«Barselona» klub stadionining nomini sotuvga qo‘ydi. Tushgan pul koronavirusga qarshi kurashda ishlatiladi

Sport 22:05 / 21.04.2020 5603

Bu haqda klub rasmiy saytida e'lon qilingan.

Manbada aytilishicha, 2020/21 yilgi mavsum uchun «Barselona» klubiga tegishli va «Kamp Nou» deb ataladigan afsonaviy stadion nomi homiylik shartnomasi asosida sotiladi. Undan tushadigan pul esa Ispaniya va dunyoda koronavirusga qarshi kurash uchun ishlatiladi.

Klub tarixida hech qachon stadion nomi homiylik asosida sotilmagan. 1957 yilda qurilgan stadion barpo etilganidan buyon «Kamp Nou» deb ataladi. Bu katalonchada «yangi maydon» degan ma'noni anglatadi. Stadion o‘z bag‘riga 99 354 muxlisni sig‘dira oladi.

Shu o‘rinda bu savdodan qancha pul tushishi mumkin degan savol tug‘iladi. Yevropada stadionlarning nomini homiylik shartnomasi asosida sotish yangilik emas. Masalan, «Arsenal», «Manchester Siti», «Bavariya» kabi klublar stadionlari nomini homiylik asosida sotgan. Bir necha yil avval Fly Emirates kompaniyasi Madridning «Real» klubi stadioni nomini butunlay sotib olish uchun 300 million yevro taklif qilgandi. Ammo Madrid superklubi taklifni rad etib, afsonaviy futbolchisi Santyago Bernabeu sharafiga atalgan stadion nomini o‘zgartirmasligini ma'lum qilgandi.

«Barselona» stadionining bir yillik nomlanishini sotishdan taxminan 25-30 million yevro ishlashi mumkin. Agar biror xayriya tashkiloti «Kamp Nou» nomini sotib olish orqali o‘z mavqeyini mustahkamlashni xohlasa, summa kattaroq bo‘lishi ham mumkin.

Ma'lumot uchun, Ispaniyada koronavirus yuqtirganlar soni 200 mingdan oshib ketdi. Kasallik mamlakatda 21 mingdan ko‘proq insonning o‘limiga sabab bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: