabdor odam esa kattaroq narsalarda ayblanishi mumkin. Masalan, vakolatini suiiste'mol qilishda. Ilon Maskni esa naq Ozon qatlamining yemirilishida ayblashgandi. Katta odamlarga qo‘yiladigan ayblovlar ham katta bo‘ladi.

Unga yana bir samoviy aybni qo‘yishmoqda: kosmosni ifloslantirishda. Starlink kosmosga bu qadar ko‘p sun'iy yo‘ldosh chiqargandan keyin ulardan ajraladigan chiqindi ham ko‘p bo‘ladi. Ammo Starlink vakillari sun'iy yo‘ldoshlar orbitaga chiqindi chiqarmasligiga ishontirishmoqda. Emishki, ular muddati tugagach, quyosh nurida eritib yuboriladi.

Maxsus xizmatlar ma'lumotlardan foydalanishi mumkinmi?

2018 yil dekabrda AQSh harbiy-havo kuchlari hamda Space X o‘rtasida kelishuv imzolangan. Qiymati 28 million dollar deb baholangan bu kelishuvga ko‘ra, tomonlar Starlink sun'iy yo‘ldoshlaridan harbiy maqsadlarda foydalanish imkoniyatlarini muhokama qilishadi. Tabiiyki tafsilotlar aniq emas. Ilon Maskning sun'iy yo‘ldoshlari AQSh maxsus xizmatlari manfaatlari uchun ishlashi haqida gaplar tarqaldi.

Ya'ni, AQSh maxsus xizmatlari Starlink internetidan foydalanuvchilarning ma'lumotlarini «ko‘zdan kechirish» imkoniga ega bo‘ladi. Biroq bu gapga ham ishonish qiyin. Chunki MRBning mashhur agenti Eduard Snoudenning so‘zlariga ishonadigan bo‘lsak, Hollivud filmlarida dunyoni qutqaradigan AQSh maxsus kuchlarida hozirgi global tarmoq nazoratida ham o‘zlarini «suvdagi baliqdek» his qilishadi.

Ilon Mask nega bu ishga qo‘l urayotganini yagona sabab bilan izohlash mumkin: pul! Bu loyiha zamonamizning yetuk fizigiga yiliga 35-40 milliard dollargacha foyda keltirishi mumkinligi aytilmoqda. Boshlanishiga xarajatlarga chidasa, yiliga 40 milliard dollar «qorinni og‘ritmaydi», to‘g‘rimi?

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: