Oylar sultoni muborak Ramazon oyi munosabati bilan Kun.uz tahririyati o‘z o‘quvchilariga yangi turkum ko‘rsatuvlarini taqdim etib boradi.
Ko‘rsatuvimizning ilk soni «Vaqt qadri» deb nomlandi. Bu mavzuda so‘z yuritish uchun Toshkent shahar Mirza Yusuf jome masjidi imom xatibi Rahmatulloh domla Sayfuddinovga murojaat qildik.
Islomda vaqt ifodasi
Dini Islomda eng avvalgi mezon – Qur'oni Karim hisoblanadi. Unda zikri kelgan har bir narsa mo‘tabardur. Uning ichida yana alohida mezonlar bor. Uning eng kattasi – Alloh subhanahu taoloning qasam ichib keltirgan narsalari bo‘ladi. Masalan, vaqtni ifoda etgan kalimalarning Qur'onda juda ko‘p kelishligi bir mezon bo‘lsa, ikkinchisi ana shu narsalar bilan Alloh taoloning qasam ichishidir. Albatta, Alloh mayda narsalarga qasam ichmaydi.
Mufassirlar Alloh Qur'onda nima uchun qasam ichgan, degan savolga javob berar ekan, o‘sha tomondagi narsaning qadrini bayon qilish usuli deyishadi. Masalan, Alloh Qur'oni Karimda Al-asr surasining birinchi oyatida «Val asri», deb, asr bilan qasam ichgan. Asr – bu ma'lum vaqtni ifodalovchi so‘z, yuz yillikni anglatuvchi vaqtga asr deyiladi. Yoki zamon ma'nosini beradi. Allohning yuz yillik vaqt – asr bilan qasam ichishi vaqtning mo‘tabarligini ko‘rsatadi.
Bunday oyatlar ko‘p. «Vaz-zuho» – zuho-choshgoh vaqtiga qasam. «Vash-shamsi» – quyoshga qasam. «Val-layli» – kecha bilan qasam. Nima uchun quyosh bilan qasam ichilmoqda? Negaki, Quyosh, Yer va Oyning o‘zaro uzviy harakati bizga – 24 soatlik vaqtni ifoda etadi.
Shu o‘rinda qiziq savol tug‘iladi: Quyosh, Yer va Oy bu bizning galaktikamizda. Fazoning boshqa joylarida-chi? Quyosh, Yer va Oy bo‘lmagan joylarda vaqt qanday o‘lchanadi?
Bu masala Alloh taoloning qudratiga va ilmiga havola qilingan narsa.
O‘tgan asr oxirlarida doktor Muhammad ismli misrlik olim Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgandi. U bir soniyani ming qismga taqsimlab, isbotlab bergandi. Bir soniyaning mingga bo‘linishi vaqt uzayishi, cho‘zilishi deyiladi.
Islomda esa, «Bastu zamon va makon» degan ta'limot – vaqtning cho‘zilishi, kengayishi bor. Masalan, o‘tgan asrlarda shunday bir zotlar bo‘lgan yoki ayrim zamondosh ulamolarning yozgan asarlari bilan tanishsak, ularda ham bizlardagi kabi tashvishlar bo‘lgan, oila, marosimlar, tadbirlar, safarlar bo‘la turib, ularni bunchalik ko‘p ijod qilganliklarini aql ko‘tara olmaydi.
Aql naqldan ustun turadi
Alloh subhanahu va taolo – har bir narsaga, birovning vaqtini to‘xtatib qo‘yishga, cho‘zib yuborishga qodir Zot. Masalan, hazrati Alisher Navoiy aytadilarki, «mulla Abdurahmon Jomiy bir kechada bir kitob yozardilar, odamlar u kitobni oylab o‘qirdi. Alloh Jomiy hazratlarining bir kechasini boshqalarning oylari mislicha cho‘zdirib qo‘yardi».
Alloh Qur'oni Karimda har xil vaqtning har xil namunalari va lahzalar bilan qasam ichgan va bu bekorga emas, balki bizning vaqt qadriga yetishimiz uchun.
Tarixda ba'zi bir umr sohiblari o‘tgan, 35-40-50 yildan ortiq umr ko‘rmaganlar. Ammo ular vaqtlarini unumli taqsim qilib, undan foydalanganlar. Ularning shu qisqa umrini Alloh taolo asrlarga cho‘zib qo‘ydi.
Shu bilan birga, shunday umrlar ham borki, asrdan ortiq cho‘zilgan bo‘lishi mumkin, lekin unutildi. Chunki unumli foydalanilmagan, isrof qilingan.
Vaqt isrofining ko‘rinishlari
Umrning isrofida vaqtning qadrini anglab yetamiz, tushunib yetamiz. Isrof harom qilindi. Isrof vaqtda ham bo‘ladi. Vaqtning isrofiga ham banda javob beradi. Xo‘sh, vaqt isrofi qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: «Qiyomat kuni odam bolasining oyog‘i yerdan uzilmasdan turib, undan 4ta narsa haqida savol-javob bo‘ladi». Bu savollar hali tarozu, hali Sirot ko‘prigi, nomai a'mollardan avval bo‘ladi; ya'ni uning dini, iymoni va payg‘ambaridan avval nima haqida so‘raladi?
Inson umri haqida so‘raladi (qayerga fano qildi, nimalarga sarfladi, behuda o‘tkazdimi?). Ikkinchisi, yoshligi haqida so‘raladi (yoshligidan nimalarga mubtalo bo‘ldi, yoshlik-beboshlik deya o‘tkazib yubordimi yoki yoshlikda xotira yaxshi bo‘ladi, deya ilm oldimi? Yoshlikda olingan ilm toshga o‘yilgan naqshdir, maqolini hammamiz eshitganmiz, axir).
Uchinchisi, inson ilmi haqida so‘raladi (ya'ni ilmiga qanchalik amal qildi? Chunki ilmning o‘zi insonga hech qachon saodat bermaydi, amali bo‘lmasa. Amal bo‘lsagina, ilm insonga omad, baxt-saodat beradi). To‘rtinchisi, mol-dunyo haqida so‘raladi. Ammo bunda avvalgilardan farqli ravishda, 2ta narsadan so‘roq qilinadi: qayerdan topdi (haloldanmi, haromdanmi?) va qayerga sarfladi (halolga sarfladimi, odamlarning manfaatigami yoki o‘zim pul topdim, deb maishati yo‘lida sarflab yubordimi?)
Demak, shu 4ta savolning avvalgi 2tasi umrga, vaqtga doir bo‘lmoqda: Yoshlik va umumiy umr.
Xoliqni rozi qilish xalqni rozi qilish bilan bo‘ladi
Alloh bandasiga qancha umr bergan bo‘lmasin, bunda ma'lum maqsad yotadi. Bu Qur'oni Karimda qanday ifoda qilingan? «Jinlarni va insonlarni O‘zimga ibodat qilishlari uchun yaratdim», – deydi Alloh taolo.
Bu yerda ibodat so‘zini kengroq tushunishimiz darkor. Ibodat – masjidda o‘tirib olib faqat namoz o‘qish yoki ro‘za tutish emas. Ibodat – bu dunyoda har bir ishni, har nafasni ma'lum bir maqsad sari, ya'ni Allohni rozi qiladigan ishlarning barchasi ibodat bo‘ladi.
Alloh taoloni rozi qilish qanday bo‘ladi? Xoliqni rozi qilish uchun xalqni, ya'ni odamlarni rozi qilish kerak. Yaratganni eng rozi qiladigan yo‘l mana shu.
Bu narsa Rasululloh alayhissalomning hadislarida juda ajoyib tarzda bayon qilib berilgan:
«Qiyomat kuni do‘zax ahli yo‘l chetiga terib qo‘yiladi. Ularning oldidan jannat ahli olib o‘tiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad – jannat ahlining faxrini ziyoda qilish, do‘zax ahlining xorligini ziyoda qilishdir. Shunda do‘zaxiylardan biri jannatiylardan birini tanib qolarkan va derkanki, ey falonchi, meni tanimadingmi, men senga suv bergandim, sen chanqog‘ingni qondirganding. Yana biri, boshqa biriga men senga tahorat suvi qilib bergandim, sen Robbingga ibodat qilganding, deya o‘zining yaxshilik qilganini eslatib, jannat ahlidan shafoat umid qilarkan.
Shunda, jannat ahlidan bo‘lgan banda Allohga yolvorib, bu bandang, hayoti dunyodalik vaqtida menga haqiqatda suv berib, chanqog‘imni qondirgan edi, uni mag‘firat qil, deb so‘raydi. Alloh taolo jannat ahlining shafoatini qabul qiladi hamda jannat ahliga bu dunyoda suv bergan do‘zax ahlidan bo‘lgan odamni mag‘firat qilib, jannat ahliga qo‘shib yuboradi», dedilar Payg‘ambar alayhissalom.
Vaqtni yo‘naltirish bandaning ixtiyoriga berilgan
Vaqtdan unumli foydalanish, uni maqsad sari yo‘naltirish kun tartibi, kun rejasi qilish evaziga vaqtini barakali qilish bandaning ixtiyoriga berilgan narsa. Har bir inson o‘z vaqtini taqsimlab olishi zarur. Shunday qilmasa, istasin-istamasin, vaqt isrof qilinadi. Ya'ni oldindan reja bo‘lmasa, biror ishni rejalaguncha ham vaqti isrof bo‘ladi.
Ajdodlarimizda kechqurun uyquga ketishdan avval, ertangi kun rejasi mavjud bo‘lgan. Har bir daqiqa taqsimlangan bo‘lardi. Rahmatli ustozimiz ham tajribalarida buni ko‘rsatib berar edilar. Ya'ni vaqtni to‘g‘ri taqsimlash orqali barcha narsga ulgurish mumkinligini aytar edilar.
Tolib Rahmatov suhbatlashdi
Tasvirchi Nuriddin Nursaidov