Neft narxi arzonlashi Rossiya budjetiga qancha zarar keltirishi hisoblab chiqildi

Iqtisodiyot 00:46 / 24.04.2020 24482

Bunday holat neft savdosi tarixida kuzatilmagandi. «Manfiyga qulash»ga sabab bo‘lgan qator omillar keltirildi. Eng jo‘yali sabab – neft omborlarining to‘lib bo‘lganidir. Neft tashiydigan tankerlar o‘ziga ortilgan «qora oltin»ni nima qilishni bilmay turgan bir vaqtda omborlarni bo‘shatish uchun ayrim neft yetkazib beradigan kompaniyalar narxni rekord darajada arzonlashtirishga majbur bo‘ldi. Hatto neftni olib ketadiganlarga komissiya ko‘rinishida pul ham to‘landi.

22 aprelga kelib narxlar biroz «o‘ziga keldi». WTI navli neftning bir barreli 11,47 dollarga ko‘tarildi, Brent navli neftning 1 barreli 16 dollarga arzonlashdi. Bu ketishda davom etsa va talab ko‘paymasa, narx yana arzonlashi taxmin qilinmoqda. Bunday sharoitda neft qazib olish va uni eksport qilishda yetakchilardan bo‘lgan Rossiya iqtisodi qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Xalqaro ekspertlar allaqachon neft narxi arzonlashib ketishi ortidan Rossiya iqtisodiyoti qancha zarar ko‘rishi mumkinligini hisoblashga tushib ketishdi.

20 apreldagi manfiyga tushish faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri WTI navli neft uchun bo‘ldi va -40 dollarlik fyuchers shartnomalari atigi bir kun davomida tuzildi. Ular may oyida yetkazib berish bo‘yicha tuzilgandi. Boshqa navdagi neft narxi bu darajada keskin tushib ketmadi.

WTI narxi nega bunchalik pasayib ketganini hech kim aniq tushuntirib berolmayapti. Agar narx tushishiga asosiy sabab omborlar to‘lib ketgani bo‘lsa, nega unda boshqa navdagi neftlar narxi bunchalik keskin arzonlashmay, faqat WTI navli neft narxi arzonladi?

Qisqasi, 20 aprelda birjalarda faqat WTI narxi keskin arzonlaganiga jo‘yali bir izoh yo‘q. Hozircha izohlarning aksariyati taxmin ustiga qurilgan.

Agar umumiy holatga qaraydigan bo‘lsak, neft narxi jahon iqtisodiyotining ayni damdagi holatiga tutilgan ko‘zgu bo‘ldi. Koronavirus tufayli jahon iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashar ekan, unda asosiy xomashyolardan biri bo‘lgan neftga talab kamayishi va uning narxi arzonlashishini taxmin qilish qiyin emas edi.

Neft bugun koronavirus pandemiyasi davom etayotgan paytda ham dunyodagi eng muhim energiya manbayi bo‘lib qolmoqda. Neft eksport qiluvchi davlatlarga faqat shu tasalli bo‘lishi mumkin.

Budjeti va yalpi ichki mahsulot hajmining salmoqli qismini neft eksporti tashkil etadigan Rossiyani yaqin kelajakda nimalar kutmoqda? Neft arzonlashi bu mamlakatga qanday ta'sir qiladi?

22 aprel kuni ertalab rubl kursi Brent neft narxining keskin pasayishi fonida yana pasaydi va 1 AQSh dollari 77 rubl qiymatda baholandi. Agar neft narxi yana pasayishda davom etsa, rubl yana qadrsizlanib boraveradi. Hozircha neft narxi masalasida faqat barcha uchun yomon holatlar aytilmoqda: agar koronavirus balosi tezroq daf bo‘lmasa neft narxi nol qiymatga yetishi mumkin. Ana shunda rublning ahvoli nima bo‘ladi, hozircha aniq emas.

Ammo Rossiya tomoni bunday fikrda emas. Kreml targ‘ibotchilari neft narxi arzonlashishi ortidan rubl o‘z qiymatini yanada yo‘qotishi mumkinligini shunchaki ig‘vo deb baholamoqda.

The Bell nashri «Alfa-bank» tahlilchisi Natalya Orlovaning hisob-kitoblariga asoslanib, quyidagi taxminlarni keltiradi: «Agar biz Urals narxlari kelasi ikki oyda 1 barrel neft uchun 10-15 dollarni tashkil qiladi deb taxmin qilsak (ya'ni, hozirgi narxda saqlanib qolsa), faqat shu ikki oyda Rossiya budjeti neft eksporti ortidan keladigan 780–860 milliard rubl yo‘qotishi mumkin. Agar narx undan ham arzon bo‘lsa, unda budjet kamomadi ham ko‘proq bo‘ladi. Ma'lumot uchun, yil boshidagi budjet taqsimotida neftning bir barreli minimum 42 dollar bo‘lishi hisobga olingan.

Taqqoslash uchun, inqiroz davrida hukumatning mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy ko‘magini Alfa-bank iqtisodchilari 340 milliard rubl bo‘lishini taxmin qilishmoqda. Demak, ikki oylik yo‘qotishlar davlat iqtisodiyot uchun yordam tariqasida ajratayotgan mablag‘dan uch barobar ko‘p bo‘ladi.

Yo‘qotishlar ko‘lami salmoqli bo‘lishi taxmin qilinayotgan bo‘lsa ham, ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, Rossiya budjeti Milliy farovonlik jamg‘armasi hisobiga zarbani yengib o‘tadi. Masalan, «Metallinvestbank» xodimi Sergey Romanchuk Rossiya nafaqat neft narxi pasayib ketishi ortidan duch keladigan muammolarga, balki rublning qadrsizlanishiga ham yil davomida bardosh bera oladi deb hisoblaydi.

Rossiyaga umid bag‘ishlayotgan holat shuki, neft narxi har doim bir xil turmaydi. Bugun narx arzonlagan bo‘lsa, ertaga yana ko‘tarilishi mumkin.

Bugun aksariyat iqtisodchilar, uchinchi chorakdan boshlab jahon iqtisodiyoti sezilarli darajada jonlana boshlaydi degan fikrga qo‘shiladi. Xitoy allaqachon iqtisodni jonlantirish harakatlarini boshladi. Xitoy dunyodagi eng yirik neft iste'molchisi ekanini inobatga olib tahlilchilar u holatni kuzga borib jahon bo‘ylab neftga bo‘lgan talab osha boshlaydi va neft narxi ko‘tariladi deb baholamoqda.

Yaqinda Rossiya ham qatnashgan va manfaatli tomon sifatida imzolagan OPEK+ kelishuvi 1 maydan kuchga kiradi. Bugungi kunda neft bozorini kuzatadigan tahlilchilar neft qazib chiqarishda kelishilgan qisqartirishlarni aniq emas deb baholaydi. Bunga sabab OPEK+ neft qazib olishni dunyo bo‘ylab kuniga 9,7 million barrelga kamaytirish haqida kelishuvga erishgan bo‘lsa ham, bu ish ortidan neft narxi ko‘tarilish o‘rniga badtar tushib ketdi. Agar gap neft qazib olishni yanada kamaytirish haqida ketayotgan bo‘lsa, neft qazib oluvchi barcha davlatlar ham odatda bunga ko‘navermaydi. Hamma ko‘proq qazib olish va sotish payida bo‘ladi.

Neft narxi yanada pastlab ketishi oldini olish uchun G20 doirasida yana qanaqadir kelishuvlar imzolanishi mumkin. Ammo koronavirus chekinmasa, yangi kelishuv ham aytarli naf bermaydi va neft narxi tushishda davom etaveradi.

Yaqin kelajakda neft narxi qanday bo‘lishiga kelsak, voqealar shunchalik tez rivojlanyaptiki, turli taxminlar ham ortda qolib ketishi aniq. Masalan, Wintershall Dea kompaniyasining so‘nggi taxminlariga ko‘ra, 2020 yilda Brent neftining o‘rtacha narxi 1 barrel uchun 30 dollarni tashkil etishi kerak edi, ammo bu taxmin o‘zini oqlamayapti.

Bunday holatda Rossiyaning taqdiri qanday bo‘lishi bashoratini ancha yillar avval «Tunni amallab o‘tkazsak, ixtiyorimizda yana bir kun bo‘ladi», deb mashhur siyosatchi Yegor Gaydarning bobosi yozuvchi Arkadiy Gaydar aytgan edi. Rossiya hozir tunni o‘tkazmoqda, sabr qilsa yorug‘ kunga yetishi mumkin.

Har qanday holatda, 20 apreldagi neft bilan bo‘lib o‘tgan hodisalar tarixda qoldi. Nafaqat iqtisodiy tarixda, balki o‘sha taloto‘p kun o‘yinchilari xotirasi va ruhiyatida saqlanib qoladi. Bozor har doim ruhiyatni tarbiyalagan va o‘yinchilar o‘zlarining tajribalaridan quyidagi iboraning muallifi Nitsshening haq ekanligiga amin bo‘lishgan: «Agar sen uzoq vaqt tubsizlikka qarasang, unda tubsizlik ham senga qaraydi».

G‘ayrat Yo‘ldosh

Ko‘proq yangiliklar: