Google videokonferensiya servisini bepul xizmatlar ro‘yxatiga qo‘shdi

Fan-texnika 16:45 / 30.04.2020 5031

29 aprel kuni Google kompaniyasi video orqali guruh qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirishga mo‘ljallangan Google Meet'ni bepul xizmat sifatida taqdim etdi. Avval bu servis faqat kompaniyalar va ta'lim muassasalari uchun xizmat ko‘rsatardi. Ammo koronavirus pandemiyasi sharoitida hammaga undan bepul foydalanishga ruxsat berildi.

Google Meet bunday xizmatlar bozoridan Zoom servisini siqib chiqarishni maqsad qilgan va buni uddalashi mumkin. Chunki Google servisi konferensiyaga yot bo‘lgan mehmonlarning kirib kelishidan ancha yaxshi himoyalangani aytilmoqda.

Zoom xizmatiga qo‘shilish havolasini olgan shaxs konferensiyaga xufyona kirish imkoniyatiga ega, Meet konferensiyasida ishtirok etish uchun esa Google orqali o‘z akkauntiga kirishi va konferensiya yaratuvchisi buni tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

Google kompaniyasida shunga o‘xshash Hangouts videoqo‘ng‘iroqlar servisi ham bor. Kompaniya uni mukammallashtirib, Meet xizmatini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Kelajakda bu ikki ilova bir-biriga qo‘shib yuborilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Meet xizmatini Google pochta servisiga integratsiya qilish ham rejalashtirilyapti. Bu esa pochtaning o‘zidan videoqo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniyatini beradi.

OAVda Meet xizmatining asosiy ustunligi sifatida juda ham xavfsiz ekani haqida aytilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, Zoom bu borada unga ancha yutqazadi.

Ko‘proq yangiliklar: