Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyati bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinadi

O‘zbekiston 09:08 / 22.04.2020 8150

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Maktabgacha ta'lim vazirligining Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • ta'lim mazmuni va sifatini oshirish, raqobatbardosh, yuqori bilim va ko‘nikmalarga ega oliy ma'lumotli pedagoglar tayyorlashda samarador bo‘lgan pedagogik ta'lim innovatsion klasterlarini joriy qilish;
  • zamonaviy axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan, o‘z kasbiga sadoqatli yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash;
  • ilg‘or xorijiy tajribalar asosida pedagogik ta'lim sohasining ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini takomillashtirish;
  • o‘quv jarayonini tashkil etishda bo‘lajak pedagoglarda faollik va iroda, yetakchilik, ong va o‘zini anglash, mustaqil fikrlash, qaror qabul qilish, nutqiy ravonlik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga asosiy e'tibor qaratish;
  • pedagogik ta'lim sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali ta'lim sifatini yaxshilash va zamonaviy pedagog kadrlarni shakllantirish jarayonlari samaradorligini oshirish;
  • sohadagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish;
  • xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlariga stajirovka o‘tash va malakasini oshirishga yuborish orqali Institut ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish,
  • o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni xalqaro standartlarga mos keladigan zamonaviy qurilmalar hamda asbob-uskunalar bilan jihozlash orqali natijadorligi va samaradorligi yuqori bo‘lgan ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish;
  • talabalarning ijtimoiy himoya qilish, jumladan, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligini oshirish;
  • maktabgacha va umumiy o‘rta ta'lim muassasalari, mahallalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, talaba yoshlarni vatanga, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Xalq ta'limi va Maktabgacha ta'lim vazirliklari bilan kelishgan holda Chirchiq shahar, Sh.Rashidov ko‘chasi 53-uy manzilida joylashgan 8-sonli umumiy o‘rta ta'lim hamda Chirchiq shahar, Profsoyuznaya ko‘chasi, 22a-uy manzilida joylashgan 30-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari ishtirokida Institutning pedagogik ta'lim innovatsion klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Belgilanishicha:

Institut pedagogik ta'lim innovatsion klasterda ishtirok etayotgan ta'lim muassasalarining ta'lim jarayoniga metodik jihatdan rahbarlik qiladi;

pedagogik ta'lim innovatsion klasteri ishtirok etayotgan ta'lim muassasalaridagi ta'lim jarayonlarini o‘zaro muvofiqlashtiradi va uzluksizligini ta'minlaydi;

Institut har yili pedagogik ta'lim innovatsion klasterida ishtirok etayotgan umumiy o‘rta ta'lim muassasasi(lar)da iqtidorli yoshlarni aniqlash maqsadida kimyo, biologiya, fizika, matematika va boshqa fanlardan olimpiadalar o‘tkazadi;

pedagogik ta'lim innovatsion klasterida ishtirok etayotgan ta'lim muassasalarining amaldagi moliyalashtirish tartibi saqlab qolinadi.

Institutga O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida pedagogik ta'lim innovatsion klasteri doirasida ta'lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja, fan dasturlarini mustaqil ishlab chiqish, tasdiqlash va joriy etish huquqi beriladi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Institutda o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Institut talabalari uchun dala amaliyotini samarali tashkil etish maqsadida amaliyot bazasi sifatida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Bo‘stonliq tumani, Burchmulla qishlog‘ida joylashgan, sobiq Bo‘stonliq o‘rmon xo‘jaligi va servis kasb-hunar kollejining bino va inshootlari, yer maydonidan Institut ijara to‘lovisiz belgilangan tartibda foydalanish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi Institutning ilmiy va pedagog xodimlarini 2021-2025 yillarda yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-texnologik markazlarida 6 oygacha bo‘lgan muddatli maqsadli stajirovkalarini tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: