Tanqidga javob: «Boysun – Oqqapchig‘ay» sel yo‘lini tuzatish uchun 2 mlrd 170 mln so‘m ajratiladi

Jamiyat 16:27 / 08.04.2020 7145

Maqolada Qumqo‘rg‘on tumanidagi Oqtom qishlog‘idan o‘tuvchi Oqqapchig‘ay selgasidan oqayotgan sel oqimlari tuproqni yuvib yuborib, jarlik hosil qilayotgani, tuproq o‘pirilib, tobora turarjoylar tomon yaqinlashib kelayotgani haqida bayon qilingan.

Ushbu masala yuzasidan Qumqo‘rg‘on tuman hokimi R.Gapparov boshchiligidagi ishchi guruhi 2020 yilning 4 aprelida «Oqtom» mahallasi fuqarolari bilan uchrashgan edi.

«Oqtom» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi «Boysun – Oqqapchig‘ay» sel yo‘lining 600 metr uzunlikdagi o‘zanini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash uchun joriy yilda Respublika budjet mablag‘idan 2 milliard 170 million so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘larning ajratilishi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2019 yil 6 dekabrdagi 607-sonli buyrug‘i hamda hukumat komissiyasining 2020 yil 19 martdagi 1-sonli yig‘ilish bayonida keltirilgan.

Tuman hokimligi tomonidan xavfsiz joyga ko‘chirilishi lozim bo‘lgan aholi uchun 90-dala konturidan tuman hokimligi zaxirasidan har bir xo‘jalikka 0, 15 ga yer maydoni yer ajratib berish to‘g‘risidagi taklifi fuqarolar tomonidan bir necha bor rad etilgan.

Bundan tashqari, 2019 yilning 28 noyabrida tuman hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Moliya vazirligi ishtirokida tuzilgan «Mulkdorlarga tavon pullarini qonun hujjatlariga muvofiq bozor qiymati asosida haqqoniy to‘lanishini nazorat qilish bo‘yicha» ishchi guruhiga 309/01-36-sonli xat chiqarib, 5ta xo‘jalik turar joy binolari uchun 582 mln 644 ming 888 so‘m miqdorida baholangan kompensatsiya to‘lovlarini to‘lab berishni so‘ragan.

2020 yilning 7 aprelida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov topshirig‘iga binoan o‘rgangan ishchi guruh «Oqtom» mahalla fuqarolari bilan uchrashib, kompensatsiya pulini to‘lab berish va sel o‘zanini o‘zgartirish bo‘yicha zaruriy choralar belgilandi.

Qumqo‘rg‘on tuman hokimi — Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2020 yilning 1 apreldagi buyrug‘iga asosan 5–15 aprel kunlari «Oqtom» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi «Boysun – Oqqapchig‘ay» sel yo‘lining o‘zanini to‘g‘rilash va qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha maxsus taktik o‘quv mashqlari o‘tkaziladi», — deyiladi Qumqo‘rg‘on tuman hokimligining Kun.uz saytiga yo‘llagan munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: