Tokio Olimpiadasi to‘liq bekor qilinishi mumkin

Sport 20:53 / 28.04.2020 6658

Bu haqda Tokio Olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasi raisi Yesiro Mori Nikkanspors nashriga ma'lum qildi.

Mori jurnalistlardan birining agar koronavirus bilan bog‘liq vaziyat og‘irligicha qolsa, Olimpiada yana bir yilga surilishi mumkinligi haqidagi savoliga ular bu holda bekor qilinishini aytgan. 

Uning ta'kidlashicha, agar Olimpiada 2021 yilda o‘tkazila olinsa, u holda musobaqalar yanada qadrliroq bo‘ladi.

“Avval Olimpiada faqat urush sababli bekor qilingan, biroq bu safar biz ko‘rinmas dushman bilan kurashmoqdamiz. Agar Olimpiada dunyo virusni yenggandan keyin o‘tkazilsa, unda bu musobaqalar ko‘p karra qadrliroq bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilgan Mori.

Bungacha harbiy harakatlar sababli 1916 yilgi Berlindagi, 1940 yilgi Tokiodagi va 1944 yilgi Londondagi Olimpiadalar bekor qilingan. 

Yaponiya shifokorlari uyushmasi rahbari Yesitake Yekokuraning ta'kidlashicha, agar koronavirusdan vaksina keyingi yilgacha yaratilmasa, unda Tokioda o‘yinlar o‘tkazilishi murakkab vazifaga aylanadi.

Mart oxirida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va Tokio O‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi Olimpiadaning 2021 yilga ko‘chirilishini e'lon qilgandi. Morining ta'kidlashicha, Olimpiadani boshqa surib bo‘lmaydi.

XOQ katta moliyaviy yo‘qotishlarga uchramaslik uchun oxirigacha musobaqalarni ko‘chirishga rozi bo‘lmay kelgan. Eng ko‘p zarar Yaponiyaga yetkazilgan: mamlakat Olimpiadaga tayyorgarlikka 12 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ sarflagan.

Ko‘proq yangiliklar: