Jahon banki «COVID-19ga qarshi kurash» nomi ostida Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotiga oid yangi hisobotini taqdim etdi.
Unga ko‘ra, pandemiya sharoitida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti o‘sishi keskin qisqarib, 2020 yilda 1,6 foizni tashkil etishi prognoz qilingan.
Ta'kidlanishicha, mamlakatda iqtisodiy holati eng yomon aholi qatlami daromadlari 50 foizdan ortiqroqqa kamayib ketishi mumkin.
Soliq tushumlarining kamayishi va inqirozni yumshatish xarajatlari tufayli budjet defitsiti 2020 yilda YaIMning 5,6 foiziga, 2021 yilda 4,7 foiziga yetishi taxmin qilinmoqda.
Inflatsiya 2020 yilda 15,8 foiz, keyingi yillarda 14,8 va 12,0 foizga teng bo‘lishi mumkin.
«Ijobiy tomondan esa, oltin va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti barqarorligicha qolishi kutilyapti, ammo narxlar o‘zgaruvchanligi sezilarli ravishda yuqori bo‘lishi mumkin», deyiladi hisobotda.
Shu bilan birga, mamlakat iqtisodiyoti yil so‘ngiga borib o‘nglana boshlaydi va 2021 yilda 6,5 foiz, 2022 yilda 5,5 foizlik o‘sishga erishadi, deya xulosa qilingan.
Qayd etish kerak, YaIM o‘sishining 1,6 foizlik prognozi reallikka ko‘chgan taqdirda, bu – O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun 1995 yildan keyingi eng past o‘sish ko‘rsatkichi bo‘ladi. O‘sha yili mamlakat YaIM -0,9 foizni tashkil etgan. 2002 yildan keyingi davrda o‘sish sur'atlari 4 foizdan kam bo‘lmay kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Osiyo taraqqiyot banki e'lon qilgan hisobotda O‘zbekiston iqtisodiyoti sekinlashib, yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2020 yilda 4,7 foizni tashkil etishi prognoz qilingan edi.