Sport qachon qaytadi?

Sport 19:05 / 23.04.2020 19454

Chempionlar Ligasi – (7 avgust)

O‘tkazilmay qolgan javob uchrashuvlari 7-8 avgust kunlariga rejalashtirilmoqda. Shundan so‘ng, UYeFA har 3-4 kunda o‘ynash va finalni 29 avgustga belgilashni ko‘zlayapti. Shuningdek, chorak finaldan boshlab, raqiblar uy-safar emas, bir martadan o‘ynash orqali g‘olibni aniqlash tizimi kiritilishi ham mumkin.

Yevropa Ligasi (2 avgust)

Xuddi shunday. Nimchorak finalning «Sevilya» – «Roma» va «Inter» – «Xetafe» juftliklari o‘tkazilmay qolgandi. Bu o‘yinlar 2-3 avgust kunlarida o‘tkazilib, keyin barcha javob uchrashuvlar 6 avgustga mo‘ljallanmoqda. Chorak finallar 10 va 13 avgust, yarim finallar 17 va 20 avgust, final esa, 27 avgust kuni Gdanskda bo‘lib o‘tishi mumkin.

APL (8 iyun)

Televideniyedan tushadigan yuz millionlab mablag‘ni yo‘qotmaslik uchun inglizlar har qanday sharoitda ham mavsumni yakunlab qo‘yish niyatida. Rejaga ko‘ra buning uchun besh hafta ketadi. O‘yinlar esa, iyun oyida boshlanishi mumkin. APLda jamoalar yana 9-10tadan o‘yin o‘tkazishi kerak.

La Liga (29 may)

Ispaniya futbol federatsiyasi chempionatni mana shu holatda yakunlab qo‘ya qolishni talab qildi, ammo Liga ko‘nmadi. Shundan so‘ng, federatsiya rahbari Luis Rubiales va Liga rahbari Xaver Tebas qariyb 8 soat davom etgan muzokaralarda qatnashishdi va turnirning davomini o‘ynashga kelishib olishdi.

A Seriya (31 may)

Bu yerda ham deyarli hamma mavsumni davom ettirishni istamoqda. Yaqinda «Breshia» prezidenti agar mavsum tiklanadigan bo‘lsa, jamoasiga unda qatnashishni taqiqlashini ham aytgandi. Avvaliga kamida 7 jamoa chempionat davom ettirilmasligini istayotgandi, lekin so‘nggi majlisda hamma bir ovozdan chempionat davom ettirilishiga rozi bo‘ldi.

Bundesliga (9 may)

9 mayda Bundesliga boshlanishi haqidagi gaplar mish-mish emas, balki Germaniya futbol ligasi direktori Kristian Zayfertning bayonotidir. Nemislar eng kam risk bilan mashg‘ulotlar va uchrashuvlarni o‘tkazish rejasini ishlab chiqdi. Tabiiyki, o‘yinlar tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.

Liga 1 (3 yoki 17 iyun)

Hisob-kitoblarga qaraganda, Fransiya klublari chempionat to‘xtatilishidan bir oyda umumiy 250 million yevro yo‘qotadi. Tabiiyki, fransuz klublari ham turnir davom etishidan manfaatdor. «Nega ishchilarni ishga borishga majbur qilyapmiz, futbolchilarni esa, yo‘q?», deya o‘rinli savol berdi yaqinda «Nant» prezidenti.

Lekin ikki haftadan beri mavsumni davom ettirishning yangi sanalari haqida xabar chiqmayotgandi. Ligada ikki xil variant bor: agar hammasi yaxshi bo‘lsa, o‘yinlar 3 iyundan, yomonroq holatda 17 iyundan boshlanishi mumkin.

RPL (iyun o‘rtalarida)

27 aprel kuni klublar chempionatni tomoshabinlarsiz davom ettirilishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi. Katta ehtimol bilan, aynan o‘sha kuni aniq sanalar ham kelishib olinishi mumkin. Ammo ba'zilar, masalan, «Spartak» xo‘jayini Leonid Fedunning aytishicha, tomoshabinlarsiz o‘ynash qo‘shimcha zarar, undan ko‘ra, umuman o‘ynamagan yaxshi. Tabiiyki, RPLda xuddi APL yoki boshqa Yevropa Ligalari kabi, ulkan TV shartnomalar yo‘q.

Erediviziya (bekor qilinishi mumkin)

Niderlandiyada barcha ommaviy tadbirlar hukumat tomonidan 1 sentyabrgacha taqiqlandi. Demak, futbolchilarda imkoniyat kam, shuning uchun Federatsiya chempionatni shu holicha to‘xtatmoqchi.

UYeFA bilan kelishmovchiliklar chiqsama kerak. Belgiyada mavsumni tugatishganda, UYeFA ushbu mamlakat klublarini yevrokuboklardan diskvalifikatsiya qilish bilan tahdid qilgandi, lekin Yevropada bunday holatlar yana bo‘lishi mumkinligini e'tiborga olib, vaziyatni ochiq qoldirdi. Tashkilot hatto agar ligalar to‘xtatilsa, yevrokuboklarda qaysi jamoalar ishtirok etishi mumkinligi haqida ham bosh qotirib ko‘rmoqchi. 

«Formula-1»: butunlay mavhum.

NXL: butunlay mavhum

 Basketbol (mayda aniq bo‘ladi)

NBAda ham hozircha barchasi noaniq. «Biz biror qaror qabul qilish vaziyatida emasmiz va bunday holatga qachon kelishimiz ham aniq emas», – dedi NBA komissioneri Adam Silver.

Yevroliga pley-off tashkil qilmoqchi, ammo regulyar o‘yinlardan keyingina buning iloji bor. Buning ham qachon bo‘lishi noma'lum. «Yedinaya Liga» yopilib bo‘ldi va yangi mavsumni oktyabrda boshlashmoqchi.

Tennis (13 iyuldan keyin)

Iyul oyidagi turnirlarni ham bekor qilish boshlandi – hammasi mahalliy hukumatlarning taqiqlari tufayli. Shu bilan birga, Germaniya, Fransiya, Britaniya, Nadalning Malorkadagi akademiyasida turli norasmiy turnirlar tashkil qilish rejalari ham bor. Albatta, tomoshabinlarsiz, ammo translatsiyalar, stavkalar, yutuq fondlari va reglamentlar bo‘ladi.

UFC (9 may)

To‘g‘ri, hatto Deyn Ueytning aniq bayonotlari ham ba'zida amalga oshmay qolyapti, ammo reja bo‘yicha, turnir 9 may kuni Floridada bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: